O‘zbekiston Prezidenti Ozarbayjon Prezidentini tavallud kuni bilan tabrikladi

24 Dek 2023

24-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.

Davlatimiz rahbari Ozarbayjon yetakchisini tavallud kuni bilan dildan qutlab, qardosh ozarbayjon xalqiga farovonlik va ravnaq tiladi.

Prezident Ilhom Aliyevning bugungi Ozarbayjonning hududiy yaxlitligi va shiddatli taraqqiyotini ta’minlashdagi shaxsiy hissasi va tarixiy o‘rni alohida qayd etildi.

Davlat rahbarlari O‘zbekiston-Ozarbayjon munosabatlarida yuksak darajaga – strategik sheriklikka erishilganini katta mamnuniyat bilan ta’kidladilar.

Tovar ayirboshlash hajmi 2023-yilda 30 foizga oshdi, mashinasozlik, to‘qimachilik, pillachilik, qishloq xo‘jaligi, neft-gaz majmuasi, turizm va ko‘plab boshqa tarmoqlarda istiqbolli kooperatsiya loyihalari faol tayyorlanmoqda va amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston va Ozarbayjon yetakchilari Ikki tomonlama munosabatlarni jadal rivojlantirish yilida amaliy hamkorlikning 10 ta yangi yo‘nalishini shakllantirishga kelishib oldilar.

Shuningdek, 2024-yilga mo‘ljallangan tadbirlar rejasi ko‘rib chiqildi. O‘zbekiston Prezidenti Ozarbayjon rahbariga ushbu mamlakatda bo‘lajak Prezident saylovi muvaffaqiyatli o‘tkazilishini tiladi.

Related