Qadrli vatandoshlar!
Siz, azizlarni, ko‘pmillatli butun xalqimizni kirib kelayotgan Yangi yil bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman.
Barchangizga o‘zimning yuksak hurmatim va ezgu tilaklarimni bildiraman.
2022-yilda mashaqqatli va jasoratli mehnatimiz bilan taraqqiyot yo‘lida muhim marralarga erishdik. Inson qadrini ulug‘lash, xalqimizni rozi qilish borasida yangi qadamlar qo‘ydik.
Dunyodagi g‘oyat murakkab vaziyat, global inqirozga qaramasdan, O‘zbekiston iqtisodiyoti izchil rivojlanmoqda.
Mirishkor dehqon va fermerlarimiz fidokorona mehnat qilib, mo‘l hosil yetishtirdilar.
Sanoat, qurilish, raqamli texnologiyalar, turizm sohalari jadal rivojlanmoqda.
Shahar va qishloqlarimiz, butun yurtimiz har tomonlama obod bo‘lmoqda.
Yangi ish o‘rinlari tashkil etilib, aholi daromadlari va hayot darajasi oshmoqda.
Yoshlarimiz xalqaro maydonlarda iste’dod va mahoratini namoyon etib, Vatanimizni dunyoga tanitmoqda.
Xalq ovozi bo‘lgan mahallaning hayotimizdagi o‘rni va ta’siri kuchaymoqda.
Eng muhimi, yurtimizda tinchlik va barqarorlik, millatlar va dinlararo totuvlik hukm surmoqda.
O‘zbekistonimizning jahon hamjamiyatidagi obro‘-e’tibori yuksalmoqda.
Shu qutlug‘ ayyomda erishgan barcha yutuqlarimizning bunyodkori bo‘lgan siz, aziz yurtdoshlarimga, butun xalqimizga yana bir bor minnatdorchilik bildiraman.
Muhtaram do‘stlar!
Mamlakatimizda 2023-yilga “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”, deb nom berdik.
Yangi yilda insonni qadrlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini, qonuniy manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan ishlarimizni yuqori bosqichga ko‘taramiz.
Farzandlarimiz sifatli ta’lim va tarbiya olib, barkamol shaxs bo‘lishlari uchun boshlagan ishlarimizni izchil davom ettiramiz.
Muhtaram faxriylarimiz, aziz ayollarimiz, shuningdek, yordamga muhtoj insonlar uchun munosib sharoit yaratish e’tiborimiz markazida bo‘ladi.
Ilm-fan, tibbiyot, madaniyat va san’at sohalari vakillarini, o‘qituvchi va murabbiylarni qo‘llab-quvvatlashga ustuvor ahamiyat qaratamiz.
Muxtasar aytganda, jonajon Vatanimizda hech bir inson jamiyatimiz va davlatimizning mehri va e’tiboridan chetda qolmaydi. Buning uchun bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz.
Aziz va qadrli vatandoshlarim!
Qalblarimiz pok niyatlarga to‘lib turgan ushbu quvonchli lahzalarda sizlarni, butun xalqimizni yangi – 2023-yil bilan yana bir bor chin dildan muborakbod etaman.
Barchangizga sihat-salomatlik, xonadonlaringizga fayzu baraka, oilaviy baxtu saodat tilayman.
Yangi yilning qadami qutlug‘ kelsin!
Barcha ezgu niyatlarimiz amalga oshsin!
Yurtimiz tinch, xalqimiz omon bo‘lsin!
Yangi yil barchamizga muborak bo‘lsin!
Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti