To‘qimachilik sohasidagi qo‘shimcha imkoniyat va vazifalar ko‘rsatib o‘tildi

13 Avg 2025

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 13-avgust kuni to‘qimachilik sohasida eksport imkoniyatlari va zaxiralarni ishga solish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

To‘qimachilik mamlakatimiz iqtisodiyoti hajmining 3 foizini, sanoatning 14 foizini yaratayotgan yirik tarmoqdir. Bu yo‘nalishda 500 mingdan ortiq odam ish bilan band. So‘nggi besh yilda 3,5 milliard dollarlik 396 ta korxona ishga tushdi. Ishlab chiqarish hajmi 10 milliard dollarga yetdi.

Lekin dunyo bozoridagi o‘zgaruvchan vaziyat, talab va narx pasayishi sohani qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tezkor choralar ko‘rishni taqozo etmoqda.

So‘nggi uch yilda jahonda paxta narxi tonnasiga o‘rtacha 3 ming dollardan 1,5 ming dollarga tushdi. Bunga moslashish uchun 2022-2023-yillar uchun paxta xomashyosiga berilgan imtiyozli kredit 3 marta uzaytirildi, o‘tgan yili har bir tonnaga 1 million so‘mdan subsidiya berildi.

Ko‘plab to‘qimachilik korxonalarining tijorat kreditidan qarzdorligi bor. Atigi 16 foiz korxona xalqaro sertifikatga ega. Oqibatda ularning tashqi bozorda raqobat qilishi qiyin kechmoqda.

O‘zbekistonga nisbatan “paxta boykoti” bekor qilinganiga ancha bo‘ldi. Shuningdek, mamlakatimiz Yevropaga bojsiz eksport qilish imkonini beruvchi “GSP+” imtiyozlar tizimiga qo‘shilgan. Lekin brendlar bilan hamkorlik va eksport miqyosi bunga yarasha emas.

Sohadagi shu kabi muammolarni o‘rganish uchun, Prezident topshirig‘iga ko‘ra, 200 dan ortiq tadbirkorlar bilan muloqot qilindi. Yig‘ilishda ularning tahlilidan kelib chiqib, yangi imkoniyat va vazifalar belgilandi.

Avvalo, moliyaviy sog‘lomlashtirish va tannarxni kamaytirish masalalariga e’tibor qaratildi.

Bu yil klasterlarning 2022-2023-yillar hosili uchun kreditdan qarzdorligi garov qo‘yish sharti bilan besh yilgacha uzaytirilgan edi. Endi, 1-avgustdan garovi tayin klasterlar faqat asosiy qarzni to‘laydi. Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasi va banklarga hisoblanadigan foizlar esa asosiy qarz to‘liq qoplanganidan keyin undiriladi. Agar klasterlar ham asosiy qarz, ham foizini o‘z vaqtida to‘lasa, foizning jamg‘armaga ketadigan qismining yarmi tadbirkorga qaytariladi.

Shuningdek, klasterlarga 2022-2023-yillar hosili uchun berilgan kredit bo‘yicha 1-avgust holatiga yuzaga kelgan 377 milliard so‘mlik penyadan voz kechiladi. Tijorat kreditidan majburiyati bo‘lgan 144 ta korxonani moliyaviy sog‘lomlashtirishga ko‘maklashiladi.

Bu yilgi paxta hosilini o‘z vaqtida terib olish uchun fermerlarga tonnasiga 1 million so‘mdan subsidiya beriladi. Korxonalar o‘z mablag‘i hisobidan paxta yetishtirsa yoki xarid qilsa, xomashyo qiymatining 10 foizi qoplab beriladi.

Endilikda to‘qimachilik zanjiridagi barcha korxonalarga ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz qilib belgilanadi. Bunda ijtimoiy reyestr bo‘yicha talab bekor qilinadi, umumiy faoliyatda to‘qimachilik ulushiga talab esa 90 foizdan 70 foizga tushiriladi.

O‘z xodimlarining bolalari uchun bog‘cha tashkil qilgan korxonalarga, xuddi xususiylardagi kabi, har bir tarbiyalanuvchi bo‘yicha subsidiya ajratiladi.

Ip-kalavaning tannarxiga elektr energiyasi qiymati ham ta’sir qilyapti. Shu bois endi korxonalarga o‘z ehtiyoji uchun o‘rnatilgan quyosh panellarini tarmoqqa ulashga ruxsat beriladi.

