O‘zbekiston va Ozarbayjon yetakchilari keng ko‘lamli hamkorlikni yanada rivojlantirish muhimligini qayd etdilar

24 Iyul 2023

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning 24-iyul kuni o‘tgan telefon orqali muloqotida ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish, kooperatsiya loyihalarini ilgari surish va o‘zaro savdoni ko‘paytirish masalalari diqqat markazida bo‘ldi.

Ozarbayjon yetakchisi davlatimiz rahbarini tavallud kuni bilan dildan qutlab, mustahkam sog‘lik va katta muvaffaqiyatlar, ko‘p millatli O‘zbekiston xalqiga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tiladi.

O‘zbekiston Respublikasi hukumat delegatsiyasi o‘tgan hafta Ozarbayjonga amalga oshirgan tashrifning samarali yakunlari hamda qo‘shma Hukumatlararo komissiyaning Shusha shahrida o‘tkazilgan navbatdagi yig‘ilishi natijalari mamnuniyat bilan qayd etildi.

Bo‘lajak oliy darajadagi sammitga qadar qat’iy kelishuv va bitimlar to‘plamini shakllantirish muhimligi ta’kidlandi.

Faol madaniy-gumanitar almashinuvlarni hamda xalqaro tuzilmalar doirasidagi yaqin hamkorlikni davom ettirishga alohida e’tibor qaratildi.

Related