Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov boʻlib oʻtgan muzokaralar yakunlari boʻyicha ommaviy axborot vositalari vakillari uchun bayonot berdilar.
Mamlakatimiz yetakchisi Qirgʻizistonga bu galgi davlat tashrifi tarixiy ahamiyatga ega boʻlib, Oʻzbekiston – Qirgʻiziston koʻp qirrali hamkorligida yangi sahifani ochganini taʼkidladi.
Ushbu sammitga birgalikda katta tayyorgarlik ishlari amalga oshirilgani qayd etildi. Hukumatlararo komissiya yigʻilishi, biznes forum, rektorlar va tahliliy markazlar vakillarining uchrashuvlari muvaffaqiyatli oʻtkazildi. Ayni paytda Qirgʻizistonda Oʻzbekiston madaniyati kunlari doirasida turli tadbirlar oʻtmoqda.
Fursatdan foydalanib, Prezidentimiz qardosh Qirgʻizistonni 2027-2028-yillarda BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy boʻlmagan aʼzosi etib saylangani munosabati bilan samimiy tabrikladi. Bu mamlakat va butun Markaziy Osiyoning nufuzi yuksalayotganining eʼtirofidir.
Bugungi muzokaralar har doimgidek ochiq, konstruktiv va doʻstona ruhda oʻtgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
Davlat rahbarlari ikki tomonlama kun tartibidagi dolzarb masalalarning barcha jabhalarini atroflicha muhokama qildilar. Bosh vazir oʻrinbosarlarining savdo-iqtisodiy sohadagi aniq rejalarni oʻz ichiga olgan axborotlarini tingladilar.
Ittifoqchilik munosabatlari toʻgʻrisidagi shartnomaning imzolanishi sammitning eng muhim natijasi boʻldi.
Ushbu hujjat ikki tomonlama sheriklikni davlatlararo aloqalarning eng yuqori darajasiga olib chiqadi.
– Endi bizning asosiy vazifamiz – hamkorligimizni mamlakatlarimiz va xalqlarimiz taraqqiyoti hamda farovonligiga xizmat qiladigan yangi mazmun, loyiha va tashabbuslar bilan boyitish, – dedi davlatimiz rahbari.
Ikki davlat Prezidentlari raisligida Davlatlararo kengashni tuzish boʻyicha kelishuvga erishildi. Bu ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlash va hamkorlikning uzoq muddatli ustuvor yoʻnalishlarini belgilashning asosiy mexanizmi boʻladi.
Shu bilan birga, tomonlar bundan buyon ham siyosiy muloqotni rivojlantirish, mintaqaviy va xalqaro maydonlarda bir-birini qoʻllab-quvvatlash va pozitsiyalarni yaqindan muvofiqlashtirishga tayyor ekanligini tasdiqladilar.
Yangi iqtisodiy kun tartibini shakllantirishga alohida eʼtibor qaratildi. Soʻnggi yillarda oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi qariyb 10 barobarga oshib, oʻtgan yil yakuni bilan 1,2 milliard dollardan ziyodni tashkil qildi. Jadal oʻsish surʼatlari saqlanib qolayotganini inobatga olib, ushbu koʻrsatkichni kelgusi yilning oʻzida 2 milliard dollarga yetkazish vazifasi qoʻyildi.
Yetakchilar sanoat kooperatsiyasining yangi oʻsish nuqtalarini, eng avvalo, ikki mamlakat iqtisodiyotlari bir-birini toʻldiruvchi sohalarda yaratishga alohida toʻxtaldilar.
Bu borada kecha boʻlib oʻtgan biznes forumi doirasida energetika, elektrotexnika, farmatsevtika, qishloq xoʻjaligi va toʻqimachilik sohalarida yangi loyihalar kelishildi. Shuningdek, xomashyo resurslarini birgalikda qazib olish boʻyicha aniq rejalar belgilandi.
Bunday loyihalarni qoʻllab-quvvatlash uchun qoʻshma Taraqqiyot fondi salohiyatidan samarali foydalaniladi.
Ikki mamlakatning transport sohasidagi oʻzaro bogʻliqligi va tranzit salohiyatini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratildi. “Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston” temir yoʻli qurilishi boʻyicha strategik loyihani amalga oshirish ishlari jadal davom etayotgani qayd etildi.
Mazkur temir yoʻli boʻylab savdo-logistika infratuzilmasini birgalikda rivojlantirish, savdo va transport jarayonlariga raqamli yechimlarni faol joriy etish, avtotashuvchilar uchun qulay sharoitlar yaratishga kelishib olindi.
Suv-energetika sohasidagi hamkorlik masalalariga alohida toʻxtalib oʻtildi.
Transchegaraviy suv resurslaridan oqilona foydalanish sohasida konstruktiv hamkorlikni davom ettirishga tayyorlik tasdiqlandi. Qambarota GES-1ni qurish toʻgʻrisidagi bitimni imzolash jarayoni tezlashtiriladi.
Ikki mamlakat hududlarining salohiyatidan faol foydalanish zarurligi taʼkidlandi. Yil yakuniga qadar Oʻzbekistonda yangi formatdagi birinchi Hududlar forumi oʻtkaziladi.
Madaniyat, taʼlim, ilm-fan, yoshlar siyosati va turizm sohalarida faol almashinuvlarni davom ettirishga tayyorlik tasdiqlandi.
Yetakchilar Markaziy Osiyoda barqaror rivojlanish va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash masalalarini ham atroflicha muhokama qildilar.
Yakunda Prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu sammitda erishilgan kelishuvlar qardosh xalqlar oʻrtasidagi doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.
