
Hurmatli Sadir Nurgʻojoyevich!
Hurmatli davlat rahbarlari!
Qirgʻiziston Prezidenti hurmatli Sadir Nurgʻojoyevich Japarovga norasmiy uchrashuvimizni oʻtkazish tashabbusi va “Qirgʻiz dengizi” – goʻzal Issiqkoʻl sohilidagi iliq qabul uchun samimiy minnatdorlik bildiraman.
Ikki kun davomida Qirgʻizistonda boʻlar ekanman, Sizning rahbarligingizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar natijalari menda katta taassurot qoldirdi. Mamlakat iqtisodiy rivojlanish boʻyicha yuqori surʼatlarni namoyish etmoqda, uning xalqaro nufuzi muttasil oshib bormoqda.
Sizni va qardosh qirgʻiz xalqini Qirgʻizistonning BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy boʻlmagan aʼzosi etib saylangani bilan tabriklaymiz.
Turkmaniston Prezidenti Serdar Gurbanguliyevich Berdimuhamedovga ham Maslahat uchrashuvlari formatida samarali raislik qilayotgani uchun minnatdorlik bildiraman.
Hurmatli uchrashuv ishtirokchilari!
Bugun biz davlatlarimiz mustaqilligining 35 yillik bayramlarini nishonlash arafasida yigʻilib turibmiz. Shu yillar mobaynida har bir mamlakat davlatchilikning shakllanishi, iqtisodiy oʻsish va milliy tiklanishning oʻziga xos va betakror yoʻlini bosib oʻtdi.
Ilgari tarqoq boʻlgan Markaziy Osiyo bugungi kunda birgalikdagi saʼy-harakatlarimiz natijasida taraqqiyotning umumiy maqsadlari yoʻlida birlashmoqda.
Shu bilan birga, murakkab va oldindan bashorat qilib boʻlmaydigan bugungi xalqaro voqelik bizdan yanada qatʼiyat bilan harakat qilishni va yanada yaqin muvofiqlashtiruvni talab etmoqda.
Ozarbayjonning Maslahat uchrashuvlari formatiga qoʻshilishi oʻzaro hamkorligimizni sifat jihatidan yangi – makromintaqaviy darajaga olib chiqmoqda.
Biz uchun Markaziy Osiyo, Janubiy Kavkaz va yaqin qoʻshnimiz – Afgʻonistonni birlashtiruvchi yagona taraqqiyot makonini shakllantirish borasida tarixiy imkoniyat ochilmoqda. Ushbu vaziyatdan toʻliq foydalanib, birgalikdagi saʼy-harakatlarimiz bilan Yevroosiyoning qoq yuragida barqaror rivojlanish, oʻzaro bogʻliqlik va yaxshi qoʻshnichilik uchun mustahkam poydevor yaratishimiz zarur.
Hurmatli hamkasblar!
Mintaqaviy hamkorlikning barqaror arxitekturasini shakllantirishga oʻtish vaqti keldi. Uning tuzilishi hamkorlikning samarali institutlari, tarmoq idoralarining yaqin munosabatlari, hududlarning toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalari hamda va rivojlanishning asosiy yoʻnalishlaridagi uzoq muddatli qoʻshma dasturlarga tayanishi zarur.
Mintaqamizning xalqaro subyekt sifatidagi maqomini mustahkamlagan holda davlatlararo tashkilotlar va “Markaziy Osiyo plyus” formatlari doirasida oʻzaro muvofiqlashtiruvni kuchaytirish lozim.
Savdo-iqtisodiy va transport sohasidagi oʻzaro bogʻliqlikni mustahkamlash, uzluksiz sanoat-texnologik zanjirlarni kengaytirish, umumiy raqamli xizmatlarni rivojlantirish hamda investitsiya platformalarini ishga tushirish boʻyicha kelgusi qadamlarni puxta ishlab chiqish lozim.
Markaziy Osiyo taʼlim, ilm-fan va katta maʼlumotlar sohasida innovatsiyalar boʻyicha raqobatbardosh xabga aylanishi kerak. Bunga kadrlar salohiyati, sunʼiy intellekt texnologiyalari, data-markazlar va energetika quvvatlarini birlashtirgan yaxlit infratuzilmani yaratish orqali erishish mumkin.
Atrof-muhitni muhofaza qilish har doim mintaqaviy kun tartibining ustuvor yoʻnalishi boʻlib kelgan va shunday boʻlib qoladi. Yagona tabiiy makonimizda yuzaga kelayotgan tahdidlar davlat chegaralarini tan olmaydi, shunday ekan, ularga javob choralari ham umumiy boʻlishi kerak.
Joriy yilgi yozning anomal darajada issiq kelishi iqlim oʻzgarishi allaqachon iqtisodiyot, suv va energetika xavfsizligi, odamlarning salomatligi va hayot sifatiga toʻgʻridan-toʻgʻri taʼsir qiladigan omilga aylanib borayotganini yana bir bor koʻrsatdi. Ana shunday yangi xavf-xatarlarga birgalikda moslashish boʻyicha uzoq muddatli yechimlarni topish muhimdir.
Hamkorligimizning oʻzgarmas ustuvor yoʻnalishlari orasida gumanitar aloqalar muhim ahamiyat kasb etadi. Xalqlarimiz asrlar davomida yonma-yon yashagan, savdo-sotiqni rivojlantirgan, bilim va madaniy anʼanalar bilan oʻzaro almashgan.
Zamonaviy hamkorlik chuqurlashgani sari hamjihatlik tuygʻusi ham mustahkamlanmoqda. Umummintaqaviy oʻziga xoslik, xalqlarimizning milliy oʻzligi saqlangan holda bosqichma-bosqich shakllanmoqda.
Ishonchim komil, ushbu sohadagi ishlarning mohiyati sifat jihatidan oʻzgarishi xalqlarimiz oʻrtasidagi birlik, hamjihatlik va oʻzaro tushunish tuygʻusini mustahkamlaydi.
Aziz doʻstlar!
Hamkorligimizni yanada mustahkamlash boʻyicha bugun aytib oʻtilgan tashabbus va takliflarni toʻliq qoʻllab-quvvatlayman.
Fursatdan foydalanib, Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti hurmatli Qasim-Jomart Kemelevich Toqayev va butun qozoq xalqiga yangi Qurultoyga saylovlar muvaffaqiyatli oʻtishini tilab qolaman.
Soʻzimning yakunda bizning umumiy kuchimiz – birlik, oʻzaro ishonch va birgalikdagi yaratuvchanlikka qatʼiy sadoqatimizda ekanini yana bir bor taʼkidlab oʻtmoqchiman.
Barchangizga mustahkam sogʻliq, tinchlik va yangi yutuqlar, mamlakatlarimiz xalqlariga esa farovonlik va ravnaq tilayman.