Qadrli yurtdoshlar!
Avvalo, siz, azizlarni bugungi qutlug‘ sana – akademik Vosit Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tashkil etilganining 50 yilligi bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
O‘zbekistonda jarrohlik bo‘yicha yetakchi va nufuzli muassasa hisoblangan ushbu Markaz ko‘pmillatli ahil jamoasining fidokorona mehnati bilan mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimida alohida o‘rin egallab kelayotganini barchamiz yaxshi bilamiz va yuksak qadrlaymiz.
Bugungi quvonchli ayyomda Markazni tashkil etish, uning tibbiy salohiyatini oshirishda beqiyos xizmatlar qilgan tabarruk insonlar, xususan, xalqaro miqyosda tan olingan atoqli olim Vosit Vohidovning xotirasini hurmat-ehtirom bilan yodga olamiz. O‘zbekiston tibbiyot ilmida yorqin iz qoldirgan ana shu fidoyi va jonkuyar insonning sa’y-harakatlari bilan Markaz faoliyati samarali yo‘lga qo‘yilib, yangi diagnostika va davolash usullari klinik amaliyotga birinchilardan bo‘lib joriy etildi.
Mamlakatimizda sog‘liqni saqlash sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar tufayli hozirgi kunda Markaz faoliyati yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Xususan, dunyoning yetakchi ilmiy markazlari bilan yaqin hamkorlikda ish olib borilmoqda. Tibbiy diagnostika va davolashning ilg‘or va samarali usullari keng tatbiq etilmoqda.
Ayniqsa, so‘nggi yillarda mazkur shifoxonada 200 dan ortiq yangi jarrohlik amaliyoti joriy etilib, qorin va ko‘krak sohasi hamda yurak qon-tomir kasalliklari bo‘yicha eng murakkab va yuqori texnologik operatsiyalar bajarilayotgani diqqatga sazovordir.
Bu haqda so‘z yuritganda, yurtimizda ilk bor shu maskanda yo‘lga qo‘yilgan tajriba asosida 1 ming 500 ta buyrak va jigar ko‘chirib o‘tkazish operatsiyasi, jumladan, tumanlarda 200 ta buyrak transplantatsiyasi amalga oshirilganini ta’kidlash lozim.
Hech shubhasiz, bunday natijalarga erishishda mamlakatimizda xirurgiya xizmatini isloh etish, hududlarda uning sifatini oshirish va ko‘lamini kengaytirish, Markaz va uning filiallari moddiy-texnik bazasi hamda kadrlar salohiyatini mustahkamlash borasidagi ishlar muhim omil bo‘lmoqda.
Eng asosiysi, og‘ir xastaliklardan aziyat chekayotgan qancha-qancha yurtdoshlarimiz ko‘p vaqt va mablag‘ evaziga xorijdagi klinikalarga borish azobidan qutulib, o‘zimizda davo topmoqda.
Fursatdan foydalanib, o‘z hayotini inson salomatligini saqlashdek g‘oyat olijanob ishga bag‘ishlagan Markazning butun jamoasiga – hurmatli professor va tadqiqotchilar, mohir jarroh va shifokorlar, jonkuyar hamshiralar, mutaxassis xodimlarga chin dildan minnatdorlik bildiraman.
Albatta, Markaz va uning mintaqaviy filiallari, tuman tibbiyot birlashmalarining xirurgiya bo‘limlarini modernizatsiya qilish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, sizlarning mashaqqatli mehnatingizni rag‘batlantirish kelgusida ham doimo e’tiborimiz markazida bo‘ladi.
Siz, azizlarni bugungi quvonchli ayyom bilan yana bir bor samimiy qutlab, barchangizga sihat-salomatlik, oilaviy baxt, sharafli va mas’uliyatli faoliyatingizda ulkan zafarlar tilayman.
Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti