O‘zbekiston Prezidenti Qatarga keldi

03 Noy 2025

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qatar Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniyning taklifiga binoan amaliy tashrif bilan Doha shahriga keldi.

Davlatimiz rahbarini Qatar Bosh vaziri o‘rinbosari, mudofaa ishlari bo‘yicha davlat vaziri Shayx Saud bin Abdurahmon Ol Soniy va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi.

Shayx Hamad nomidagi xalqaro aeroportda oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi, ikki mamlakatning davlat bayroqlari ko‘tarildi.

Tashrif dasturiga muvofiq, O‘zbekiston Prezidenti ertaga, 4-noyabr kuni, Ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha ikkinchi Jahon sammitida ishtirok etadi.

Davlatimiz rahbari kambag‘allikni qisqartirish, aholi bandligini ta’minlash, jamiyatlarning barqarorligi, ijtimoiy adolatli va inklyuzivligini oshirish, ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish, iqlim o‘zgarishiga moslashish hamda boshqa yo‘nalishlarda qator tashabbuslarni ilgari surishi kutilmoqda.

Sammit doirasida oliy darajadagi muzokaralar o‘tkazilishi ham ko‘zda tutilgan.

Related