Urbanizatsiya va uy-joy qurilishidagi kelgusi vazifalar koʻrib chiqildi

03 Fev 2026

Prezident Shavkat Mirziyoyev 3-fevral kuni urbanizatsiya va uy-joy qurilishida yangicha yondashuvlarni joriy etish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.

Aholining uy-joyga boʻlgan talabini qondirish maqsadida soʻnggi 8 yilda mamlakatimizda 120 million kvadrat metr yoki 600 mingdan ziyod xonadonlar qurilib, foydalanishga topshirildi. Uy-joy sotib olishga koʻmaklashish uchun 541 ming nafar fuqaroga 103 trillion soʻm arzon ipoteka kreditlari va subsidiyalar ajratildi.

Qurilish ishlarining koʻlami kengaygani qurilish materiallari sanoati rivojiga katta turtki berib, koʻplab hududlarning “drayveri”ga aylandi. Urbanizatsiya darajasi 1991-yildagi 40,3 foizdan 51 foizga yetdi.

Davlatimiz rahbari qilingan ishlar hali yetarli emasligini koʻrsatib oʻtdi. Respublika boʻyicha har yili 200 mingtaga yaqin yangi oila tashkil topmoqda. Bu yangi uylar, yoʻllar va ijtimoiy infratuzilmaga talab yanada ortadi degani. Qolaversa, hozirda aholining bir kishi boshiga oʻrtacha 18,9 kvadrat metr turar joy maydoni toʻgʻri kelmoqda. Bu koʻrsatkichni kamida 23 kvadrat metrga yetkazish uchun 2040-yilgacha yangi uy-joy qurilishi surʼatini 280 mingtaga oshirish lozim.

Shu maqsadda urbanizatsiya sohasida boshqaruv yangi tizim asosida yoʻlga qoʻyilib, alohida qoʻmita tuzildi, uning oldiga uy-joy qurish hajmlarini bosqichma-bosqich oshirish vazifasi qoʻyildi. Xususan, 2026-yilda 140 ming, 2027-yilda 150 ming va 2028-yilda 160 ming xonadonli uy-joylar qurish rejalashtirilgan.

Prezidentimiz biznes va startaplar rivoji uchun sharoit yaratish, sanoat va AT klasterlarini shakllantirish, mehnat unumdorligini oshirishda aql bilan tashkil etilgan urbanizatsiya muhim oʻrin tutishini taʼkidladi.

Taqdimotda yer resurslaridan samarali foydalanish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi. Xalqaro tashkilotlarning hisob-kitoblariga koʻra, aholi punktlari tartibsiz kengayib borishi ayrim hududlarda kelgusida ekin yerlarining tanqisligiga olib kelishi mumkin.

Shu munosabat bilan eskirgan uy-joy fondini yangilash, uy-joy qurilishida renovatsiya ulushini oshirish zarurligi taʼkidlandi. Bunda renovatsiya hissasini hozirgi 15 foizdan 2040-yilga qadar 60 foizga yetkazish, “Yangi Oʻzbekiston” massivlarini barpo etishni kengaytirib, 120 taga yetkazish zarurligi qayd etildi.

Bugungi kunda qurilish sohasidagi ruxsat olish jarayonlari 9 ta bosqichdan iborat boʻlib, oʻrtacha 90-120 kun vaqt talab qilmoqda. Shu bilan birga, xalqaro amaliyotda “qurilishga tayyor yer” mexanizmi orqali bu ishlarga ketadigan vaqt 7-15 kunni tashkil etayotgani koʻrsatib oʻtildi.

Mamlakatimizda ushbu tizimni joriy etish taklif qilindi. Unga koʻra, barcha tayyorgarlik jarayonlari va ruxsatnomalarni rasmiylashtirish yer maydonlari auksionga qoʻyilishidan oldin bajariladi. Natijada tadbirkor auksionda yerni yutib olgandan soʻng qoʻshimcha hujjat yigʻmasdan va kelishuvlardan oʻtmasdan, barcha hujjatlarni avtomatik tarzda olish imkoniga ega boʻladi. Qurilishga tayyor boʻlmagan yerlarni auksionga chiqarish taqiqlanadi, jarayonlar esa shaffof va qisqa muddatlarda amalga oshirilishi taʼminlanadi.

Qurilish sifati, birinchi navbatda, loyiha hujjatlariga bogʻliq. “ToshboshplanLITI”, “OʻzshaharsozlikLITI”, “OʻzGAShKLITI”, “Qishloq qurilish loyiha” tashkilotlarining faoliyatini tubdan yaxshilash, buning uchun yuqori malakali xorijiy mutaxassislarni jalb qilish va zamonaviy boshqaruv tizimini joriy qilish zarurligi qayd etildi.

Urbanizatsiya va uy-joy qurilishi jarayonlarini toʻgʻri va samarali rejalashtirish uchun raqamli texnologiyalardan keng foydalanish kerak. Bu borada taqdimotda bosh va master rejalarning yagona maʼlumotlar bazasi, qurilishga tayyor yer maydonlari bazasi – “Yer banki”, koʻp kvartirali uylarning yagona geoaxborot bazasi, “eskrou” tizimi, quruvchilar reytingi va boshqalardan iborat “Uy-joy” axborot tizimini ishlab chiqish taklif etildi.

Prezidentimiz taqdim etilgan takliflarni maʼqullab, sohada rejali, hisob-kitobga asoslangan va uzoq muddatli yondashuvlarni izchil joriy etish, belgilangan koʻrsatkichlar ijrosini taʼminlash yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.

Related