Markaziy Osiyoda iqlim o‘zgarishi, suv resurslarining qisqarishi,
bioxilma-xillikning kamayishi hamda transchegaraviy ekologik tahdidlar mintaqa davlatlaridan yanada yaqin hamkorlikni talab qilmoqda. Shu nuqtayi nazardan, O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi hamkorlik so‘nggi yillarda izchil rivojlanib bormoqda.
Ikki mamlakat o‘rtasidagi ekologik hamkorlikning huquqiy poydevori 1996-yil 24-dekabrda imzolangan Atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi Hukumatlararo bitim bilan yaratilgan. Mazkur hujjat asosida ekologiya yo‘nalishidagi vazirlik va idoralar o‘rtasida muntazam muloqot yo‘lga qo‘yilgan. Mutaxassislar ekologik forumlar, xalqaro konferensiyalar, ilmiy seminarlar va treninglarda faol ishtirok etib, dolzarb ekologik muammolar bo‘yicha tajriba almashmoqda.
Ta’kidlash joizki, 2022–2025-yillar davomida ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik sezilarli darajada faollashdi. 2022-yilda Bishkek shahrida Qor qoploni va uning ekotizimlarini saqlash bo‘yicha Global dastur (GSLEP) Boshqaruv qo‘mitasining
7-yig‘ilishida O‘zbekiston vakillari ishtirok etdi. 2023-yilda yovvoyi hayvonlarning noqonuniy savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha mintaqaviy seminar hamda
2024-yilda BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha Hadli konvensiyasi doirasidagi Ikki yillik shaffoflik hisobotlarini tayyorlashga bag‘ishlangan o‘quv seminari ikki mamlakat mutaxassislarining malakasini oshirishda muhim maydonga aylandi.
2024-yil 19-iyulda esa Qirg‘iz Respublikasi Tabiiy resurslar, ekologiya va texnik nazorat vazirligi bilan “Green University”da grant o‘rinlarini ajratish bo‘yicha Memorandum imzolandi. Ushbu hujjat ekologiya sohasida zamonaviy kadrlar tayyorlashning yangi modelini yaratishga xizmat qilmoqda. Shuningdek, 2024-yil dekabr oyida “Green University”da Xalqaro tog‘lar kuni munosabati bilan Qirg‘iz Respublikasi elchixonasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbir ekologik diplomatiya va ilmiy hamkorlikni mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.
Ekologik muammolar chegara bilmaydi. Shu sababli ikki davlat ko‘plab xalqaro va mintaqaviy tashabbuslarda birgalikda ishtirok etmoqda. 2019-yilda Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston tomonidan YUNESKOning «G‘arbiy Tyanshan» transchegaraviy Butunjahon tabiiy merosi obyektini boshqarish bo‘yicha Memorandum imzolandi. Bu hujjat noyob tog‘ ekotizimlarini asrash yo‘lidagi muhim mexanizmga aylandi. 2021-yilda esa G‘arbiy Tyanshan va Pomir-Olay hududlarida qor qoploni, uning oziq bazasi hamda yashash muhitini muhofaza qilish bo‘yicha anglashuv memorandumi imzolandi.
Bundan tashqari, ikki davlat MDH, SHHT, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi, GSLEP va boshqa xalqaro platformalar doirasida ham faol hamkorlik qilmoqda. 2023-yilda COP28 doirasida Markaziy Osiyo davlatlarining iqlim bo‘yicha qo‘shma bayonoti ishlab chiqildi. 2024-yilda “Green University”ning ochilish marosimida mintaqa ekologiya vazirlari ishtirok etdi. 2025-yilda Cho‘lpon-Ota shahrida bo‘lib o‘tgan GSLEP Boshqaruv qo‘mitasining IX yig‘ilishida O‘zbekiston delegatsiyasi faol qatnashdi.
O‘zbekiston va Qirg‘iziston ekologiya sohasida bir qator yirik xalqaro tashkilotlar bilan qo‘shma loyihalarni amalga oshirmoqda. Xususan, “Fauna & Flora International” (FFI) bilan yovvoyi hayvonlarning noqonuniy savdosiga qarshi kurash, GIZ bilan “Yashil Markaziy Osiyo”, iqlim xatarlarini boshqarish hamda yer resurslarini integratsiyalashgan boshqarish loyihalari, IUCN bilan zoonoz kasalliklariga nisbatan landshaftlarning barqarorligini oshirish tashabbuslari shular sirasiga kiradi. Mazkur loyihalar mintaqada ekologik boshqaruv sifatini yaxshilash, ilmiy salohiyatni mustahkamlash va zamonaviy ekologik texnologiyalarni joriy etishga xizmat qilmoqda.
Bugungi sharoitda ikki mamlakat oldida yangi vazifalar turibdi. Birinchidan, Qirg‘iz Respublikasini Sirdaryo havzasi suv sifati va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha O‘zbekiston–Qozog‘iston qo‘shma ishchi guruhi faoliyatiga jalb etish transchegaraviy suv resurslarini samarali boshqarishga xizmat qiladi.
Ikkinchidan, G‘arbiy Tyanshandagi alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni birgalikda boshqarish bo‘yicha muloqotni kuchaytirish bioxilma-xillikni saqlash, yovvoyi hayvonlar migratsiyasini himoya qilish va ilmiy axborot almashinuvini kengaytirish imkonini beradi.
Uchinchidan, BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasi ko‘magida Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun “Ekologik faoliyat samaradorligi bo‘yicha mintaqaviy sharh”ni ishlab chiqish tashabbusini ilgari surish ekologik siyosat samaradorligini baholashning yagona mintaqaviy mexanizmini shakllantiradi. Shuningdek, ekologiya, suv resurslari, muzliklar monitoringi, yuqori tog‘ hududlaridagi qor qoplami va bioxilma-xillik bo‘yicha qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni kengaytirish dolzarb vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda. Qolaversa, transchegaraviy ekologik xavfsizlikka ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi ekologik hamkorlik bugungi kunda strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilib bormoqda. Iqlim o‘zgarishi, suv xavfsizligi, bioxilma-xillikni saqlash, “yashil” iqtisodiyot va ilmiy innovatsiyalar sohalaridagi qo‘shma tashabbuslar nafaqat ikki mamlakat, balki butun Markaziy Osiyoning ekologik barqarorligi uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Kelajakda ilmiy hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, transchegaraviy ekologik monitoringni kuchaytirish, xalqaro loyihalarni kengaytirish hamda ekologik diplomatiyani rivojlantirish O‘zbekiston va Qirg‘iz Respublikasining barqaror rivojlanish yo‘lidagi strategik hamkorligini yangi bosqichga olib chiqishi shubhasiz.