O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning taklifiga binoan 5-iyul kuni Turkiy davlatlar tashkilotining norasmiy sammitida ishtirok etish uchun amaliy tashrif bilan ushbu mamlakatga jo‘nab ketdi.
Davlat rahbarlari kengashining «Transport o‘zaro bog‘liqligi va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish orqali barqaror kelajakni barpo etish» mavzusida bo‘lib o‘tadigan navbatdan tashqari yig‘ilishi kun tartibidan savdo-iqtisodiyot, transport-kommunikatsiya va investitsiya-moliya sohalarida, shuningdek, «yashil” iqtisodiyot, qayta tiklanuvchi energetika, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish va inson kapitalini rivojlantirish borasida mintaqaviy hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari o‘rin olgan.