O‘zbekiston Prezidenti IHT sammitining madaniy tadbirlarida ishtirok etdi

03 Iyul 2025

Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining 17-sammiti doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev hamrohligida Ag‘dam shahridagi «Imorat» tarixiy-me’moriy majmuasiga tashrif buyurdi.

Bu yerga Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga a’zo mamlakatlar delegatsiyalari rahbarlari ham keldi.

Ag‘dam shahri Ozarbayjonning g‘arbiy qismida, Qorabog‘ tumanida joylashgan. 2021-yildan boshlab shahar infratuzilmasi faol tiklanmoqda: yangi maktablar, bolalar bog‘chalari, uy-joylar, ma’muriy binolar qurilmoqda.

«Imorat» majmuasida Qorabog‘ xonligi asoschisi Panoh Alixonning saroyi va maqbarasi joylashgan. 2024-yilda majmua restavratsiya ishlari va arxeologik tadqiqotlardan so‘ng qayta ochildi.

Bu yerda Qorabog‘ tulporlari parki va interaktiv muzey tashkil etilgan.

Yetakchilar majmuada yaratilgan sharoitlar, bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi. Mehmonlar e’tiboriga Ozarbayjon Qorabog‘ining boy madaniyati va an’analarini aks ettiruvchi Qorabog‘ tulporlari ishtirokidagi «Zafar» nomli madaniy dastur taqdim etildi.

Related