O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24-iyul kuni Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev bilan telefon orqali muloqot qildi.
Qozog‘iston Prezidenti davlatimiz rahbarini tavallud kuni bilan samimiy qutlab, qardosh mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar bugungi strategik sheriklik va ittifoqchilik darajasiga ko‘tarilishida O‘zbekiston yetakchisining ulkan shaxsiy hissasi borligini ta’kidladi.
Amaliy hamkorlik jadal rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Bo‘lajak oliy darajadagi ikki tomonlama tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish muhimligi ko‘rsatib ta’kidlandi.
Shuningdek, joriy yil avgust oyida Ostona shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan mintaqa davlatlari rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuvi va «Markaziy Osiyo + Yaponiya» sammitini o‘tkazish masalalari ko‘rib chiqildi.