


28-iyul kuni xorijiy davlatlarning mamlakatimizga yangi tayinlangan elchilari tomonidan ishonch yorliqlarini topshirishga bagʻishlangan tantanali marosim oʻtkazildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev favqulodda va muxtor elchilar – Italiya Respublikasidan Guido de Sanktis, Falastin Davlatidan Vaill Battrexi, Saudiya Arabistoni Podshohligidan Saad Abu Xaymid, Kuvayt Davlatidan Turki Al-Mekrad, Jazoir Xalq Demokratik Respublikasidan Jamila Ashur, Malayziyadan Rafeda binti Abdul Aziz, Pokiston Islom Respublikasidan Muhammad Mudassir Tipu, Ozarbayjon Respublikasidan Rashad Mamedov va Qozogʻiston Respublikasidan Yerali Tugjanovlarning ishonch yorliqlarini qabul qilib oldi.
Davlatimiz rahbari diplomatik vakolatxonalar rahbarlarini Yangi Oʻzbekistondagi sharafli missiyasi boshlangani bilan chin qalbdan samimiy tabrikladi.
Dunyoda turli geosiyosiy ziddiyatlar tobora avj olayotgan hozirgi murakkab davrda diplomatlarning masʼuliyatli faoliyati har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etishi taʼkidlandi.
Prezidentimiz har bir elchiga murojaat qilib, ular vakillik qilayotgan davlatlar bilan hamkorlikni yanada kengaytirish boʻyicha vazifalarga alohida toʻxtalib oʻtdi.
Italiya katta siyosiy va iqtisodiy salohiyatga ega muhim sherik ekani taʼkidlanib, “yashil” energetika, metallurgiya, kimyo, qishloq xoʻjaligi, sogʻliqni saqlash, farmatsevtika, taʼlim va turizm sohalaridagi loyihalar amalga oshirilayotgani, Toshkent shahrida Turin politexnika va Piza universitetlari filiallari samarali faoliyat yuritayotgani qayd etildi.
Oʻzbekiston yetakchisi Lombardiya va Toskana hududlari bilan hamkorlik aloqalari, xususan, tibbiyot xodimlarini tayyorlash boʻyicha qoʻshma tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlashini bildirdi.
Falastin bilan munosabatlar azaliy doʻstlik ruhida rivojlanmoqda. Oʻzbekiston Isroil-Falastin muammosini “ikki xalq uchun ikki davlat” tamoyili asosida tinch yoʻl bilan hal etish tarafdori boʻlib kelmoqda.
Mamlakatimizning Tinchlik kengashiga taʼsischi davlat sifatida kirishi Gʻazoni qayta tiklashga koʻmaklashishga qaratilgani qayd etildi.
Saudiya Arabistoni bilan hamkorlik boshqalar uchun namuna boʻlmoqda. Davlatimiz rahbari 25 milliard dollarlik loyihalar portfeli shakllangani, Saudiya taraqqiyot jamgʻarmasi islohotlarimizga faol koʻmak koʻrsatayotganini alohida eʼtirof qildi.
Qolaversa, tibbiyot, farmatsevtika va “yashil” energetika sohalarida katta salohiyat mavjudligi qayd etildi. Shuningdek, fuqarolarimizga Haj va Umra ziyoratlari uchun yaratilayotgan sharoitlar yuqori baholandi.
Kuvayt bilan savdo-iqtisodiyot, investitsiya, infratuzilma, sogʻliqni saqlash va taʼlim sohalarida aloqalarni yangi bosqichga koʻtarish, Kuvayt investitsiya agentligi bilan neft-kimyo tarmog‘ida va davlat-xususiy sheriklik asosida loyihalarni amalga oshirish uchun keng imkoniyatlar borligi taʼkidlandi.
Oliy darajada erishilgan kelishuvlarning toʻliq ijro etilishi xalqlarimiz manfaatlariga birdek xizmat qilishi bildirildi.
Jazoir bilan soʻnggi yillarda yuqori darajadagi muloqotlarimiz faollashgani eʼtirof qilindi.
Shuningdek, neft-gaz, energetika, togʻ-kon, qishloq xoʻjaligi va turizm sohalarida oʻzaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish uchun katta salohiyat mavjudligi taʼkidlandi. Hukumatlararo qoʻshma komissiyani taʼsis etish va Imtiyozli savdo bitimini imzolash muhimligi qayd etildi.
Malayziya bilan munosabatlarimiz soʻnggi yillarda barcha yoʻnalishlarda izchil rivojlanib bormoqda. Oliy va yuqori darajadagi muloqotlar faollashdi. Bozorimizga ushbu mamlakatning yetakchi kompaniyalari faol kirib kelmoqda.
Oʻzbekiston yetakchisi yarim oʻtkazgichlar, neft-kimyo, islom moliyasi va ziyorat turizmi sohalarida hamkorlikni rivojlantirish uchun katta salohiyat borligiga urgʻu berdi.
Pokiston bilan strategik sheriklik munosabatlari oʻzaro hurmat va ishonch ruhida rivojlanib, yangi sifat bosqichiga koʻtarildi.
Toshkent – Karachi yoʻnalishida toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovlar yoʻlga qoʻyilishi, Transafgʻon transport yoʻlagi loyihasini amalga oshirish, sanoat kooperatsiyasi, energetika, qishloq xoʻjaligi, toʻqimachilik, farmatsevtika va turizm sohalaridagi sheriklikni yanada chuqurlashtirish ustuvor vazifa ekani taʼkidlandi.
Ozarbayjon bilan munosabatlar ikki davlat yetakchilarining qatʼiy siyosiy irodasi tufayli strategik sheriklik va ittifoqchilik darajasiga koʻtarildi. Savdo hajmi 40 foizga oshib, qoʻshma korxonalar soni salkam 450 taga yetdi, yuk tashish hajmi esa ikki barobarga oʻsdi.
Oʻzbekiston va Ozarbayjon oʻrtasidagi investitsiya portfelini yaqin istiqbolda 10 milliard dollarga yetkazish boʻyicha katta marra olingani maʼlum qilindi.
Boʻlajak oliy darajadagi uchrashuvlar ikki tomonlama hamkorlikka yangi shiddat berishi qayd etildi.
Davlatimiz rahbari Qozogʻiston elchisiga murojaat qilar ekan, mamlakatlarimiz oʻrtasidagi azaliy doʻstlik rishtalari mustahkamlanib, hozirgi vaqtda strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari kengayib borayotganini taʼkidladi.
Oʻzaro savdo hajmini 10 milliard dollarga yetkazish asosiy maqsad ekani, 8 milliard dollarlik qoʻshma investitsiya loyihalari portfeli shakllantirilgani taʼkidlandi, “Markaziy Osiyo” xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazini toʻliq ishga tushirishdan manfaatdorlik bildirildi.
Marosim yakunida davlatimiz rahbari yangi tayinlangan elchilarga sharafli va masʼuliyatli diplomatik faoliyatlariga ulkan zafarlar tiladi. Oʻzaro sheriklikni mustahkamlash uchun qulay shart-sharoitlar yaratib berilishini taʼkidladi. Barcha elchilarni xususiy sektor va hududlar bilan faol ishlashga, joylardagi bunyodkorlik jarayonlari bilan yaqindan tanishishga chaqirdi.
Oʻz navbatida, diplomatlar samimiy qabul va yaratilgan imkoniyatlar uchun chuqur minnatdorlik izhor etib, Oʻzbekiston bilan koʻp qirrali hamkorlikni faol ilgari surish yoʻlida bor imkoniyatlarini ishga solishlarini taʼkidladi.
