O‘zbekiston Prezidenti amaliy tashrif bilan BAAda bo‘ladi

30 Noy 2023

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Arab Amirliklari Prezidenti Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayonning taklifiga binoan 30-noyabr – 2-dekabr kunlari Birlashgan Millatlar Tashkilotining Iqlim o‘zgarishi masalalari bo‘yicha konferensiyasida ishtirok etish uchun Dubay shahrida bo‘ladi.

Iqlim bo‘yicha global sammitda dunyoning 150 dan ortiq mamlakatlarining davlat va hukumatlari, nufuzli xalqaro tashkilotlar va moliyaviy institutlar rahbarlari qatnashadi.

Tadbir kun tartibidan BMTning Iqlim o‘zgarishi to‘g‘risidagi hadli konvensiyasi asosiy qoidalarini amalga oshirish, bugungi ekologik tahdid va xatarlarga qarshi kurashish, “yashil” taraqqiyot maqsad va vazifalarini ilgari surishda keng hamkorlik masalalari o‘rin olgan.

Davlatimiz rahbari sammitning yalpi sessiyasida nutq so‘zlashi hamda qator ikki tomonlama uchrashuv va muzokaralar o‘tkazishi kutilmoqda.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi BMTning Hadli konvensiyasiga 1993-yilda qo‘shilgan, 2018-yilda mamlakatimiz Parij bitimi ishtirokchisi bo‘ldi.

Related