O‘zbekiston Prezidenti YEXHTning amaldagi raisini qabul qildi

03 Iyun 2022

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 3-iyun kuni tongda, Urganch shahriga jo‘nab ketishdan avval Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining amaldagi raisi, Polsha tashqi ishlar vaziri Zbignev Rauni qabul qildi.

O‘zbekiston va YEXHT o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish, O‘zbekiston-Polsha munosabatlarini kengaytirish masalalari hamda dolzarb xalqaro kun tartibi ko‘rib chiqildi.

Keyingi yillarda YEXHT bilan sheriklikda sifat jihatidan yangi darajaga erishilgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi. Tashkilot faoliyatining uchchala yo‘nalishida ham ochiq va samarali muloqot yo‘lga qo‘yilgani, yuqori darajada faol muloqot va almashinuvlar amalga oshirilayotgani, qabul qilingan “yo‘l xaritasi”ga muvofiq qo‘shma tadbirlar muvaffaqiyatli o‘tkazilayotgani bunga dalolat bermoqda.

YEXHT raisi Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ortga qaytmas islohotlar strategiyasi berayotgan natijalarni hamda mamlakatimizning pragmatik tashqi siyosati, eng avvalo Markaziy Osiyoda do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va ishonch munosabatlarini mustahkamlash borasidagi sa’y-harakatlarini yuqori baholadi.

Davlatimiz va ushbu nufuzli xalqaro tuzilmaning barcha institutlari o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni kuchaytirish, demokratik yangilanishlarni, shu jumladan konstitutsiyaviy islohotni ekspertlik jihatdan qo‘llab-quvvatlashni kengaytirish, tashkilotning Parlament assambleyasi doirasidagi hamkorlikni mustahkamlash ustuvor ahamiyatga ega ekani qayd etildi.

Iqtisodiyot va ekologiya yo‘nalishlari haqida so‘z yuritilar ekan, “yashil” taraqqiyot, raqamlashtirish, ish o‘rinlarini yaratish va tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash orqali kambag‘allikni qisqartirish, tabiatni muhofaza qilish bo‘yicha, shu jumladan Orolbo‘yi mintaqasida muhim tadbirlarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.

Xalqaro siyosat, jumladan, Yevropa ittifoqi bilan ko‘p tomonlama munosabatlarni rivojlantirish, Afg‘onistonda tinchlikni ta’minlash va uning ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishiga ko‘maklashish masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.

O‘zbekiston yetakchisi O‘zbekiston-Polsha amaliy hamkorligini kengaytirish istiqbollariga alohida to‘xtaldi.

Xususan, o‘tgan yili ikki tomonlama tovar ayirboshlash uchdan bir qismga, joriy yil boshidan esa qariyb 50 foizga ko‘paydi. Polshaning yetakchi kompaniyalari bilan birgalikda qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat, kimyo, elektrotexnika va boshqa tarmoqlarda qator qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda.

Muhim gumanitar dasturlar amalga oshirilmoqda, jumladan, yurtimizda Varshava menejment universitetining filiali o‘z ishini boshladi.

Uchrashuvda ishbilarmon doiralar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yish, madaniy-gumanitar almashinuvni faollashtirish muhimligi alohida ta’kidlandi.

Janob Zbignev Rauning O‘zbekistonga tashrifi yakunlari bo‘yicha qo‘shma “yo‘l xaritasi”ni qabul qilishga kelishib olindi.

Related