Tuman va shaharlarning master rejalari yuzasidan axborot berildi

19 Iyun 2024

Davlatimiz rahbari tuman va shaharlarning master rejalarini ishlab chiqishga oid taqdimot bilan tanishdi.

Bu haqda joriy yil 16-yanvarda bo‘lib o‘tgan iqtisodiyotdagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida topshiriq berilgan edi. Mutasaddilar shu borada qilingan dastlabki ishlar, master rejalardan kutilayotgan natijalar to‘g‘risida axborot berdi.

O‘tgan vaqtda 14 ta tuman va shahar bo‘yicha master reja ishlab chiqilgan. Ularda 759 ta ko‘p qavatli uy-joy, 22 ta savdo majmuasi, 800 dan ziyod xizmat ko‘rsatish obyekti barpo qilish imkoniyati aniqlangan.

Shu tarzda 112 ta tuman va shahardagi drayver yo‘nalishlar asosida yana 136 ta master reja tayyorlanishi ko‘zda tutilgan.

Masalan, aholisi tez o‘sayotgan 38 ta tuman markazlari va shaharlarda yetarli uy-joylar qurish, aholi sayr qilishi va dam olishi uchun qulay maskanlar va istirohat bog‘lari barpo etish zarur.

Turistik salohiyati yuqori 20 ta tumanda mehmonxonalarni ko‘paytirish, plyaj, ekologik, tibbiyot, sport va ekstremal turizmni rivojlantirish orqali sayyohlar oqimini 2,5 karra oshirish imkoniyati bor.

Hududidan magistral yo‘llar o‘tgan 68 ta tumanda 400 dan ziyod motel, kemping, oshxona, do‘kon va avtoservislar tashkil etish mumkin.

Umuman, master-rejalar asosida bo‘ladigan loyihalar hisobiga  40 mingta ish o‘rni yaratilishi, budjetga yiliga qo‘shimcha 350 milliard so‘m daromad tushishi kutilmoqda.

Davlatimiz rahbari aholi uchun qulay infratuzilma, savdo va ko‘ngilochar joylar, yuqori daromadli ish o‘rinlari tashkil qilishni hozirdan boshlash lozimligini ta’kidladi.

Master rejalar ishlab chiqilishi va monitoringi bo‘yicha vertikal tizim yaratish vazifasi qo‘yildi.

Related