Prezident Shavkat Mirziyoyev 13-fevral kuni Toshkent viloyatining Ohangaron tumaniga tashrif buyurib, yuqori kuchlanishli kabel mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Enco Group” korxonasi faoliyati bilan tanishdi.
Mamlakatimizda energetika tarmogʻini jadal modernizatsiya qilish, yangi elektr stansiyalari va nimstansiyalar qurish, magistral tarmoqlarni yangilash hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Iqtisodiyot tarmoqlari va aholi sonining oʻsishi natijasida elektr energiyasiga boʻlgan ehtiyoj ortib borayotgani yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlarini rivojlantirishni taqozo etmoqda. Shu bois, yuqori kuchlanishli kabel mahsulotlariga ichki va tashqi bozorlarda barqaror talab shakllanmoqda.
Faoliyati ushbu talabni qondirishga qaratilgan “Enco Group” korxonasi Belarus Respublikasining “Energokomplekt” kompaniyasi bilan hamkorlikda “Eltech Industrial” texnoparki hududida 21 gektar maydonda barpo etilmoqda. Loyihaning umumiy qiymati qariyb 60 million dollarni tashkil etadi. Korxona toʻliq quvvatga chiqqanidan soʻng 600 ga yaqin yangi ish oʻrni yaratiladi.
Loyiha ikki bosqichda amalga oshirilmoqda. Korxona yiliga 25 ming tonna mahsulot ishlab chiqarishi, eksport salohiyati 300 million dollarni tashkil etishi kutilmoqda.
Ayni paytda qurilish ishlarining birinchi bosqichi 98 foizga yakunlangan, 10 million dollardan ortiq investitsiya oʻzlashtirilgan. Korxona mahsulotlarini Germaniya, Latviya, Estoniya, Bolgariya va MDH davlatlariga eksport qilish rejalashtirilgan boʻlib, dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, yillik eksport hajmi 140 million dollarga yetishi taxmin qilinmoqda.
Oʻtgan yili mamlakatimizga 400 million dollarga yaqin yuqori kuchlanishli kabel mahsulotlari va izolyatsiyalangan mis shinalar import qilingan. Korxona toʻliq ishga tushirilgandan keyin 150 million dollarlik import oʻrnini bosuvchi shunday mahsulot ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi.
Markaziy Osiyoda bunday yoʻnalishda faoliyat yuritayotgan 12 ta korxonaning 4 tasi Oʻzbekiston hissasiga toʻgʻri kelishi qayd etildi. Bu mamlakatimizda elektrotexnika sanoati bosqichma-bosqich yuqori qoʻshilgan qiymat yaratadigan tarmoqqa aylanayotganini koʻrsatadi.
Davlatimiz rahbariga korxonaning kelgusidagi rivojlanish rejalari, ishlab chiqarish hajmini kengaytirish, mahsulot turlarini koʻpaytirish hamda mahalliylashtirish darajasini oshirish boʻyicha takliflar taqdimot qilindi.
Prezidentimiz sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, mahalliy xomashyodan samarali foydalanish, ilgʻor texnologiyalarni joriy etish hamda eksportbop raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni yanada kuchaytirish yuzasidan mutasaddilarga tegishli koʻrsatmalar berdi.
