O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Germaniya Federal Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayerning taklifiga binoan joriy yil 2-3-may kunlari tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘ladi.
Tashrif dasturida Berlin shahrida Federal Prezident Frank-Valter Shtaynmayer va Federal Kansler Olaf Shols bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazish ko‘zda tutilgan.
O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarni yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqiladi, xalqaro kun tartibining turli jihatlari yuzasidan fikr almashiladi.
Germaniyaning yetakchi kompaniyalari bilan innovatsion-texnologik sheriklikni kengaytirishga qaratilgan istiqbolli loyiha va dasturlarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratiladi. Shu maqsadda davlatimiz rahbari ushbu mamlakat biznesining yetakchilari bilan alohida uchrashuv o‘tkazadi.
Tashrif chog‘ida Jeyms Simon galereyasida “O‘zbekistonning arxeologik xazinalari. Makedoniyalik Iskandardan Kushonlar imperiyasigacha” nomli ko‘rgazmaning ochilishi ham rejalashtirilgan.