
Prezident Shavkat Mirziyoyevga neft va gaz sohasida belgilangan vazifalar ijrosining holati yuzasidan hisobot berildi.
Maʼlumki, joriy yilning 30-yanvar kuni “Oʻzbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati faoliyati samaradorligini oshirish, uglevodorod zaxiralarini kengaytirish va tarmoqni zamonaviy texnologiyalar asosida rivojlantirish boʻyicha ustuvor vazifalar belgilangandi. 23-fevral kuni esa ushbu topshiriqlarning dastlabki ijrosi koʻrib chiqilib, qator qoʻshimcha topshiriqlar berilgan edi.
Bugungi taqdimotda mazkur chora-tadbirlarni amalga oshirish jarayoni yana bir bor tahlil qilindi.
Neft va gaz sohasida geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirish, yangi konlarni aniqlash, mavjud quduqlar samaradorligini oshirish va qazib chiqarish hajmini barqarorlashtirishga alohida toʻxtalib oʻtildi.
Bu borada soha rahbarlarining joriy yil boshidan 3D seysmik qidiruv ishlari 471 kvadrat kilometr hajmda amalga oshirigani, 11 ta yangi quduq ishga tushirilgani, 20 ta quduqda ta’mirlash ishlari bajarilgani va 5 ta texnologik tadbir amalga oshirilgani to‘g‘risidagi ma’lumoti ko‘rib chiqildi.
Shu bilan birga, sohada operatsion samaradorlikni oshirish, korxonalarning xarajatlarini maqbullashtirish va moliyaviy barqarorligini mustahkamlash boʻyicha ishlarga alohida eʼtibor qaratildi.
Davlatimiz rahbari belgilangan vazifalar va rejalashtirilgan chora-tadbirlar ijrosini aniq hisob-kitob va qatʼiy intizom asosida taʼminlashni davom ettirish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berdi.
