O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti amaliy tashrif bilan Qozog‘iston Respublikasida bo‘ladi

11 Okt 2022

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayevning taklifiga binoan 12-14-oktabr kunlari Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash va Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlislarida ishtirok etish uchun tashrif bilan Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida bo‘ladi.

13-oktabr kuni bo‘lib o‘tadigan yuqori darajadagi xalqaro forum – Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash sammitida Osiyo mintaqasida xavfsizlik va barqaror taraqqiyotga oid dolzarb masalalar ko‘rib chiqiladi.

14-oktabr kuniga rejalashtirilgan MDH mamlakatlari yetakchilarining uchrashuvida ko‘p tomonlama sheriklikning eng muhim jihatlari va amaliy hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini muhokama qilish ko‘zda tutilgan.

Bo‘lajak tadbirlarda alohida e’tibor o‘zaro savdoni ko‘paytirish va sanoat kooperatsiyasi loyihalarini ilgari surish, samarali transport kommunikatsiyalarini shakllantirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish masalalariga qaratiladi.

Bundan tashqari, sammit doirasida O‘zbekiston Prezidenti hamkor mamlakatlar delegatsiyalari rahbarlari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar va ko‘p tomonlama muzokaralar o‘tkazadi.

Related