Joriy yilning 19-fevral kuni Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri J.Qoʻchqorov hamda Serbiya Bosh vaziri oʻrinbosari, iqtisodiyot vaziri A.Mesarovich oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi. Muzokaralar davomida tomonlar ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikning joriy holati va istiqbollarini muhokama qildilar.
Uchrashuv avvalida, Serbiya Bosh vaziri oʻrinbosari Serbiya Prezidenti A.Vuchich nomidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevga samimiy salom va ezgu tilaklarni yetkazdi. Shuningdek, u Oʻzbekiston tomonining Serbiyaning hududiy yaxlitligini qoʻllab-quvvatlovchi prinsipial pozitsiyasi uchun minnatdorlik bildirdi.
Serbiya tomoni soʻnggi yillarda Yevropada investitsiyalarni jalb qilish boʻyicha yetakchilardan biriga aylanganini taʼkidladi. Yangi texnologiyalar, robototexnika, avtomobilsozlik va yuqori texnologiyali ishlab chiqarish sohalari jadal rivojlanayotgani qayd etildi.
Oʻzbekiston tomoni oʻz navbatida mamlakatimizdagi barqaror makroiqtisodiy oʻsish, yalpi ichki mahsulotning yuqori surʼatlarda oshishi, inflyatsiyaning pasayishi va investitsiya muhitini yaxshilash boʻyicha amalga oshirilayotgan islohotlar haqida maʼlumot berdi.
Uchrashuv davomida Serbiya tomoni Oʻzbekistonga eksport qilinadigan Serbiyada ishlab chiqarilgan “Stellantis” elektromobillar uchun bojxona bojlarini kamaytirishda koʻmaklashish masalasini ilgari surdi.
Oʻz navbatida, oʻzbek tomonidan mamlakatimizda elektromobil ishlab chiqaruvchi korxonalar faoliyat yuritayotgani va ular oldida muayyan majburiyatlar mavjudligi taʼkidlandi. Shu bilan birga, oʻzbek tomoni mazkur masala belgilangan tartibda koʻrib chiqilishini maʼlum qildi.
Shuningdek, Serbiya tomoni bir oy muddat ichida investitsiyalar, preferensial savdo va hamkorlikni kengaytirishga doir ustuvor sohalarni oʻz ichiga olgan rasmiy hujjatni taqdim etishini bildirdi. Oʻzbek tomoni ushbu takliflarni oʻz vakolati doirasida, belgilangan tartibda koʻrib chiqishga tayyorligini bildirdi hamda investitsiyalar va savdo sohasida tartibga soluvchi organ Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi ekanligi Serbiya tomoniga yetkazildi.
Bundan tashqari, oʻzbek tomoni Serbiyaning mudofaa sanoati sohasidagi imkoniyatlariga qiziqish bildirdi hamda hamkorlikda loyihalarni amalga oshirish taklifini ilgari surdi.