Ikki xalq – bir madaniyat

17 Mar 2026

O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi madaniy aloqalar ikki mamlakatni bog‘lab turuvchi muhim omillardan biri hisoblanadi. Ushbu hamkorlik xalqlar o‘rtasidagi tarixiy, ma’naviy va madaniy yaqinlikni mustahkamlashga xizmat qilib kelmoqda. Ayniqsa, so‘nggi yillarda madaniyat sohasidagi hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilib, turli festivallar, konsertlar, kino tadbirlari va teatr gastrollari orqali yanada faollashdi.

Shu bilan birga, ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi samimiy va iliq munosabatlar ham mazkur hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Davlat rahbarlarining o‘zaro tashriflari, madaniy tadbirlarda birgalikda ishtirok etishi hamda madaniyat va san’atni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tashabbuslari ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro hurmatni yanada kuchaytirib, madaniy aloqalarning yangi bosqichda rivojlanishiga turtki bermoqda.

Madaniyat sohasidagi hamkorlikning huquqiy asosi 1994-yil 16-yanvarda imzolangan “O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Tojikiston Respublikasi Hukumati o‘rtasida madaniyat, fan, ta’lim, turizm va sport sohalarida hamkorlikni chuqurlashtirish to‘g‘risidagi Bitim” hamda ikki davlat madaniyat vazirliklari o‘rtasida qabul qilingan 2024–2026-yillarga mo‘ljallangan madaniy hamkorlik dasturi hisoblanadi. Ushbu hujjatlar ikki mamlakat o‘rtasida madaniy aloqalarni rivojlantirish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun mustahkam huquqiy poydevor yaratdi.

Bugungi kunda O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi madaniy hamkorlik turli yo‘nalishlarda rivojlanmoqda. Xususan, madaniy forumlar, festivallar, qo‘shma konsert dasturlari, teatr gastrollari va kino kunlari muntazam tashkil etilmoqda. So‘nggi to‘rt yil davomida O‘zbekiston madaniyat vaziri va uning o‘rinbosarlari Tojikistonga 11-marta tashrif buyurgan bo‘lsa, Tojikiston madaniyat vaziri va uning o‘rinbosarlari O‘zbekistonga 8-marta tashrif amalga oshirgan. Bu esa ikki davlat o‘rtasidagi madaniy aloqalar izchil rivojlanayotganini ko‘rsatadi.

Hamkorlik doirasida qator yirik madaniy tadbirlar ham o‘tkazildi. Jumladan, Dushanbe shahrida bir necha bor “O‘zbekiston madaniyati kunlari”, Toshkent shahrida esa “Tojikiston madaniyati kunlari” tashkil etildi. Shuningdek, “Do‘stlik kechasi” nomli konsert dasturlari ham ikki mamlakatda o‘tkazilib, unda ikki davlat rahbarlari ham ishtirok etdi.

O‘zbekistonda o‘tkazib kelinayotgan xalqaro festivallarda ham Tojikiston vakillari faol ishtirok etib kelmoqda. Xususan, “Lazgi” xalqaro raqs festivalida Tojikistonning “Lola” raqs ansambli sovrindor bo‘lgan bo‘lsa, Xalqaro maqom san’ati anjumanida Tojikiston milliy konservatoriyasi solisti yuqori o‘rinni qo‘lga kiritdi. Bu esa ikki xalq madaniyatining o‘zaro uyg‘unligi va hamkorlik samarasini ko‘rsatadi.

Madaniy hamkorlik doirasida kino sohasida ham qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Kinematografiya agentligi hamda Tojikistonning “Tojikfilm” davlat muassasasi o‘rtasida “Yulduzli osmon: Jomiy va Navoiy” nomli badiiy filmni suratga olish bo‘yicha memorandum imzolandi va film ishlab chiqildi. Ayni paytda mazkur filmning montaj ishlari davom etmoqda. Shuningdek, 2024-yilda Tojikistonda “O‘zbekiston kinosi kunlari”, 2025- yilda esa Toshkent shahrida “Tojik kinosi kunlari” tashkil etildi.

2025-yilda amalga oshirilgan yirik madaniy tadbirlardan biri Tojikistonning Xo‘jand shahrida o‘tkazilgan Navro‘z bayramiga bag‘ishlangan tantanalar bo‘ldi. Unda O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston davlat rahbarlari ishtirok etdi hamda uch davlat san’at ustalarining qo‘shma konserti tashkil etildi. Shu bilan birga, Dushanbe shahrida O‘zbekiston teatr jamoalarining gastrollari, Toshkent shahrida esa xalqaro musiqa festivallari doirasida Tojikiston san’atkorlarining chiqishlari bo‘lib o‘tdi.

Shuningdek, Markaziy Osiyo madaniyat vazirlarining birinchi majlisida ham Tojikiston madaniyat vaziri ishtirok etib, mintaqaviy madaniy hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Kelgusida ikki davlat o‘rtasidagi madaniy hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida qator yangi tashabbuslar rejalashtirilgan. Jumladan, O‘zbekistonda “Tojikiston madaniyati va kinosi kunlari”ni o‘tkazish, “Do‘stlik kechasi” konsert dasturini tashkil etish, teatr gastrollari va “Navro‘zi olam” uch avlod uchrashuvini o‘tkazish ko‘zda tutilmoqda. Shuningdek, 2026–2027-yillarga mo‘ljallangan madaniyat sohasida hamkorlik bo‘yicha yangi tadbirlar rejasini imzolash rejalashtirilgan.

Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi madaniy hamkorlik izchil ravishda rivojlanib, ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro anglashuvni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

 

 

 

 

 

 

Related