O‘zbekiston Prezidenti BAA vitse-prezidenti bilan strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalarini muhokama qildi

24 Iyul 2025

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Arab Amirliklari vitse-prezidenti Shayx Mansur Ol Nahayon bilan telefon orqali muloqot qildi.

Shayx Mansur Ol Nahayon davlatimiz rahbarini tavallud kuni bilan samimiy tabriklab, unga mustahkam sog‘lik, baxt-saodat va mas’uliyatli davlatchilik faoliyatida katta muvaffaqiyatlar tiladi. Shuningdek, Birlashgan Arab Amirliklari Prezidenti Shayx Muhammad Ol Nahayon va Abu-Dabi Amirligi valiahdi Shayx Xolid Ol Nahayonning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

O‘zbekiston bilan BAA o‘rtasidagi do‘stlik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, joriy yil yanvar oyida BAAga amalga oshirilgan oliy darajadagi tashrifda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Ustuvor yo‘nalishlarda, eng avvalo, savdo-iqtisodiyot, investitsiya, innovatsiya va transport-kommunikatsiya sohalarida amaliy hamkorlik kengayib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. O‘zaro savdo hajmi, qo‘shma investitsiya loyihalari portfeli, qo‘shma korxonalar va aviaqatnovlar soni ortib bormoqda. Yaqin muloqotni davom ettirish va bo‘lajak oliy darajadagi uchrashuvlarga puxta tayyorgarlik ko‘rish muhim ekani ta’kidlandi.

Related