Bugungi kunda ekologiya va iqlim o‘zgarishi masalalari O‘zbekiston hamda Ozarbayjon o‘rtasidagi strategik hamkorlikning yangi va istiqbolli yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda. Ikkala mamlakat ham «yashil» iqtisodiyotga o‘tish, iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish, bioxilma-xillikni asrash hamda barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilagan. Shu bois so‘nggi yillarda ikki davlat o‘rtasidagi ekologik hamkorlik nafaqat ikki tomonlama, balki mintaqaviy va xalqaro maydonlarda ham izchil rivojlanib bormoqda.
O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi ekologik hamkorlik 2008-yil 11-sentabr kuni Boku shahrida imzolangan Atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi bitim asosida amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda mazkur hamkorlikni yanada yangi bosqichga olib chiqish maqsadida hukumatlararo Atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi bitim loyihasi ishlab chiqilmoqda. Ushbu hujjat ikki mamlakat ekologik siyosatini uyg‘unlashtirish va uzoq muddatli qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun mustahkam institutsional asos yaratishi kutilmoqda.
Ta’kidlash joizki, so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Ozarbayjon ekologik diplomatiya doirasidagi hamkorligini sezilarli darajada faollashtirdi. 2023-yil dekabr oyida Dubay shahrida bo‘lib o‘tgan COP28 doirasida Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (IHT) mamlakatlari vazirlari uchrashuvida resurslardan samarali foydalanish, barqaror rivojlanish va aylanma iqtisodiyot masalalari muhokama qilindi. Mazkur uchrashuv ikki mamlakat ekologiya idoralari o‘rtasidagi muloqotni yangi bosqichga olib chiqdi. 2024-yilda Boku shahrida o‘tkazilgan COP29 konferensiyasi esa ikki davlat ekologik hamkorligining muhim bosqichiga aylandi. Aynan O‘zbekiston milliy pavilyonida Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar ekologiya vazirlarining tarixdagi ilk uchrashuvi o‘tkazildi. Yakunda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan deklaratsiya imzolandi.
COP29 doirasida Osiyo taraqqiyot banki tomonidan “Muzliklardan fermer xoʻjaliklarigacha” mintaqaviy dasturi ishga tushirildi. Ushbu tashabbus Markaziy Osiyo, Janubiy Kavkaz va Pokiston hududlarida muzliklarning erishi oqibatlarini yumshatish, suv resurslarini kompleks boshqarish hamda qishloq xo‘jaligi va ijtimoiy infratuzilmaning barqarorligini ta’minlashga qaratilgan bo‘lib,
2025–2034-yillarda 3,5 milliard AQSH dollari miqdoridagi investitsiyalarni safarbar etishni nazarda tutadi.
Ekologik hamkorlik faqat hukumatlar darajasidagi muloqot bilan cheklanmayapti. 2023–2024-yillarda ozarbayjonlik yosh ekolog-faollar Samarqand shahrida o‘tkazilgan xalqaro ekologik oromgohda faol ishtirok etdi. Ushbu loyiha yoshlar o‘rtasida ekologik madaniyatni rivojlantirish, tajriba almashish va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
2024-yilda esa Ozarbayjon Ekologiya va tabiiy resurslar vazirligi axborot xizmati delegatsiyasi O‘zbekistonga tashrif buyurib, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi axborot xizmati faoliyati bilan tanishdi. Tashrif I O‘zbekiston–Ozarbayjon media forumi doirasida tashkil etildi va ekologik kommunikatsiyalar bo‘yicha tajriba almashishga xizmat qildi. 2025-yilda Ozarbayjon Prezidenti vakili, COP29 prezidenti Muxtor Babayev Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan «Markaziy Osiyo global iqlim tahdidlari qarshisida: umumiy farovonlik yo‘lida birlashuv» xalqaro konferensiyasining ilk ishtirokchilaridan biri bo‘ldi. 2026-yilda esa O‘zbekiston Ekologiya qo‘mitasi delegatsiyasi Bokuda BMT Sanoatni rivojlantirish tashkiloti (UNIDO) tomonidan tashkil etilgan mintaqaviy seminarda ishtirok etdi.
Mutaxassislar fikricha, ikki mamlakat o‘rtasidagi ekologik hamkorlikni yanada chuqurlashtirish uchun bir qator istiqbolli yo‘nalishlar mavjud. Birinchidan, Ozarbayjon havo sifati monitoringi va yashil infratuzilmani rivojlantirish borasida katta tajribaga ega. Shu sababli yashil urbanizatsiya, atmosfera havosi sifatini yaxshilash va ekologik monitoring tizimlari bo‘yicha tajriba almashish ikki tomon uchun ham foydali bo‘ladi.
Ikkinchidan, “Green University” negizida qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni kengaytirish, professor-o‘qituvchilar va yosh olimlar almashinuvini yo‘lga qo‘yish ekologiya sohasidagi ilmiy salohiyatni yanada mustahkamlaydi.
Uchinchidan, alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar va milliy bog‘larni boshqarish bo‘yicha tajriba almashish bioxilma-xillikni saqlashning zamonaviy mexanizmlarini joriy etishga xizmat qiladi.
To‘rtinchidan, hukumatlararo ekologik hamkorlik to‘g‘risidagi yangi bitimni imzolash va uning ijrosini muvofiqlashtiruvchi qo‘shma ishchi guruhni tashkil etish hamkorlikni tizimli asosda rivojlantirish imkonini beradi.
Beshinchidan, Ozarbayjonning Yovvoyi hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlarini muhofaza qilish to‘g‘risidagi konvensiyaga qo‘shilishi mintaqada biologik xilma-xillikni saqlash va migratsiya yo‘llarini muhofaza qilish bo‘yicha hamkorlikni yanada kuchaytirishi mumkin.
O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi ekologik hamkorlik iqlim diplomatiyasi, yashil iqtisodiyot, ekologik ta’lim, ilmiy tadqiqotlar va mintaqaviy tashabbuslarni qamrab olgan keng ko‘lamli strategik sheriklikka aylanmoqda. Kelgusida hukumatlararo bitimning imzolanishi, “Green University” negizidagi ilmiy hamkorlikning kengayishi, yashil urbanizatsiya, havo sifati monitoringi hamda qo‘riqlanadigan tabiiy hududlarni boshqarish bo‘yicha qo‘shma loyihalarning amalga oshirilishi ikki mamlakatning ekologik barqaror rivojlanish yo‘lidagi hamkorligini yangi bosqichga olib chiqishi kutilmoqda. Mazkur hamkorlik nafaqat O‘zbekiston va Ozarbayjon, balki butun turkiy makon hamda Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz mintaqasida ekologik xavfsizlikni ta’minlashga munosib hissa qo‘shadi.