Oʻzbekiston va Koreya Respublikasi: investitsiyaviy sheriklikdan texnologik kooperatsiya sari

03 Sen 2026

Возможно, это изображение один или несколько человек

Oʻzbekiston–Koreya munosabatlari rivojlanishning yangi bosqichiga qadam qoʻymoqda. Ilgari ularning asosini savdo, investitsiyalar va uskunalar yetkazib berish tashkil etgan boʻlsa, bugungi kunda asosiy eʼtibor sanoat va texnologik kooperatsiyani chuqurlashtirishga qaratilmoqda.

Qoʻshma ishlab chiqarish zanjirlarini shakllantirish, yuqori texnologiyali ishlab chiqarishlarni mahalliylashtirish, strategik muhim xomashyo turlarini qayta ishlash hamda kadrlar salohiyatini rivojlantirish ikki tomonlama hamkorlik kun tartibining ustuvor yoʻnalishlariga aylanmoqda. Bunday yondashuv har ikki mamlakatning uzoq muddatli ustuvor maqsadlariga mos keladi.

Koreya Respublikasi xomashyo manbalarini diversifikatsiya qilish va taʼminot barqarorligini oshirishga intilmoqda. Oʻzbekiston, oʻz navbatida, resurslarni chuqur qayta ishlash, ilgʻor texnologiyalarni oʻzlashtirish hamda mamlakatda yaratiladigan qoʻshilgan qiymatni oshirishdan manfaatdor. Ushbu manfaatlarning oʻzaro uygʻunligi asosan investitsiyalarga tayangan hamkorlikdan keng qamrovli sanoat-texnologik sheriklikka oʻtish uchun mustahkam zamin yaratmoqda.

2025-yil yakunlariga koʻra, ikki tomonlama savdo hajmi qariyb 1,8 milliard dollarni tashkil etdi. 2026-yil avgust oyida ikki mamlakat hukumatlari yillik tovar ayirboshlash hajmini yaqin istiqbolda 4 milliard dollarga yetkazish vazifasi yuklatilgan qoʻshma ishchi guruhni tuzdi.

Investitsiyaviy hamkorlik koʻlami ham sezilarli darajada kengaydi. Oʻzbekiston iqtisodiyotiga jalb qilingan Koreya investitsiyalarining umumiy hajmi 10 milliard dollardan oshgan boʻlib, shundan qariyb 8 milliard dollari toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar hissasiga toʻgʻri keladi. Koreya biznesining mamlakatdagi ishtiroki ham izchil ortib bormoqda. Hozirgi kunda Oʻzbekistonda Koreya kapitali ishtirokidagi mingga yaqin korxona faoliyat yuritmoqda. Taqqoslash uchun, 2019-yilda ularning soni 359 tani tashkil etgan.

Yillar davomida shakllangan investitsiyaviy baza qator yirik loyihalarda amaliy ifodasini topdi. Ularning eng muhimi qariyb 4 milliard dollarlik “Uz-Kor Gas Chemical” qoʻshma korxonasi boʻlib, u ikki tomonlama munosabatlar tarixidagi eng yirik investitsiya loyihasidir. Korxonada ichki bozor va eksport uchun polietilen, polipropilen hamda tovar gazi ishlab chiqariladi.

Avtomobilsozlik sanoati ham hamkorlikda muhim oʻrin tutadi. ADM Jizzakh zavodi Kia Corporation bilan sheriklikda kichik uzelli yigʻish usuli asosida keng turdagi avtomobillarni ishlab chiqarmoqda. “UzAuto Components” tarmogʻiga kiruvchi korxonalarda “UzAuto Motors” avtomobillari uchun konditsioner tizimlari, oʻrindiqlar, shtamplangan detallar va plastmassa qismlar kabi butlovchi buyumlar ishlab chiqarilmoqda.

Ishlab chiqarish kooperatsiyasi toʻqimachilik sanoatini ham qamrab olgan. “Posco International” guruhi korxonalari Fargʻona va Buxoro viloyatlarida paxta tolasini qayta ishlab, yuqori sifatli ip-kalava va gazlamalarni Yevropa hamda Osiyo bozorlariga eksport qilmoqda.

Hamkorlik farmatsevtika sohasida ham rivojlanmoqda. “Tashkent Pharma Park” klasterida Koreya kompaniyalari xalqaro GMP sifat standartlariga muvofiq dori vositalarini ishlab chiqarish boʻyicha investorlar va texnologiya yetkazib beruvchilar sifatida ishtirok etmoqda.

Hamkorlik qamrovining kengayishi alohida investitsiya loyihalaridan ikki mamlakat korxonalari oʻrtasidagi barqaror ishlab chiqarish kooperatsiyasiga oʻtish uchun zamin yaratmoqda.

 

Hamkorlik nima uchun yangi mazmun kasb etmoqda?

Jahon iqtisodiyotida kechayotgan oʻzgarishlar sanoat va texnologik kooperatsiyaning chuqurlashuviga xizmat qilmoqda. Geosiyosiy noaniqlik, savdo cheklovlari va global taʼminot zanjirlarining qayta shakllanishi iqtisodiy xavfsizlikning ahamiyatini oshirdi.

