Samarqand viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha ustuvor vazifalar belgilandi

18 Mar 2026

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Narpay tumanida Samarqand viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari yuzasidan yigʻilish boʻlib oʻtdi.

 

Davlatimiz rahbari avvalo yigʻilganlarni kirib kelayotgan muborak Ramazon hayiti va qutlugʻ ayyom – Navroʻzi olam bilan chin qalbdan tabrikladi.

Samarqandga oxirgi tashrifdan keyin oʻtgan toʻrt oy davomida mamlakatimiz hayotida katta oʻzgarishlar roʻy bergani taʼkidlandi.

Xususan, shu haftaning oʻzida Olmaliq shahrida 3-mis boyitish fabrikasi ishga tushirildi, poytaxtimizda nafaqat Oʻzbekiston, balki butun Markaziy Osiyoning maʼnaviy xazinasi boʻlgan Islom sivilizatsiyasi markazi ochildi. Ertaga esa Payariq tumanida buyuk hadisshunos ajdodimiz Imom Buxoriy yodgorlik majmuasining ochilish marosimi oʻtkazilishi qayd etildi.

Davlatimiz rahbari bugun Vatanimiz qudratini yuksaltirish, har bir oila va har bir inson hayotini yaxshilash boʻyicha yanada katta marralar olinganini, hududlarda amalga oshirilayotgan ishlar esa bunga mustahkam zamin yaratayotganini taʼkidladi.

Shu bilan birga, bugungi talab kechagi yondashuvlar bilan cheklanib qolmaslikni, ertangi kun vazifalari esa yanada samarali va qatʼiy harakat qilishni talab etishi koʻrsatib oʻtildi.

Yigʻilishda Samarqand ishsizlik, kambagʻallik, investitsiya va eksport kabi barcha yoʻnalishlarda namunaviy viloyat boʻlishi shartligi qayd etildi.

Buning uchun viloyat mahallalari infratuzilmasini yaxshilashga 100 million dollar, Urgut tumaniga qoʻshimcha 50 million dollar ajratildi. Umuman, viloyatga barcha manbalar hisobidan 11 trillion soʻm yoʻnaltirilmoqda. Tadbirkorlarga kredit resurslari uchun yana 18 trillion soʻm berilayotgani taʼkidlandi.

Ushbu mablagʻlar, eng avvalo, tumanlarda ishsizlik va kambagʻallikni qisqartirishga, pirovardida esa viloyat iqtisodiyotini yuksaltirishga xizmat qilishi shartligi qayd etildi.

Yigʻilishda tumanlarning sanoat, servis va qishloq xoʻjaligi koʻrsatkichlari, yer osti va yer usti zaxiralari, mehnat resurslari, aholining biznes va kasbiy koʻnikmalarini sunʼiy intellekt yordamida tahlil qilish, mahallalar imkoniyatlaridan kelib chiqib, har bir tumanning ichki rivojlanish modelini yaratish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.

Mazkur tahlillar asosida tuman hokimlari, “mahalla yettiligi” va mahalla bankirlari resurslarni eng koʻp ish oʻrni yaratadigan va budjet tushumlarini oshiradigan loyihalarga yoʻnaltirishi lozim.

Ushbu tizim 1-mayga qadar Narpay va Termiz tumanlarida joriy qilinib, butun respublika uchun namuna sifatida tatbiq etilishi belgilandi.

Yigʻilishda Samarqand viloyati rahbariyati oldida kamida 9 foiz iqtisodiy oʻsishni taʼminlab, yalpi hududiy mahsulot hajmini 144 trillion soʻmdan oshirish, 3 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb etish va eksportni 1,2 milliard dollarga yetkazish vazifasi turgani qayd etildi.

Shuningdek, 100 ming aholini doimiy ish bilan taʼminlash, 31 ming oilani kambagʻallikdan chiqarish va viloyatni ishsizlik hamda kambagʻallikdan xoli hududga aylantirish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.

Mavjud imkoniyatlar va ishga solinmagan salohiyat Narpay, Qoʻshrabot, Kattaqoʻrgʻon, Paxtachi tumanlari misolida tahlil qilindi.

Ushbu tumanlar va Kattaqoʻrgʻon shahrining viloyat sanoatidagi jami ulushi atigi 10 foizni tashkil qilayotgani qayd etildi. Shu munosabat bilan mazkur hududlarda sanoatni rivojlantirish boʻyicha alohida dastur qabul qilinib, 1 trillion 200 milliard soʻm ajratiladi. Bu mablagʻning 800 milliard soʻmi sanoat loyihalarini zarur infratuzilma bilan taʼminlashga, qolgan 400 milliard soʻmi yoʻl, suv, elektr taʼminotini yaxshilash, servis va renovatsiya loyihalariga yoʻnaltiriladi.

Mazkur mablagʻlar hisobidan Kattaqoʻrgʻon shahridan 40 kilometr masofada joylashgan Ingichka shaharchasiga sanoat va Yangi Oʻzbekiston qiyofasi kirib borishi, Kattaqoʻrgʻon shahri markazidagi Narpay kanali ustida 60 yil avval qurilgan koʻprik ham rekonstruksiya qilinishi belgilandi.

