Turkman xalqining milliy yetakchisi O‘zbekiston Prezidentini samimiy tabrikladi

24 Iyul 2026

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24-iyul kuni Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqot qildi.

Turkmaniston milliy yetakchisi davlatimiz rahbarini tavallud kuni bilan samimiy tabriklab, unga mustahkam sog‘lik, baxt-saodat va katta muvaffaqiyatlar, qardosh O‘zbekiston xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tiladi.

Shuningdek, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Gurbanguli Berdimuhamedov Prezidentimizning tinimsiz mehnati va uzoqni ko‘zlab yuritayotgan siyosati tufayli O‘zbekiston yangi marralarni zabt etayotgani, ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy sohalarda salmoqli taraqqiyotga erishayotganini alohida ta’kidladi.

Suhbatda oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida O‘zbekiston-Turkmaniston do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

O‘zaro ishonch va umumiy manfaatlarni hisobga olish tamoyillariga asoslangan ko‘p qirrali hamkorlik sur’ati ortib borayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Barcha darajalarda faol muloqotlar davom ettirilmoqda. Yaqinda Ashxobodda o‘tgan siyosiy maslahatlashuvlarning samarali yakunlari yuksak baholandi.

O‘zaro tovar ayirboshlash va yuk tashish hajmi jadal o‘sib bormoqda. «Shovot-Toshovuz» savdo zonasining samarali faoliyati ham o‘zaro savdo hajmini oshirishga xizmat qilmoqda.

Energetika, sanoat, qishloq va suv xo‘jaligi, transport sohalarida kooperatsiya loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Parlamentlararo, hududlararo, ishbilarmonlik va madaniy-gumanitar almashinuvlarni yanada kengaytirish muhimligi qayd etildi.

Mintaqaviy kun tartibini, shu jumladan joriy yil kuzda Avaza shahrida o‘tkaziladigan Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuviga tayyorgarlik ko‘rish doirasida muvofiqlashtirish va ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi.

Related