Bu masala Koreya Respublikasi uchun ayniqsa dolzarbdir. Mamlakatning elektronika, yarimoʻtkazgichlar, avtomobilsozlik va akkumulyator ishlab chiqarish kabi yetakchi tarmoqlari xomashyo, materiallar va butlovchi qismlarning barqaror yetkazib berilishiga bogʻliq.

Koreya Respublikasi elektron mahsulotlar ishlab chiqarish boʻyicha dunyoda uchinchi oʻrinni egallaydi hamda xotira mikrosxemalari segmentida yetakchilik qiladi. Uning hissasiga jahon yarimoʻtkazgichlar bozorining qariyb 13–15 foizi toʻgʻri keladi. Shuningdek, mamlakat dunyoning yettita yirik avtomobil ishlab chiqaruvchisi va akkumulyator texnologiyalari sohasidagi uchta yetakchi davlat qatoriga kiradi.

Yetakchi tarmoqlarning tashqi yetkazib berishga bogʻliqligi Seulni iqtisodiy aloqalar koʻlamini kengaytirish hamda xomashyo, materiallar va butlovchi qismlar manbalarini diversifikatsiya qilishga undamoqda. Shu sharoitda salmoqli resurs bazasiga ega va sanoatni modernizatsiya qilishdan manfaatdor boʻlgan Markaziy Osiyoning ahamiyati ortib bormoqda.

Ayni paytda, Oʻzbekiston jalb etilayotgan investitsiyalar sifatiga nisbatan talablarni oshirmoqda. Hozirgi bosqichda investitsiyalarning nafaqat hajmi, balki texnologik samarasi ham tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. Asosiy eʼtibor yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish, xomashyoni chuqur qayta ishlash, eksport salohiyatini rivojlantirish va malakali kadrlar tayyorlashga qaratilmoqda.

Koreya Respublikasining ishonchli xomashyo manbalariga ehtiyoji hamda Oʻzbekistonning ushbu resurslarni chuqur qayta ishlashni rivojlantirishga intilishi kritik minerallar sohasidagi hamkorlikka alohida ahamiyat kasb etmoqda.

 

Xomashyo almashinuvidan qoʻshilgan qiymat zanjiri sari

Oʻzbekiston mis, volfram, litiy, molibden, rux va boshqa talab yuqori boʻlgan resurslar zaxiralariga ega. Koreya Respublikasi uchun ular yuqori texnologiyali sanoat xomashyo bazasining muhim tarkibiy qismi sifatida katta qiziqish uygʻotadi.

Toshkent uchun ustuvor vazifa faqat xomashyo eksportini kengaytirish emas, balki uni mamlakat ichida izchil ravishda chuqur qayta ishlashdan iborat. Shu nuqtayi nazardan, resurslarni qazib olish va qayta ishlash, oraliq mahsulot ishlab chiqarish hamda undan keyingi ishlab chiqarish jarayonlarida foydalanishni yagona qiymat yaratish zanjiriga birlashtiradigan model istiqbolli koʻrinadi.

Bunday yondashuv har ikki tomonning manfaatlariga mos keladi. U Koreya Respublikasiga strategik xomashyo manbalarini diversifikatsiya qilish va taʼminot barqarorligini oshirish imkonini beradi. Oʻzbekiston uchun esa qayta ishlash koʻlamini kengaytirish, yangi texnologik jarayonlarni oʻzlashtirish hamda yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar ulushini oshirish uchun sharoit yaratadi.

Texnologik siklning ayrim bosqichlarini Oʻzbekiston hududida mahalliylashtirish alohida ahamiyat kasb etmoqda. Ishlab chiqarish operatsiyalari mamlakat ichida qanchalik koʻp amalga oshirilsa, sanoat rivoji, bandlikni taʼminlash va milliy kadrlarni tayyorlashga taʼsiri shunchalik salmoqli boʻladi.

Shunday qilib, asosan, xomashyo va uskunalar yetkazib berishga tayangan anʼanaviy hamkorlik modeli bosqichma-bosqich qoʻshilgan qiymatni birgalikda yaratishga asoslangan model bilan boyib bormoqda.

 

Texnologiyalar, moliyalashtirish va kadrlar

Ishlab chiqarish zanjirlarini shakllantirish investitsiyalar bilan bir qatorda, ilgʻor texnologiyalar, uzoq muddatli moliyalashtirish va malakali kadrlarni ham talab etadi. Ushbu imkoniyatlarni oʻzaro uygʻunlashtirish Oʻzbekiston–Koreya sherikligining muhim ustunligiga aylanishi mumkin.

Hamkorlikni chuqurlashtirish uchun zarur moliyaviy va institutsional asos allaqachon shakllanmoqda. Koreya Respublikasining Iqtisodiy taraqqiyot va hamkorlik jamgʻarmasi (EDCF) bilan sheriklik doirasida Oʻzbekiston uchun imtiyozli moliyalashtirish limiti 2 milliard dollarga oshirildi. Ushbu mablagʻlar raqamlashtirish, sogʻliqni saqlash, taʼlim va infratuzilma sohalaridagi loyihalarga yoʻnaltirilmoqda.