Joriy yil Samarqand viloyatiga 500 ta elektrobus olib kelish choralarini koʻrish topshirildi.

Umuman, Narpay, Paxtachi, Payariq, Qoʻshrabot, Ishtixon, Kattaqoʻrgʻon tumanlari va Kattaqoʻrgʻon shahrida sanoat va servisni rivojlantirish, hududlarga yangicha qiyofa olib kirish ustuvor vazifa sifatida belgilab berildi.

Yigʻilishda jahondagi notinchliklar tufayli logistika zanjirlarining uzilishi, neft narxi va transport xarajatlarining oshib borayotgani oziq-ovqat narxlariga taʼsir qilishi tabiiy ekani taʼkidlandi. Shu bilan birga, dunyoda qariyb 100 million turist sayohat uchun tinch va xavfsiz mamlakatlarni qidirayotgani qayd etildi.

Bunday sharoitda oziq-ovqat mahsulotlarini koʻpaytirish, turizm va servis sohalaridagi mavjud imkoniyatlarni toʻliq ishga solish hokimlarning eng asosiy vazifasi boʻlishi kerakligi koʻrsatib oʻtildi.

Yaylov yerlarini toʻgʻridan-toʻgʻri ijaraga berish muddati yana bir yilga uzaytirilishi belgilandi. Viloyatning 4 ta tumanida jami 43 ming gektar maydonda jamoat yaylovlari tashkil etilib, mahallalarga 30 yilga bepul ijaraga beriladi. Yaylovlarda quduq qazish, suv chiqarish, urugʻ ekish va degradatsiyadan chiqarish xarajatlari uchun 50 milliard soʻm ajratiladi.

Chorva naslchiligini rivojlantirish maqsadida laboratoriya uskunalari va naslli qoramol xaridi uchun 10 yilga 12 foizli kredit ajratiladi. Bulungʻur tumanida 50 million dollarlik goʻsht yoʻnalishidagi naslchilik korxonasi, Qoʻshrabotda esa 20 million dollarlik tuxum yoʻnalishidagi naslchilik korxonasi ishga tushiriladi.

Joriy yil 1-maydan boshlab baliqchilik xoʻjaliklariga quyosh panellarini oʻrnatish uchun 16 foizli kredit ajratiladi. Panelni oʻz mablagʻi hisobidan oʻrnatganlarga esa xarajatning 25 foizi qoplab beriladi.

Kartoshka yetishtirish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi. Jumladan, Misrdan 250 ming dona kartoshka mini tuganagi olib kelinib, Bulungʻur tumanida koʻpaytirish boshlanadi. Gollandiyadan 6 ming tonna urugʻlik kartoshka olib kelinib, fermerlarga ustamasiz yetkazib beriladi.

Prezidentimiz turizm sohasidagi vazifalarga ham alohida toʻxtalib oʻtdi.

Xalqaro turizm bozoridagi noaniqlik sharoitida Oʻzbekistonni xavfsiz turistik yoʻnalish sifatida targʻib qilish boʻyicha katta kampaniya boshlanishi qayd etildi. Bu jarayonda turizm uchun eng qulay davr boʻlgan aprel-iyun oylari uchun alohida dastur tayyorlanib, “Oʻzbekistonda ochiq turizm mavsumi” eʼlon qilinadi.

Ushbu muddatda aviakompaniyalarga yangi reyslar yoʻlga qoʻyib, olib kelingan har bir xorijiy sayyoh uchun 100 dollardan subsidiya beriladi. Bunday aviakompaniyalarga aeroport xizmatlari uchun 20 foiz chegirma taqdim etiladi.

1-apreldan boshlab turoperatorlarga uch oy mobaynida jalb qilingan har 1 ming xorijiy turist uchun byudjetdan 5 ming dollargacha subsidiya beriladi. Qoʻshilgan qiymat soligʻining yarmi “keshbek” sifatida qaytariladi.

Ijtimoiy tarmoqlarda 5 milliondan ortiq kuzatuvchisi boʻlgan 50 nafar xorijiy blogerga Oʻzbekistonga kelish uchun yetti kunlik bepul turpaket taqdim etiladi.

Joriy yilning oʻzida Samarqandda dunyoga mashhur kamida 5 nafar sanʼatkorning gastrolini, shuningdek, 10 ta biznes-forum va moda festivalini oʻtkazish muhimligi taʼkidlandi.

Shu bilan birga, Samarqandni aniq va tabiiy fanlar boʻyicha olimpiada, forum va ilmiy konferensiyalar oʻtkaziladigan xalqaro xabga aylantirish uchun barcha imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi.

Mavjud salohiyatdan samarali foydalanish hisobiga Samarqandga yil yakuniga qadar 6 million sayyoh olib kelish maqsadi belgilab olindi.

Yigʻilishda viloyat va tuman hokimlari, tarmoq rahbarlari hamda boshqa mutasaddilarning hisobotlari tinglandi, Samarqand ahli bilan muloqot qilindi.

Related