O‘zbekiston Prezidenti amaliy tashrif bilan Ozarbayjonda bo‘ladi

22 Noy 2023

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning taklifiga binoan 23-24-noyabr kunlari amaliy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘ladi.

Davlatimiz rahbari Boku shahrida BMTning Markaziy Osiyo iqtisodiyotlari uchun maxsus dasturi (SPЕKA) birinchi sammitida ishtirok etadi.

Tadbir kun tartibidan dastur doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish, mintaqaviy loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun Maqsadli fond tashkil etish, transport yo‘laklarini raqamlashtirish uchun “yo‘l xaritasi”ni qabul qilish, ishbilarmonlik tashabbuslarini ilgari surish va boshqa masalalar o‘rin olgan.

SPЕKA dasturi mintaqa mamlakatlarining iqtisodiy hamkorligini rivojlantirish hamda ularning jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuviga ko‘maklashish maqsadida  1998-yil 26-mart kuni Toshkent deklaratsiyasiga muvofiq ta’sis etilgan. Ishtirokchi davlatlar – O‘zbekiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston.

Shu kunlarda Boku shahrida SPЕKAning qator ishbilarmonlik tadbirlari, shu jumladan iqtisodiy forum va Markaziy Osiyo mamlakatlarining sanoat salohiyati ko‘rgazmasi o‘tmoqda.

Related