Turkiya Respublikasi Prezidentining Anqara shahridagi Oqsaroy qarorgohida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni rasmiy kutib olish marosimi boʻlib oʻtdi.
Davlatimiz rahbarini Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan kutib oldi.
Maydonda oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi. Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Rejep Tayyip Erdogʻan shohsupaga koʻtarildilar. Harbiy orkestr ijrosida ikki mamlakat davlat madhiyalari yangradi. Yetakchilar faxriy qorovul safi oldidan oʻtib, rasmiy delegatsiyalar aʼzolarini qutladilar.
Ayni daqiqalarda davlat rahbarlarining tor doiradagi muzokaralari boʻlib oʻtmoqda. Tomonlar Oʻzbekiston – Turkiya keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlash masalalarini muhokama qilmoqda.

