2020-yilning 6-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilovning Afg‘oniston Islom Respublikasi Tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Hanif Atmar bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.
Abdulaziz Kamilov Hanif Atmarni tashqi siyosat idorasiga rahbar etib tayinlangani bilan iliq tabrikladi va uning faoliyatiga muvaffaqiyat tiladi.
Hanif Atmar Afg‘onistondagi inqirozni siyosiy jihatdan hal qilish bo‘yicha xalqaro sa’y-harakatlarni O‘zbekiston qat’iy qo‘llab-quvvatlayotgani uchun Prezident Shavkat Mirziyoyevga chuqur minnatdorchilik izhor etdi.
U, shuningdek, O‘zbekiston tomoniga zarur tibbiyot buyumlari va oziq-ovqat mahsulotlari shaklidagi insonparvarlik yordami uchun ham rahmat aytdi.
Tashqi siyosat idoralari rahbarlari ikki tomon kun tartibidagi masalalar va qator mintaqaviy muammolar bo‘yicha ham fikr almashdilar.