Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatining rivoji, aholi hayoti va yangi loyihalar bilan tanishmoqda. Davlatimiz rahbari dastlab Toshkent tumaniga tashrif buyurdi.
Ilgari bu yerning markazi yo‘q edi. Keles yo‘li ko‘chasi bo‘ylab yangi bino va majmualar qad ko‘targach, hududning qiyofasi tamoman o‘zgardi. Xususan, ushbu bosh ko‘cha kengaytirilgan holda qayta qurildi. Uning ikki tarafida Davlat xizmatlari markazi, Yoshlar markazi, madaniyat saroyi, amfiteatr, universal sport majmuasi, xotira maydoni va sayilgoh kabi ko‘rkam inshootlar barpo etildi.
Eski, pastqam uylar o‘rnida 41 ta ko‘p qavatli turar joy qurildi. Endi ulardagi 2 ming 536 ta xonadonda 11 mingdan ziyod aholi yashaydi. Bu uylarning yerto‘la va birinchi qavatida savdo, umumiy ovqatlanish, maishiy va moliyaviy xizmatlar bo‘yicha 270 ta shoxobcha tashkil qilinmoqda. Ularda 1 ming 350 kishi, jumladan, shu yerlik yoshlar va ayollar ishli bo‘ladi.
Davlatimiz rahbari ushbu bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechirdi.
Renovatsiya loyihasida ijtimoiy infratuzilmaga katta e’tibor qaratildi. Markaziy shifoxona, tumanlararo perinatal markaz, bolalar bog‘chasi, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi, tuman tarixi muzeyi ishga tushirildi. O‘zgarishlar faqat tuman markazida emas. Hududda yaqin-yaqingacha ichimlik suvi muammo edi. Osiyo taraqqiyoti banki mablag‘lari hisobidan 4 ta havza qurilib, 365 kilometr quvur tortildi. Natijada 36 ta mahalla aholisi toza ichimlik suvi bilan ta’minlandi. Oxirgi uch yilda tumanda 218 kilometr ichki yo‘llar ta’mirlanib, asfalt yotqizildi. Bunday ishlar yana davom etmoqda.
Shu yerda Toshkent tumanida tadbirkorlikni rivojlantirish, aholini ish bilan ta’minlash va kambag‘allikdan chiqarish masalalari yuzasidan mutasaddilarning hisoboti eshitildi. Joriy yilning 6 oyida tuman iqtisodiyoti 23 foiz o‘sgan. Yangi qurilishlar va ulardagi korxonalar negizida soliq manbasi ko‘paygan. Toshkent tumanida 70 ta mahalla, 62 mingta oila bor. Ahvoli og‘ir bo‘lgan 372 ta oilaga ko‘maklashish uchun mas’ullar va choralar belgilangan.
Rejadagi loyihalar, bandlik hamda tadbirkorlik dasturlari doirasida yil yakuniga qadar 34 ming 443 ta ish o‘rni yaratilishi mo‘ljallangan.
Prezident xonadonlardagi imkoniyatlarni yuzaga chiqarish, tadbirkorlarning kambag‘al oila vakillarini ishga olishini rag‘batlantirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
– Toshkent tumani poytaxtimizning yonginasida. Bu yerda uy-joy, ishlab chiqarish, tijorat, xizmat bo‘yicha juda katta imkoniyatlar bor. Ish to‘g‘ri tashkil qilinsa, o‘zi bu tumanda kambag‘alchilik bo‘lishi mumkin emas. Shuning uchun iqtisodiy kompleksga, mahallalarga berayotgan imkoniyatlardan foydalanib, kambag‘allikdan farovonlik sari yurish kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Toshkent tumanida yil yakuni bilan qariyb 53 million dollar investitsiya o‘zlashtirilishi hisobiga sanoatda o‘sish sur’ati 9 foiz, xizmat ko‘rsatishda 13 foiz bo‘lishi kutilmoqda. Eksport hajmini 100 million dollarga yetkazish maqsad qilingan.