O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovning davlat tashrifi yakunlandi.
Ikki kunlik tashrif doirasida oliy darajadagi muzokaralar bo‘lib o‘tdi, ularning yakunida yetakchilar Keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish va kengaytirish to‘g‘risida qo‘shma bayonotni imzoladilar.
Ikki tomonlama hujjatlarning salmoqli to‘plami qabul qilindi. Energetika, avtomobilsozlik va to‘qimachilik sanoatida yirik qo‘shma loyihalarga start berildi.
Davlat rahbarlari O‘zbekiston va Qirg‘iziston san’at ustalarining konsertini tomosha qildilar.
Bugun yetakchilarning muloqoti Xivada davom etdi. «Xiva gilamlari» kombinatining ishlab chiqarish quvvatlari, «Made in Uzbekistan» brendi ostidagi mahsulotlar ko‘rgazmasi bilan tanishildi.
Prezidentlar rafiqalari bilan birgalikda qadimiy Xiva shahrining tarixiy-me’moriy durdonalarini ham ziyorat qildilar.
Tashrif tadbirlari yakunlangach, Prezident Shavkat Mirziyoyev rafiqasi bilan Urganch xalqaro aeroportida Prezident Sadir Japarov va rafiqasini kuzatib qo‘ydi.
Shundan so‘ng davlatimiz rahbari Toshkentga jo‘nab ketdi.