Choʻlponota shahridagi “Ruh Ordo” madaniyat markazida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov bilan tor doiradagi va rasmiy delegatsiyalar aʼzolari ishtirokidagi muzokaralari boʻlib oʻtdi.
Oʻzbekiston – Qirgʻiziston har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va ustuvor yoʻnalishlarda amaliy hamkorlikni kengaytirish istiqbollari atroflicha muhokama qilindi.
Davlatimiz rahbari bugungi kunda Oʻzbekiston – Qirgʻiziston munosabatlari har qachongidan ham yuksak darajaga koʻtarilganini alohida taʼkidladi.
Soʻnggi yillarda oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi qariyb 10 barobarga oshib, oʻtgan yil yakuni bilan 1,2 milliard dollarga yetdi. 450 ta qoʻshma korxona tashkil etildi, kooperatsiya loyihalarini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan Taraqqiyot fondi samarali faoliyat yuritmoqda.
Shaharlar oʻrtasida 15 ta aviaqatnov, 5 ta avtobus yoʻnalishi yoʻlga qoʻyilgan.
Bu galgi tashrif arafasida Hukumatlararo komissiya, Ishbilarmonlar kengashi yigʻilishlari, biznes forum, rektorlar va tahliliy markazlar vakillarining uchrashuvlari, Oʻzbekiston madaniyati kunlari hamda qator boshqa tadbirlar muvaffaqiyatli oʻtkazildi.
Muzokaralar davomida tomonlar parlamentlar, hukumatlar, vazirlik, idora va hududlar, ishbilarmon doiralar va ekspertlar darajasidagi faol aloqalarni davom ettirishga kelishib oldilar. Davlatlararo kengash tuzishga qaror qilindi.
Xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar, jumladan, BMT, ShHT, Turkiy davlatlar tashkiloti, Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining Maslahat uchrashuvi hamda boshqa koʻp tomonlama platformalar doirasida yaqin hamkorlikni davom ettirish zarurligi taʼkidlandi.
Oʻzaro savdo hajmini 2 milliard dollarga yetkazish vazifasidan kelib chiqib, yaqin fursatda import oʻrnini faol bosish asosida oʻzaro mahsulot yetkazib berish hajmlarini oshirish choralari koʻriladi. Shuningdek, ikki davlat poytaxtlarida savdo uylari va vakolatxonalari ochiladi.
Ustuvor yoʻnalishlarda sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Bunda energetika, geologiya, muhim minerallar, logistika, qishloq xoʻjaligi, farmatsevtika, toʻqimachilik va boshqa sohalarda qoʻshma loyihalarni amalga oshirish koʻzda tutilmoqda.
Kuni kecha boʻlib oʻtgan biznes forumi doirasida yangi savdo shartnomalari va investitsiya kelishuvlarining toʻplami qabul qilindi.
Energetika sohasidagi hamkorlik strategik yoʻnalish sifatida belgilandi. Qambarota GES-1 qurilishi loyihasi boʻyicha bitimni imkon qadar tezroq imzolab, uni amaliy bosqichga oʻtkazish muhimligi taʼkidlandi.
“Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston” temir yoʻlini qurish boʻyicha amalga oshirilayotgan yirik loyihaning joriy holati yuzasidan fikr almashildi.
Transport sohasida oʻzaro bogʻliqlikni mustahkamlash maqsadida mazkur temir yoʻl boʻylab chegaraoldi va savdo-logistika infratuzilmasini rivojlantirish, ruxsat berish tartib-taomillarini raqamlashtirish, avtotashuvchilar uchun qulay sharoitlar yaratishga kelishib olindi.
Ikki mamlakat hududlari savdo-iqtisodiy hamkorlikning oʻsish nuqtalari ekani taʼkidlandi.
Bu borada joriy yil yakuniga qadar barcha viloyatlar ishtirokida birinchi Hududlar forumi oʻtkazilishi hamda ularning oʻzaro tashriflari jadvali tasdiqlanishi belgilab olindi.
Madaniyat, yoshlar, turizm, taʼlim, ilm-fan va sport sohalaridagi faol almashinuvlar davom ettiriladi.
Muzokaralar davomida Bosh vazir oʻrinbosarlarining savdo-iqtisodiy kun tartibi boʻyicha aniq takliflarni oʻzi ichiga olgan axborotlari tinglandi.
Yakunda Shavkat Mirziyoyev Sadir Japarovni oʻzi uchun qulay vaqtda Oʻzbekistonga tashrif bilan kelishga taklif etdi.
