O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Tojikiston Respublikasi Prezidenti bilan telefon orqali muloqot qildi

05 Okt 2023

5-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmonning telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.

Davlatimiz rahbari Tojikiston yetakchisini tavallud kuni bilan dildan qutlab, unga mustahkam sog‘lik, baxt-saodat va muvaffaqiyatlar, birodar tojik xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tiladi.

O‘zbekiston-Tojikiston munosabatlarida bugungi do‘stlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik darajasiga erishilishida Emomali Rahmonning hissasi alohida qayd etildi.

Faol muloqot va almashinuvlar rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan ta’kidlandi. O‘zaro tovar ayirboshlash hajmi ortmoqda. Savdo, investitsiyalar, sanoat, energetika, qishloq xo‘jaligi va boshqa ustuvor sohalarda kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.

Mintaqaviy hamkorlik masalalari yuzasidan ham fikr almashildi. Dushanbe shahrida 14-15-sentabr kunlari o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining beshinchi Maslahat uchrashuvi va Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi yubiley sammitining samarali yakunlari yuksak baholandi.

Related