Turkmaniston Prezidenti davlat tashrifi bilan O‘zbekistonda bo‘ladi

13 Iyul 2022

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov 14-15-iyul kunlari davlat tashrifi bilan mamlakatimizda bo‘ladi.

Oliy darajadagi muzokaralar kun tartibidan O‘zbekiston bilan Turkmaniston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlash, ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish masalalari o‘rin olgan.

Asosiy yo‘nalishlardagi amaliy aloqalarning, shu jumladan o‘zaro savdo hajmini oshirish, sanoat kooperatsiyasini yo‘lga qo‘yish, transport-tranzit salohiyatini samarali ishga solish, suv xo‘jaligi sohasida muhim loyihalarni amalga oshirish, hududlararo muloqotni faollashtirish hamda madaniy-gumanitar almashinuv dasturlarini davom ettirish istiqbollari diqqat markazida bo‘ladi.

Davlat rahbarlari xalqaro ahamiyatga molik masalalar va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb jihatlari yuzasidan fikr almashishi kutilmoqda.

Sammit yakunida Qo‘shma bayonot va qator ikki tomonlama hujjatlar imzolanishi rejalashtirilgan.

Oliy martabali mehmon O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisida uchrashuv o‘tkazishi va Samarqand shahrining diqqatga sazovor joylari bilan tanishishi ko‘zda tutilgan.

Ushbu tashrifga tayyorgarlik doirasida 1-2-iyul kunlari Toshhovuz shahrida Suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha qo‘shma hukumatlararo komissiyaning tadbirlari muvaffaqiyatli o‘tdi.

12-iyul kuni poytaxtimizda ikki tomonlama munosabatlarni kengaytirish va strategik sheriklik salohiyatini ro‘yobga chiqarish masalalariga bag‘ishlangan O‘zbekiston-Turkmaniston ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.

Tashrif arafasida Buxoro shahrida birinchi Hududlar forumi, Ishbilarmonlar kengashi yig‘ilishi hamda O‘zbekiston va Turkmanistonning yetakchi korxonalari ko‘rgazmasi o‘tkazilmoqda.

Related