Koreya Eksimbanki ham qoʻshimcha imkoniyatlar taqdim etmoqda. Bank Oʻzbekiston tijorat banklariga ajratiladigan kredit liniyalari orqali Koreya sanoat uskunalarini xarid qilishni moliyalashtirishda ishtirok etmoqda. Eksport xatarlarini sugʻurtalash mexanizmlari ham qoʻshma tashabbuslarni amalga oshirishga bank kapitalini jalb etishga koʻmaklashmoqda.

Moliyaviy vositalar texnologik hamkorlikning kengayishi bilan toʻldirilmoqda. 2026-yil avgust oyida tomonlar sunʼiy intellekt va raqamli transformatsiya sohalaridagi hamkorlikni faollashtirdi. Koreya Milliy axborot jamiyati agentligi (NIA) koʻmagida raqamli davlat boshqaruvi, maʼlumotlarni standartlashtirish va sunʼiy intellekt yechimlarini joriy etish yoʻnalishlaridagi hamkorlik rivojlantirilmoqda.

Oʻzbekiston uchun bu ish faqat ayrim tarmoqlarni raqamlashtirish nuqtayi nazaridan muhim emas. Ishlab chiqarish maʼlumotlarini standartlashtirish, avtomatlashtirish va sunʼiy intellektdan foydalanish unumdorlikni oshirishi hamda zamonaviy “aqlli” ishlab chiqarishlarni rivojlantirish uchun zamin yaratishi mumkin.

Kadrlar tayyorlash ham muhim yoʻnalishlardan biri boʻlib qolmoqda. Oʻzbekistonda faoliyat yuritayotgan Janubiy Koreyaning toʻrtta universiteti — Yodju, Inha, Puchon va Kimyo xalqaro universiteti filiallarida iqtisodiyotning yangi tarmoqlari uchun muhandislar, IT mutaxassislari va texnologlar tayyorlanmoqda.

Taʼlim yoʻnalishi EPS tizimi doirasida oʻzbekistonlik mutaxassislarni Koreya Respublikasida uyushgan holda ishga joylashtirish bilan toʻldirilmoqda. Koreyaning sanoat va kemasozlik korxonalaridagi mehnat faoliyati ularga amaliy koʻnikmalarni egallash hamda zamonaviy ishlab chiqarish madaniyati bilan tanishish imkonini bermoqda.

Ushbu mexanizmning ahamiyati bosqichma-bosqich mehnat mobilligi doirasidan chiqib bormoqda. Oʻzlashtirilgan kompetensiyalardan samarali foydalanilgan taqdirda, u ishlab chiqarish tajribasi va kasbiy bilimlarni transfer qilish kanallaridan biriga aylanishi mumkin.

Moliyaviy vositalar, texnologiyalar va kadrlar tayyorlashning uygʻunligi ishlab chiqarish kooperatsiyasini chuqurlashtirish uchun zarur asosni shakllantirmoqda.

 

Ikki tomonlama sheriklikdan mintaqaviy hamkorlik sari

Oʻzbekiston–Koreya hamkorligining Koreya Respublikasi va Markaziy Osiyo oʻrtasidagi mintaqaviy kun tartibiga kiritilishi qoʻshimcha imkoniyatlar ochmoqda.

2026-yil 16–17-sentabr kunlari Seul shahrida Koreya Respublikasi va Markaziy Osiyoning besh davlati rahbarlarining birinchi sammitini oʻtkazish rejalashtirilgan. Yangi format Seulning mintaqaga sanoat, texnologik va resurs kooperatsiyasi uchun istiqbolli yoʻnalish sifatida qiziqishi ortib borayotganini koʻrsatadi.

Mazkur format Oʻzbekiston uchun yangi imkoniyatlar ochadi. Yirik ichki bozor, salmoqli demografik salohiyat, boy resurs bazasi va rivojlanayotgan sanoat mamlakatning muhim ustunliklaridir. Koreya biznesi va moliya institutlari bilan hamkorlikda toʻplangan katta tajriba ham Oʻzbekistonning mintaqadagi mavqeyini mustahkamlaydi.

Ushbu omillar majmui Oʻzbekistonga Koreya Respublikasining Markaziy Osiyo bilan sanoat va texnologik hamkorligidagi yetakchi maydonlardan biri sifatida oʻrin egallash imkonini beradi.

Ishlab chiqarish zanjirlarini izchil rivojlantirish, texnologiyalarni mahalliylashtirish va kadrlar tayyorlash Oʻzbekiston–Koreya hamkorligini Markaziy Osiyoda investitsiyaviy sheriklikdan sanoat va texnologik kooperatsiyaga oʻtishning yorqin namunalaridan biriga aylantirishi mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti bosh ilmiy xodimi, iqtisodiyot fanlari doktori Dmitriy Trostyanskiy

 

 

Related