Prezident Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona shahrida qurilayotgan “Yangi O‘zbekiston” massivini borib ko‘rdi.
Aholiga munosib yashash sharoitlari yaratish, ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish davlatimiz rahbarining doimiy e’tiborida. Shu bois barcha hududlarda bunday loyihalar amalga oshirilmoqda.
Prezidentimiz 2022-yil va o‘tgan yilda Farg‘ona shahridagi ushbu massiv qurilishini ko‘zdan kechirgan edi. 300 gektarli hududda 65 ming aholiga mo‘ljallangan 365 ta ko‘p qavatli uy bosqichma bosqich bunyod etilmoqda. Bu uylar 7, 9, 12, 16 va 25 qavatli bo‘lib, bu viloyat shaharsozligida o‘ziga xos yangilik sanaladi.
Hozirgi kunda ilk uylar va bog‘lar obod aholi manziliga aylanib ulgurdi. 2 ming 887 xonadonli 75 ta uy foydalanishga topshirildi. Ularning negizida Nurafshon mahallasi tashkil etildi. Uylarga 500 dan ortiq oila ko‘chib keldi. Ikkita maktab, uchta bog‘cha va poliklinika ochildi.
Hovlidagi o‘yin maydonchalardagi bolalarning shodon qiyqirig‘i ko‘ngillarni shod qiladi. Joriy yil yana 25 ta uy bunyod etiladi.
Aholi ancha zich yashaydigan hududlar uchun bunday massivlar muhim ijtimoiy ahamiyatga ega. Uy-joylarning sifat va tannarxi xalqimiz imkoniyatiga mos bo‘lishi kerakligiga e’tibor qaratilmoqda.
Bu yerda zamonaviy ta’lim dargohlari, tibbiyot muassasalari, sport majmuasi, savdo va maishiy xizmat shoxobchalari qad ko‘tarmoqda.
Aholini ish bilan ta’minlash uchun massiv hududining 50 gektarida kichik sanoat zonasi tashkil etiladi. Oziq-ovqat, tikuvchilik, to‘qimachilik, charm-poyabzal, farmatsevtika, mebelsozlik va elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqaradigan korxonalar ish boshlaydi. Bugunga qadar 423 milliard so‘mlik 5 ta loyiha joylashtirildi. Ularning natijasida 700 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Massivni ekoshahar deyish mumkin. Sababi 70 gektar maydonda “Yangi O‘zbekiston bog‘i”, so‘lim xiyobonlar, sun’iy ko‘l, to‘rt ming o‘rinli amfiteatr barpo qilindi. Bog‘ hududiga buta va manzarali daraxtlar ekilgan. Turli attraksionlar o‘rnatilgan.
Davlatimiz rahbari massiv bo‘ylab yurib, so‘lim maskanni ko‘zdan kechirdi. Amfiteatrda qisqa konsert dasturi namoyish etildi.