
Prezident Shavkat Mirziyoyev 28-aprel kuni Fargʻona shahrida Fargʻona viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi.
Davlatimiz rahbari avvalo keyingi yillarda hudud iqtisodiyotida roʻy bergan oʻzgarishlarga toʻxtalib oʻtdi.
Soʻnggi yillarda viloyatda 8 milliard 200 million dollar investitsiya hisobiga 8 mingta zamonaviy quvvat ishga tushirildi. Tadbirkorlik uchun 100 trillion soʻm resurs yoʻnaltirildi, tijorat maydonlari 10 million kvadrat metrga koʻpaydi. 13,5 ming kichik va oʻrta korxona tashkil etilib, ularning soni qariyb 2 karra oshdi.
Natijada yalpi hududiy mahsulot 1,7 barobarga, sanoat 1,5 barobarga, xizmatlar 3 barobarga oʻsdi. Asosiysi, soʻnggi toʻrt yilda ishsizlik 9,2 foizdan 4,6 foizga, kambagʻallik darajasi esa 11,6 foizdan 5,2 foizga tushdi.
Aholining uy-joy sharoitini yaxshilash boʻyicha ham katta ishlar amalga oshirilmoqda. Margʻilondagi Ipakchi va Qirguli mahallalarida 241 ta eski hovli oʻrnida 2,5 ming xonadonli koʻp qavatli uylar barpo etildi. Navroʻz mahallasida qurilayotgan “Yangi Oʻzbekiston” massiviga bu yil yana 6,5 ming oila koʻchib kiradi. Bunday ishlar Yozyovon, Quva tumanlari, Qoʻqon va Fargʻona shaharlarida ham davom etmoqda.
Soʻnggi oʻn yilda viloyatda 74 ming oʻrinli maktab, 145 ming oʻrinli bogʻcha va 3 ming koykali shifoxonalar ishga tushirildi. 167 ta xususiy maktab tashkil etilib, ularda 40 mingdan ortiq oʻquvchi taʼlim olmoqda. Taʼlim sifati oshgani natijasida yoshlarning oliy taʼlim muassasalariga kirish koʻrsatkichi boʻyicha Fargʻona respublikada 3-oʻringa koʻtarildi.
Qishloq xoʻjaligida 15 ming gektar sanoatlashgan bogʻ va tokzor yaratildi, yana 6 ming gektari yangilandi. Meva-sabzavot eksporti 3 karra koʻpayib, 400 million dollarga yetdi. Fargʻona, Soʻx, Quva tumanlari, Margʻilon va Qoʻqon shahrida turizm jadal rivojlanmoqda. Oʻtgan yili xorijiy turistlar soni ilk bor 500 mingdan, mahalliy sayyohlar 3 milliondan oshdi, turizm eksporti esa 185 million dollarga yetdi.
– Fargʻona ahli bizdan yanada katta natija kutyapti, – dedi Prezident.
Shu bois, joriy yil viloyatda iqtisodiyotni 9,1 foizga, sanoatni 9 foizga oʻstirish, 4,5 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb etish, eksportni 2 karra koʻpaytirib, 2 milliard dollarga yetkazish vazifasi qoʻyildi.
Yigʻilishda Fargʻona davlat idoralari, sanoat, servis va qishloq xoʻjaligida zamonaviy texnologiyalar, raqamli yechimlar va sunʼiy intellektni keng joriy etish boʻyicha namuna boʻlishi kerakligi taʼkidlandi.
“Besh million sunʼiy intellekt yetakchisi” dasturi boʻyicha sertifikat olgan yoshlarning eng koʻpi Fargʻona viloyatiga toʻgʻri keladi. Viloyat va tumanlar rahbarlariga iqtidorli yoshlarni jalb etgan holda davlat idoralaridagi xizmatlar va jarayonlarni raqamlashtirish, aholi va tadbirkorlar uchun qulayliklarni oshirish topshirildi.
Mahallalarning ustunliklarini sunʼiy intellekt yordamida tahlil qilib, ish oʻrni, qoʻshilgan qiymat va aholi daromadini koʻpaytiradigan loyihalar ishlab chiqish muhimligi qayd etildi.