Bunday imkoniyatlar faoliyatni rivojlantirish uchun tayanch bo‘ladi. O‘zida tolani qayta ishlash quvvati yo‘q klasterlar ip-yigiruv korxonalari bilan samarali kooperatsiya tizimini yo‘lga qo‘yishi zarur. Aks holda, keyingi yildan ularning klaster maqomi bekor qilinadi va paxta hosili uchun imtiyozli kredit berilmaydi.

Hukumatga bunday klasterlar uchun jozibador moliyaviy choralar joriy qilish topshirildi.

Yig‘ilishda ishlab chiqarish va eksportni oshirish masalalari ham atroflicha tahlil qilindi.

Yurtimizda tayyorlanayotgan ip-kalava va matoning narxi raqobatchilarga nisbatan o‘rtacha 10-15 foiz yuqori. Chunki mahsulotlarimiz tarkibining 90 foizi paxta. Dunyoda esa sun’iy tola va aralash mato ko‘p ishlatiladi.

Shu bois korxonalarimizni arzon xomashyo bilan ta’minlash maqsadida 2028-yil 1-yanvargacha aralash mato va gazlama bojxona bojidan ozod etilishi belgilandi.

Endi bir nechta bo‘yoq korxonalari birlashib, suv tozalash inshootini qurmoqchi bo‘lsa, xarajatining bir qismi Savdoni rivojlantirish kompaniyasidan qoplab beriladi.

Eksportchi korxonalarga tumanlarda filial ochish uchun Savdoni rivojlantirish kompaniyasidan besh yil muddatga 10 milliard so‘mgacha Markaziy bank asosiy stavkasida kredit ajratiladi. Xorijlik dizayner, texnolog, konstruktor va marketologlarning oylik maoshi qoplab beriladi. Faqat sharti – 200 ta ish o‘rni ochish va odamlarga munosib ish haqi to‘lash kerak.

Dunyo bozorlariga chiqishda eng muhim masala – sifat va standart. Shu bois Texnik tartibga solish agentligiga to‘qimachilik korxonalarining xalqaro sertifikat olishiga ko‘maklashib, ularni 300 taga yetkazish vazifasi qo‘yildi.

Yevropa va AQSH bozoriga tayyor kiyim-kechak eksportini kengaytirish muhimligi ta’kidlandi. Xususan, Amerikada yiliga qariyb 100 milliard dollarlik to‘qimachilik bozori bor. Talabga moslashish orqali unda o‘rin egallash mumkin. Shu maqsadda Nyu-York va Sent-Luis shaharlarida savdo uylari ochish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Tashqi ishlar vazirligi va elchilarga yirik brendlar bilan hamkorlik bo‘yicha “yo‘l xaritasi” ishlab chiqish, ularni Toshkentda bo‘ladigan yirik ko‘rgazmaga taklif qilish topshirildi.

Korxonalar faoliyatida sun’iy intellektni qo‘llash orqali daromadni 20-30 foizga oshirish hamda yashirin iqtisodiyot omilini kamaytirish mumkinligi qayd etildi. Bu borada to‘qimachilik korxonalarida “ERP” tizimini joriy qilish bo‘yicha dastur ishlab chiqiladi.

Yig‘ilishda tashkiliy masala ham ko‘rildi. Jahonda savdo qoidalari tez o‘zgarayotgan sharoitda soha boshqaruvida alohida yondashuvga zarurat tug‘ilayotgani aytildi.

Shu bois Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi tashkil qilinadigan bo‘ldi. U to‘qimachilik, charm va ipaksanoat tarmoqlariga mas’ul bo‘ladi.

Agentlik uchun alohida jamg‘arma tuzilib, davlat ko‘magi va korxonalarga arzon aylanma mablag‘ u orqali beriladi. Jamg‘armaga 200 million dollar ajratiladi. Tashkilot huzurida tajribali tadbirkorlardan iborat kengash ham tuziladi.

Yangi agentlikka mazkur kengash bilan birga tannarx, ishlab chiqarish va eksport bo‘yicha natijadorlikni oshirish, kooperatsiyani kuchaytirib, past quvvatda ishlayotgan korxonalarni sog‘lomlashtirish vazifasi qo‘yildi. Xalqaro maslahatchilarni jalb etib, to‘qimachilikni 2030-yilgacha rivojlantirish dasturini ishlab chiqish, shuningdek, charm, ipak va gilamchilik sanoatini kengaytirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Bosh vazirga belgilangan vazifalar ijrosi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatish topshirildi.

Yig‘ilishda sohadagi namunali tajribalar ko‘rib chiqildi, tarmoq rahbarlari va tadbirkorlarning fikrlari eshitildi.

Related