Prezident Shavkat Mirziyoyev Jizzax viloyatida integratsiyalashgan atom elektr stansiyasi hamda unga yondosh zamonaviy shaharcha barpo etish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar taqdimoti bilan tanishdi.
Atom energetikasini rivojlantirish mamlakatimiz energetik xavfsizligini mustahkamlash, barqaror bazaviy elektr generatsiyasini yaratish va energiya manbalarini diversifikatsiya qilishda strategik ahamiyatga ega.
Integratsiyalashgan atom elektr stansiyasi loyihasi joriy yil 4-iyundan qurilishning faol bosqichiga oʻtdi. Bugungi kunga qadar reaktor binosi uchun kotlovan qazish ishlari toʻliq yakunlanib, 1 million kub metrdan ortiq tuproq qazib olindi. Poydevor plitasining bir qismiga 916 kub metr beton quyildi. Qurilish-montaj bazasidagi 100 gektar maydonda yer ishlari bajarildi.
Ayni paytda qurilish maydonida 450 nafar ishchi va mutaxassis, 100 dan ziyod maxsus texnika faoliyat yuritmoqda.
Loyihaning umumiy qiymati 9,5 milliard dollarni tashkil etadi. Jarayonda 3 mingga yaqin turdagi mahsulot va uskunalardan foydalaniladi.
Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, loyihada mahalliy mahsulotlar ulushi 21 foiz yoki 1,9 milliard dollarni tashkil etadi. Davlatimiz rahbari bu koʻrsatkich yetarli emasligini taʼkidladi.
Loyihada mahalliy mahsulotlar ulushini kamida 30 foizga yetkazish, qurilish-montaj ishlarining 65 foizini milliy korxonalar tomonidan bajarish hamda 7 ming nafar mahalliy ishchi va mutaxassisni jalb etish vazifasi qoʻyildi.
Shu maqsadda Forish tumanida 200 gektar maydonda qurilish materiallariga ixtisoslashgan sanoat zonasini tashkil etish taklif qilindi. Unda kamida 100 ta qoʻshma korxonani joylashtirish va texnologiyalar transferi orqali 15 ta yoʻnalishda mahsulot ishlab chiqarishni mahalliylashtirish koʻzda tutilgan.
Prezidentimiz ushbu taklifni maʼqullab, sanoat zonasi ishtirokchilariga soliq va bojxona imtiyozlarini tatbiq etish boʻyicha qaror loyihasini yil yakuniga qadar kiritishni topshirdi.
Bunda qurilish sifati va xavfsizligi eng ustuvor masala boʻlishi shartligi, barcha ishlar MAGATE talablari va xalqaro standartlarga toʻliq muvofiq amalga oshirilishi taʼkidlandi.
Taqdimotda joriy yil 22-26-iyun kunlari MAGATEning kompleks baholash missiyasi oʻtkazilib, Oʻzbekiston milliy yadroviy infratuzilmasining rivojlanish holatiga yuqori baho berilgani qayd etildi.
Stansiyaning tashqi muhandislik infratuzilmasini barpo etish doirasida 388 kilometr elektr tarmoqlari, 110 kilovoltli podstansiya, 21 kilometr ichimlik va 120 kilometr texnik suv quvurlari, 39,5 kilometr avtomobil hamda 11 kilometr temir yoʻl quriladi.
Davlatimiz rahbari ushbu obyektlar qurilishida mahalliy mahsulot va xizmatlar ulushini 60-70 foiz darajasida taʼminlash zarurligini koʻrsatib oʻtdi.
Qurilish davrida ishchi va mutaxassislar hamda ularning oilalarini munosib yashash sharoiti bilan taʼminlash maqsadida atomchilar shaharchasini barpo etish rejasi ham koʻrib chiqildi.
Ikki yuz gektar maydonda qariyb 33 ming aholiga moʻljallangan 10 mingga yaqin, shu jumladan, birinchi bosqichda 3 mingta xonadonli turar joylar qurilishi koʻzda tutilgan.
Shaharchada energiya samarador koʻp qavatli uylar, maktab va maktabgacha taʼlim tashkilotlari, tibbiyot, sport va madaniyat obyektlari, dam olish maskanlari hamda keng yashil hududlar boʻladi. Qurilishda zamonaviy issiqlik himoyasi, muqobil energiya va “aqlli” yoritish yechimlaridan foydalaniladi.
Loyihani boshqarish va texnik nazoratni kuchaytirish, texnologik yechimlarni mustaqil ekspertizadan oʻtkazish uchun yetakchi xorijiy injiniring kompaniyalari ishtirokida qoʻshma korxona tashkil etish taklifi bildirildi. Shuningdek, qariyb mingta sohaviy standartni milliy tizimga moslashtirish va amaliyotga joriy etish belgilandi.
Stansiyani kelgusida boshqaradigan yuqori malakali operatorlar, muhandislar va radiatsiya xavfsizligi mutaxassislarini hozirdan maqsadli tayyorlash zarurligi taʼkidlandi.
Rossiya milliy tadqiqot yadro universitetining Toshkent shahridagi filialini 2023-yildan buyon 216 nafar talaba bitirgan. Ularning 83 nafari Xitoy, Vengriya, Fransiya, Italiya va Koreyaning yetakchi oliygohlarida magistratura va aspiranturada tahsilni davom ettirmoqda. Yana 100 nafar mutaxassis mamlakatimizning toʻrtta oliy taʼlim muassasasida tayyorlanmoqda.
“Oʻzatom” agentligi va AES qurilishi direksiyasining vazifalari kengayib borayotganidan kelib chiqib, ularning tashkiliy va kadrlar salohiyatini bosqichma-bosqich mustahkamlash takliflari ham koʻrib chiqildi.
Davlatimiz rahbari atom stansiyasi va atomchilar shaharchasi qurilishini yuqori sifatda, xavfsiz va belgilangan muddatlarda amalga oshirish, mahalliy korxonalar ishtirokini kengaytirish, infratuzilma hamda kadrlar tayyorlash ishlarini uygʻun tashkil etish boʻyicha mutasaddilarga aniq topshiriqlar berdi.
