Hurmatli festival va forum ishtirokchilari!
Muhtaram mehmonlar!
Xonimlar va janoblar!
Siz, azizlarni jonajon Vatanimizning tarixiy shaharlaridan biri – qadimiy Ho‘qandi latifga yana katta bayram nafasini olib kelgan Xalqaro hunarmandchilik festivali va Xalqaro kulolchilik forumining ochilishi bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Xalq amaliy san’atini, uning rivojlanish tarixi, maktab va an’analarini o‘rganish va targ‘ib etishga qaratilgan ushbu anjumanimizda dunyoning 70 dan ziyod mamlakatidan 300 nafarga yaqin mohir hunarmandlar, xalqaro tashkilotlar, madaniy va ilmiy jamoatchilik vakillari ishtirok etayotgani uning xalqaro nufuzi va obro‘-e’tibori tobora ortib borayotganidan dalolat beradi.
El-yurtimizning ko‘p asrlar davomida shakllangan boy madaniy merosi, milliy an’ana va qadriyatlarining ajralmas qismi bo‘lgan, o‘tmish va kelajak o‘rtasida bamisoli ma’naviy ko‘prik vazifasini bajarib kelayotgan hunarmandchilik sohasi rivojiga mamlakatimizda katta e’tibor berilmoqda. Natijada bu yo‘nalish iqtisodiyotimizning muhim tarmoqlaridan biriga aylanib bormoqda. Buning tasdig‘ini hunarmandlar, qo‘li gul ustalar, dizayner va yosh ijodkorlar uchun katta imkoniyatlar yaratilayotgani, ularning mahsulotlarini jahon bozoriga olib chiqish va milliy brend sifatida tanitish yo‘lida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganida ko‘rish mumkin.
Ayniqsa, ushbu soha rivojlangan shahar va tumanlarda 11 ta hunarmandchilikni rivojlantirish markazlari tashkil etilgani, yillik mahsulot ishlab chiqarish hajmi 1 trillion 500 milliard so‘mdan oshgani hamda ularni dunyoning turli davlatlariga eksport qilish kengayib borayotganini ta’kidlash lozim.
Amaliy san’at turlarini qayta tiklashga qaratilgan izchil sa’y-harakatlarimiz natijasida ularning soni 43 taga yetdi, co‘nggi uch yilda turli yo‘nalishlarda mehnat qilayotgan 31 ming 500 nafar mohir ustalarimiz esa “Hunarmand” uyushmasi a’zoligiga ilk marotaba qabul qilindi.
Birgina “Ustoz va shogird” an’anasi asosida 118 ming nafar yosh, jumladan, kam ta’minlangan, vaqtincha ishsiz, nogironligi bo‘lgan fuqarolarning bandligi ta’minlangani soha rivoji ijtimoiy masalalarni hal etishda ham muhim ahamiyat kasb etib borayotganini ko‘rsatadi.
Mamlakatimizda o‘z kasbiga doimo ulkan mehr va sadoqat bilan mehnat qilib kelayotgan hunarmandlarning mashaqqatli mehnatini rag‘batlantirishga ham alohida e’tibor berilmoqda, ko‘plab soha vakillari davlatimizning yuksak unvon, orden va medallari bilan taqdirlanmoqda.
Hurmatli anjuman ishtirokchilari!
Festival doirasidagi xalqaro konferensiyalar, ko‘rgazma va yarmarkalar, milliy liboslar namoyishlari va uchrashuvlar, Rishton tumanida o‘tkaziladigan Xalqaro kulolchilik forumi o‘ziga xos ijodiy muloqotlar maydoni, yosh hunarmandlar uchun mahorat darslari bo‘lib xizmat qiladi, albatta.
Ma’lumki, Jahon hunarmandlar kengashi qarori bilan Buxoro, Qo‘qon va Marg‘ilon kabi qadimiy shaharlarimiz “Jahon hunarmandlar shahri” degan yuksak maqomga sazovor bo‘lgan edi. Bu yil ularning qatoriga Rishton va Shahrixon shaharlari ham qo‘shilmoqda.
Shu kunlarda TURKSOY Bosh kotibiyati tomonidan Qo‘qon shahriga yana bir sharafli nom – “Turkiy dunyoning hunarmandlari shahri” degan maqom berildi. Biz bularning barchasini mamlakatimizda xalq amaliy san’atini rivojlantirishga qaratilgan ishlarimizning xalqaro miqyosdagi yana bir e’tirofi sifatida qabul qilamiz.
Azaldan o‘zining go‘zal an’analari, jumladan, hunarmandchilik maktablari, mahorat bobida tengsiz ustalari bilan shuhrat qozongan betakror Farg‘ona zaminida o‘tayotgan ushbu san’at bayramlari madaniy hayotimizda chuqur iz qoldiradigan, do‘stlik va hamjihatlik rishtalarini yanada mustahkamlaydigan, yosh avlod uchun keng imkoniyatlar ochadigan unutilmas voqea bo‘lib qoladi, deb ishonaman.
Barchangizga sihat-salomatlik, yangi ijodiy yutuqlar, festival hamda forum ishiga muvaffaqiyatlar tilayman.
Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti