Markaziy Osiyo geografik joylashuviga koʻra, azaldan turli sivilizatsiyalar, madaniyatlar va ilmiy maktablar, maʼrifat oʻchoqlari tutashgan global chorraha boʻlib kelgan. Bugungi kunda Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasida amalga oshirilayotgan taʼlim va ilm-fan integratsiyasi, akademik harakatchanlik hamda tadqiqotlar zamonaviy zarurat emas, balki mintaqaning ming yillik tarixiy-madaniy merosi va boy ilmiy anʼanalariga asoslangan tabiiy, qonuniyatli jarayondir.
Albatta, azaldan Markaziy Osiyoda bilim va maʼrifat integratsiyasi hech qachon chegaralar, milliy yoki etnik cheklanishlarni bilmagan. Buyuk Ipak yoʻli boʻylab faqat savdogarlarning xilma-xil mollari emas, balki ilgʻor gʻoyalar, ilmiy kashfiyotlar va taʼlim uslublari ham jadal almashinilgan. Fikrimizni bu zaminda ilk taʼlim va bilim integratsiyasi kurtaklari boʻlmish “Avesto”ning “ezgu fikr, ezgu soʻz, ezgu amal” taʼlimoti, Soʻgʻd va Baqtriya madaniyati yorqin dalillaydi.
Mintaqada kechgan tarixiy voqelik — Sharq Uygʻonish davri Markaziy Osiyoni til, maʼnaviyat va siyosiy mushtaraklik asosida dunyo ilm-fani va taʼlim tizimining markaziga aylantirdi.
Ayniqsa, Chor istilosi va keyingi murakkab geosiyosiy sharoitlarda Markaziy Osiyo yetishtirgan maʼrifatparvarlar — jadidlar taʼlimni modernizatsiya qilish va mintaqaviy mushtaraklikni tiklash tashabbusi bilan chiqdilar. Ularning ilmparvar xotiralari va gʻoyalari hamon mintaqa xalqlari yuragida abadiy yashamoqda.
Bu yorqin va boqiy xotiralar shuni koʻrsatadiki, Markaziy Osiyoda taʼlim integratsiyasi chuqur genetik va madaniy ildizlarga ega. Qayd etish kerakki, bugungi kunda SHHT doirasida amalga oshirilayotgan va oliy taʼlim tizimida aks etayotgan jarayonlar ushbu tarixiy anʼanalarning mantiqiy va zamonaviy davomidir.
Davlatimiz rahbari Osiyo va Ozarbayjon davlatlari rahbarlarining uchrashuvida taʼkidlab oʻtganlaridek, ilgari tarqoq boʻlgan Markaziy Osiyo bugungi kunda taraqqiyotning umumiy maqsadlari yoʻlida jipslashmoqda. Murakkab va oldindan bashorat qilib boʻlmaydigan bugungi xalqaro voqelik bizdan yangicha qatʼiyat, mustahkam iroda va yanada yaqin muvofiqlashtiruvni talab etmoqda.
Bu fonda Ozarbayjonning Maslahat uchrashuvlari formatiga qoʻshilishi oʻzaro hamkorligimizni sifat jihatidan yangi — makromintaqaviy darajaga olib chiqmoqda hamda Markaziy Osiyo, Janubiy Kavkaz va Afgʻonistonni birlashtiruvchi yagona taraqqiyot va rivojlanish makonini shakllantirish borasida tarixiy imkoniyat yaratmoqda.
Endilikda mintaqadagi zamonaviy akademik ochiqlik va taʼlim islohotlari Markaziy Osiyoni yana bir bor global ilm-fan va intellektual rivojlanish markazlaridan biriga aylantirishga xizmat qilmoqda. Zamonaviy dunyoda geosiyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarning shiddatli oʻzgarishi global maydonda fan, taʼlim va intellektual resursning oʻrnini tubdan yangilamoqda. Bugun SHHT – siyosiy va iqtisodiy muloqotning muhim maydoni sifatida mamlakatlarimizning barqaror taraqqiyoti, texnologik mustaqilligi va innovatsion yuksalishini taʼminlaydigan ilmiy-texnologik hamkorlikning asosiy makoni boʻla oldi.
Shu nuqtayi nazardan, Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasida taʼlim va innovatsiya — inson kapitalini rivojlantirish va tinchlik-barqarorlikni taʼminlashning yetakchi harakatlantiruvchi kuchi sifatida namoyon boʻlmoqda. Oliy taʼlim va ilm-fan sohasidagi koʻp tomonlama hamkorlik mintaqalararo aloqalarni mustahkamlashda yangi bosqich sifatida eʼtirof etilmoqda.
“Bizning umumiy kuchimiz — birlik, oʻzaro ishonch va birlikdagi yaratuvchanlikka qatʼiy sadoqatimizdadir”. Mintaqaning ushbu shiori mohiyatidan kelib chiqib, quyidagi strategik vazifalarni amalga oshirish taqozo etiladi:
– Markaziy Osiyoni taʼlim, ilm-fan, raqamli texnologiyalar va katta maʼlumotlar (Big Data) sohalarida innovatsiyalar boʻyicha global raqobatbardosh markazga aylantirish;
– Yevroosiyoning qoq markazida barqaror rivojlanish, oʻzaro mustahkam bogʻliqlik va yaxshi qoʻshnichilik muhitini shakllantirish;
– Mintaqamizning xalqaro subyekt sifatidagi maqomini mustahkamlagan holda davlatlararo tashkilotlar va “Markaziy Osiyo plyus” formatlari doirasida amaliy hamkorlikni chuqurlashtirish;
Xususan, SHHT maydonida mushtarak ilmiy va maʼrifiy muhitni shakllantirish — mintaqa yoshlari uchun misli koʻrilmagan keng istiqbollarni ochmoqda. Akademik mobillikni oshirish, malaka va diplomatik hujjatlarni oʻzaro tan olish, shuningdek, qoʻshma tadqiqot loyihalarini kengaytirish SHHTga aʼzo mamlakatlarning umumiy barqarorligi hamda intellektual zaxirasini boyitishda asosiy tayanch vazifasini oʻtaydi.
Eʼtirof etish zarurki, taʼlim va fan sohasidagi mushtaraklik gumanitar hamkorlikning mustahkam poydevoridir. Gumanitar sohadagi ishlar mohiyatining sifat jihatidan oʻzgarishi xalqlarimiz oʻrtasidagi birlik, hamjihatlik va oʻzaro tushunish tuygʻusini yanada mustahkamlaydi hamda “Shanxay ruhi”ning eng ezgu qadriyatlarini kelajak avlodlarga bekamu koʻst yetkazishda ishonchli koʻprik vazifasini bajaradi.
SHHT Dorilfununi tarmogʻining kengayishi mintaqa oliy taʼlim tizimiga jahon standartlarini tatbiq etishda muhim oʻrin tutadi. Bu jarayon faqatgina talabalar almashinuvini emas, balki mintaqaviy darajadagi murakkab vazifalarni hamjihatlikda hal eta oladigan yangi avlod olimlari va mutaxassislari jamoasini shakllantirishga xizmat qilmoqda.
Darhaqiqat, aynan taʼlim integratsiyasi Markaziy Osiyo xalqlarining umumiy istiqboldagi manfaatlariga toʻliq mos keladi. SHHT platformasi tufayli oliy oʻquv yurtlari raqamli taʼlim va sunʼiy intellekt imkoniyatlaridan birgalikda foydalanish, fan va texnologiya sohalarida tajriba va resurs almashish imkoniyatiga ega boʻlmoqda, bu esa bevosita iqtisodiy yuksalishning muhim shartidir.
Mintaqada taʼlim tashabbuslarining qoʻllab-quvvatlanishi geosiyosiy barqarorlik va madaniy muloqotni mustahkamlashning eng maqbul omili hisoblanadi. Qolaversa, atrof-muhitni muhofaza qilish, “yashil” texnologiyalarni joriy etish va ekologik xavfsizlikni taʼminlash har doim mintaqaviy kun tartibining ustuvor yoʻnalishi boʻlib kelgan va shunday boʻlib qoladi. Yoshlar va tadqiqotchilar oʻrtasidagi bilim almashinuvi ilm-fanni rivojlantirib, xalqlarimiz oʻrtasidagi azaliy doʻstlik va oʻzaro ishonch rishtalarini yangi bosqichga olib chiqadi.
Quvonarlisi, SHHT doirasidagi yangi taʼlim tashabbuslari Markaziy Osiyo oliy oʻquv yurtlariga global akademik muhitda munosib oʻrin egallashga yordam bermoqda. Birgalikda yaratilayotgan qoʻshma dasturlar va grantlar mintaqadagi iqtidorli yoshlarga oʻz yurtida va hamkor mamlakatlarda yuqori sifatli taʼlim olish imkonini taqdim etmoqda.
Davlatimiz rahbari tashabbuslari bilan soʻnggi yillarda ilm-fan, texnologiyalar va innovatsiyalarni rivojlantirish davlat siyosatining eng ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida belgilandi. Mamlakatda bilim, ilmiy tadqiqotlar va texnologik tadbirkorlikka asoslangan zamonaviy innovatsion iqtisodiyotni shakllantirish boʻyicha tizimli islohotlar izchil amalga oshirilmoqda. Buning amaliy natijalari va erishilgan muhim marralar salmoqli raqamlar va aniq koʻrsatkichlarda oʻz ifodasini topmoqda.
Xususan, birgina 2025-yilning oʻzida mamlakatimizda inson kapitalini rivojlantirish va yoshlarni ilm-fanga keng jalb etish borasida ham keng koʻlamli ishlar bajarildi. Jumladan, 250 dan ortiq yosh olim xorijiy yetakchi ilmiy markazlarda stajirovka va amaliyot oʻtadi, oliy taʼlimdan keyingi taʼlim instituti uchun 5 250 ta PhD va DSc kvotalari ajratildi.
Shu bilan birga, Yoshlar texnoparklari dasturlariga 50 mingdan ziyod yosh novatorlar qamrab olindi.
