O‘zbekiston Prezidenti amaliy tashrif bilan Saudiya Arabistonida bo‘ladi

17 Iyul 2023

Ikki muqaddas masjid xodimi – Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saudning taklifiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi” formatidagi birinchi sammitda ishtirok etish uchun joriy yil 18-19-iyul kunlari Jidda shahrida bo‘ladi.

Bo‘lajak oliy darajadagi uchrashuvda Saudiya Arabistoni Podshohligi, Bahrayn Podshohligi, Qatar Davlati, Kuvayt Davlati, Birlashgan Arab Amirliklari, O‘mon Sultonligi, Qozog‘iston Respublikasi, Qirg‘iz Respublikasi, Tojikiston Respublikasi va Turkmaniston rahbarlari hamda kengashning bosh kotibi ishtirok etishi ko‘zda tutilgan.

Kun tartibiga muvofiq, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar sohalarda mintaqalararo hamkorlikni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqiladi. Xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb jihatlari yuzasidan fikr almashiladi.

Sammit doirasida qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Related