Masalan, Yozyovon tumani imkoniyatlari sunʼiy intellekt yordamida oʻrganilganda tuman iqtisodiyotida asosiy eʼtiborni logistikaga qaratish zarurligi aniqlangan. A-373 magistral yoʻlining Yozyovondan oʻtgan 35 kilometr qismi orqali kuniga 30 ming transport vositasi harakatlanadi. Shu bois, tumanda logistika markazlari, yirik omborlar, yoʻl boʻyi servis obyektlarini koʻpaytirish orqali iqtisodiy aylanmani yana 1 trillion soʻmga oshirish vazifasi qoʻyildi.
Soʻnggi yillarda Fargʻonada IT xizmatlari 4 karra oʻsib, eksport 23 million dollardan oshdi. Yangi oʻquv yilidan Quva tajribasi asosida yana 16 ta tumanda texnikumlar negizida dasturlash, robototexnika, grafik dizayn va xorijiy tillar boʻyicha kadrlar tayyorlash yoʻlga qoʻyiladi. Fargʻona shahrida IT-Park universiteti, Margʻilonda INHA universitetining filialini ochib, sunʼiy intellekt, kiberxavfsizlik va dasturiy muhandislik yoʻnalishlarida yiliga 1 ming nafar talabani oʻqitish belgilandi.
Elektron tijoratni rivojlantirish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi. Bu sohada Fargʻona ulushi hali past ekani qayd etilib, viloyatda kamida 100 ming kvadrat metrli omborxona tashkil qilish, shundan 30 ming kvadrat metrini joriy yilda ishga tushirish zarurligi koʻrsatib oʻtildi. Sanoat va hunarmandchilikka ixtisoslashgan 126 ta mahalladagi tadbirkorlarni elektron tijorat platformalaridan foydalanishga oʻrgatish vazifasi qoʻyildi.
Qishloq xoʻjaligida mavjud zaxiralarni ishga solish ham muhokama qilindi. Viloyatda 370 ming gektar sugʻoriladigan yer, shundan 55 ming gektar bogʻ va tokzor bor. Qolaversa, 5,5 ming gektar bogʻ va tokzor eskirgan, 6 ming gektar dasht va adir yerlaridan samarali foydalanilmayapti. Bu qoʻshimcha 300 ming tonna meva-sabzavot va iqtisodiyotga 2 trillion soʻmlik qoʻshilgan qiymat yaratish imkoni ekani taʼkidlandi.
“Quva Agrostar” agromajmuasi tajribasi alohida qayd etildi. Bu yerda kooperatsiya asosida tomorqa va dehqon xoʻjaliklariga kichik sexlar qurish, dehqonlarni oʻqitish, in-vitro laboratoriyada yetishtirilgan koʻchatlar bilan taʼminlash va tayyor mahsulot eksportiga koʻmaklashish yoʻlga qoʻyilmoqda. Mana shunday yondashuvlarni barcha tumanlarda joriy qilish, 5,5 ming gektar eskirgan bogʻlarni toʻliq yangilash topshirildi.
Viloyatda 50 ming gektar kam hosilli paxta va gʻalla yerlari hamda samarasi past bogʻlar oʻrnida super intensiv bogʻlar yaratish boʻyicha katta dastur ishlab chiqiladi. Bu yil 611 ming tonna meva, 252 ming tonna uzum, 1,8 million tonna sabzavot, 119 ming tonna sholi yetishtirib, meva-sabzavot eksportini 25 foizga oshirish va 500 million dollarga yetkazish muhimligi qayd etildi.
Davlatimiz rahbari investitsiya masalalariga ham toʻxtaldi. Viloyatda sanoat zonalari uchun ajratilgan 1 ming 77 gektar yerdan samarali foydalanish, har bir gektarda yiliga kamida 50 milliard soʻmlik mahsulot ishlab chiqarish asosiy mezon boʻlishi belgilandi. Sanoat zonalarida 5 milliard dollarlik loyihalarni boshlash topshirildi.
Beshariqdagi Andarxon mahallasida erkin savdo zonasi tashkil etish, Qoʻqondagi mexanika zavodi hududida 70 million dollarlik yirik savdo kompleksini barpo etish takliflari qoʻllab-quvvatlandi.
Turizm sohasida ham katta imkoniyatlar borligi qayd etildi.
– Tarixiy obidalar va betakror tabiatni oʻzida jamlagan Fargʻonada xorijiy turistlar oqimini yana 2-3 karra oshirsa boʻladi, – dedi Prezident.
Buning uchun Qoʻqon va Margʻilonni ziyorat turizmiga, Soʻx, Quva, Beshariq va Fargʻona tumanlarini tibbiy va ekoturizmga ixtisoslashtirish zarurligi taʼkidlandi. Quvadagi “Karkidon” suv ombori atrofida dam oluvchilar xavfsizligini taʼminlash boʻyicha favqulodda vaziyatlar markazi tashkil etilgani qayd etilib, mamlakatdagi boshqa suv omborlarini ham bosqichma-bosqich aholi va sayyohlar uchun qulay maskanlarga aylantirish vazifasi qoʻyildi.
Margʻilonda “Burhoniddin Margʻinoniy” ilmiy-maʼrifiy va turizm majmuasining ochilishi milliy qadriyatlar va tariximizni dunyoga namoyon etadigan muhim qadam sifatida baholandi. Fargʻona tumanida “Shohimardon – Yordon” xalqaro kurort zonasi, “Vodil” malina-agroturizm klasteri, “Avval” koʻngilochar turizm majmuasi va “Chimyon” sanatoriy-kurort zonasi kabi loyihalar amalga oshirilmoqda. Kelasi yil yakunigacha 300 million dollarlik 50 ta turizm loyihasini ishga tushirish zarurligi belgilandi.
Qoʻqonda 64 ta madaniy meros obyektini qamrab olgan 3 ta piyoda turizm marshruti ishlab chiqilgan. Shahardagi madaniy meros obyektlarida joylashgan davlat idoralarini boshqa binolarga koʻchirish, tarixiy obyektlarni turizm va madaniyat maskanlariga aylantirish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Soʻx tumanida ekoturizm, agro va tibbiy turizmni rivojlantirish uchun katta salohiyat mavjudligi taʼkidlandi. Soʻx daryosining Sarikanda, Istiqlol va Rovon mahallalaridan oʻtgan qismida 130 gektar maydonda yirik turizm kompleksini barpo etish, xorijiy mutaxassislarni jalb qilgan holda tumanni rivojlantirish boʻyicha master-reja ishlab chiqish topshirildi. Umuman, tumanga yangicha qiyofa olib kirish boʻyicha uch yillik dastur qabul qilinishi eʼlon qilindi.
Yigʻilishda Fargʻonaning boy madaniy merosini oʻrganish va targʻib qilish masalalari ham koʻrib chiqildi.
Qoʻqon adabiy muhiti antologiyasi va elektron platformasini yaratish, Adabiyot va ijod maktabini tashkil etish taklif qilindi. Yoshlar oʻrtasida kitobxonlikni ommalashtirish maqsadida viloyatdagi 100 ta mahallada namunaviy mahalla kutubxonalari tashkil etiladi, buk-kafe ochgan tadbirkorlarga soliq va ijara toʻlovlari boʻyicha imtiyozlar beriladi. “Burhoniddin Margʻinoniy” ilmiy-maʼrifiy va turizm majmuasida har ikki yilda Xalqaro kitobxonlik festivalini oʻtkazish, unga dunyoning mashhur yozuvchi va shoirlarini taklif qilish tashabbusi ilgari surildi.
Fargʻona madaniyatining ajralmas qismi boʻlgan askiya sanʼatini asrab-avaylash va rivojlantirish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi. Margʻilonda Yusufjon qiziq Shakarjonov nomidagi Respublika askiya va qiziqchilik sanʼati markazi tashkil etilgani qayd etilib, yosh isteʼdodlarni qoʻllab-quvvatlash, tuman madaniyat markazlari va musiqa-sanʼat maktablarida askiya va qiziqchilik mahorati yoʻnalishlarini ochish topshirildi.
Yigʻilish davomida viloyat va tumanlar rahbarlarining hisobotlari, tadbirkorlar va jamoatchilik vakillarining fikrlari tinglandi.