Ushbu tizimli islohotlarning xalqaro eʼtirofi sifatida Oʻzbekiston Global innovatsion indeksda 139 ta mamlakat orasida 79-oʻrinni egallab, oʻz pozitsiyasini mustahkamladi.
Muhimi taʼlim va ilm-fan sohasidagi deklarativ bayonotlar davri ortda qoldi; bugun SHHT maydoni aniq amaliy loyihalar va strategik tashabbuslar maydoniga aylanmoqda.
Xususan, 2026-yil 16-iyun kuni SHHTga aʼzo davlatlar taʼlim vazirlarining Belarusda boʻlib oʻtgan 10-yigʻilishida aynan taʼlim orqali oʻzaro ishonchni mustahkamlash, hamkorlik va bilimlar makonini kengaytirish gʻoyasi markaziy mavzuga aylandi. Ushbu anjumanda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri K.Sharipov tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar va mamlakatimizdagi taʼlim qamrovini oshirish tajribasi aʼzo davlatlar diqqat markazida boʻldi.
Shu bilan birga, 2026-yil 22-may kuni SHHTga aʼzo davlatlar fan va texnika vazirliklari rahbarlarining Bishkekda boʻlib oʻtgan 10-yigʻilishida innovatsion hamkorlikni kengaytirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
2025-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda SHHTga aʼzo mamlakatlarning sohaviy tashkilotlari tomonidan xalqaro qoʻshma ilmiy loyihalar tanlovi eʼlon qilindi. Rossiya, Belarus, Qozogʻiston, Xitoy va Pokistonlik hamkorlar bilan birgalikda amaliy va innovatsion tadqiqotlarni nazarda tugan ushbu tanlovga ilmiy hamjamiyat tomonidan katta qiziqish uygʻotib, koʻplab talabnomalar kelib tushdi.
Shuningdek, SHHT makonida inson kapitalini mustahkamlashning yana bir muhim vositasi — bu akademik mobillik.
Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan soʻnggi yillarning oʻzida
140 dan ortiq yosh tadqiqotchi va mutaxassislarning Xitoy, Rossiya, Qozogʻiston va Hindistonning yetakchi ilmiy-taʼlim markazlarida ilmiy stajirovkalari tashkil etildi.
Bu uzoq muddatli hamkorlik va yangi avlod olimlarini tayyorlashning mustahkam mexanizmiga aylanmoqda.
Shanxay hamkorlik tashkilotining 25 yillik yubileyi va Bishkek sammiti arafasida ekspertlar jamiyati tashkilot faoliyatini sarhisob qilar ekan, gumanitar va taʼlim sohasidagi hamkorlik tuzilmaning eng hayotbaxsh yoʻnalishi ekanini eʼtirof etmoqda.
Bunda taʼkidlanganidek, SHHTning chorak asrga tatigulik eng katta yutugʻi — turli siyosiy va madaniy qarashlarga ega davlatlar oʻrtasida muloqot uzilmasligini taʼminlaganidadir.
Bugun xavfsizlik konsepsiyasi faqat harbiy yoki chegara omillari bilan cheklanib qolmay, raqamli taraqqiyot, sunʼiy intellekt, ekologiya va inson kapitalini rivojlantirish yoʻnalishini ham qamrab olmoqda.
Dunyo aholisining qariyb 40 foizini va ulkan intellektual resurslarni mujassam etgan tashkilot uchun taʼlim integratsiyasi — geosiyosiy raqobat sharoitida barqarorlikni saqlashning yagona toʻgʻri yoʻlidir.
Shu maʼnoda, Toshkentda muvaffaqiyatli oʻtkazilgan “Kelajak muhandislari” xalqaro festivali doirasida Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlarning yoshlari oʻrtasida “SHHTning 100 nafar kelajak innovatori” xalqaro tanlovi oʻtkazilganligi alohida taʼkidlash lozim.
Bu kabi tadbirlar talabalar, yosh olimlar, muhandislik jamoalari va texnologik jamoalarni birlashtirib, SHHT makonida yoshlar diplomatiyasi va texnologik yetakchilikni mustahkamlaydi.
SHHT Davlat rahbarlari kengashi va sohaviy vazirlar yigʻilishlarining yakuniy hujjatlari hamda deklaratsiyalarga muvofiq, Markaziy Osiyo va keng SHHT makonida taʼlim va fan integratsiyasi oddiy yoki odatiy muassasalararo hamkorlik emas, balki mintaqada barqaror taraqqiyot, tinchlik, ahil qoʻshnichilik va raqobatbardoshlikni taʼminlaydigan eng oqilona va strategik investitsiya sifatida eʼtirof etiladi.
Xulosa oʻrnida taʼkidlash joizki, birgalikda yaratilayotgan raqamli ekotizimlar, “yashil” ilm-fan tashabbuslari va yoshlar oʻrtasidagi samimiy akademik muloqot SHHT makonini global taraqqiyot va innovatsiyalarning qudratli dvigateliga aylantirishda hal qiluvchi oʻrin tutadi.
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi
boshqarma boshligʻi Fazliddin MOʻMINOV