
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov bilan telefon orqali muloqoti boʻlib oʻtdi.
Qirgʻiziston yetakchisi davlatimiz rahbarini tavallud kuni munosabati bilan samimiy qutlab, unga chin dildan mustahkam sogʻliq, baxt-saodat va katta muvaffaqiyatlar, qardosh Oʻzbekiston xalqiga esa tinchlik va ravnaq tiladi.
Sadir Japarov Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarni hamda Shavkat Mirziyoyevning ikki mamlakat oʻrtasidagi doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga qoʻshgan shaxsiy hissasini yuksak baholadi.
Barcha yoʻnalishlarda oʻzaro manfaatli hamkorlik surʼati tobora ortib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Oʻzaro savdo hajmi jadal oʻsmoqda, sanoat kooperatsiyasi loyihalari, jumladan, ishga tushirilgan Qoʻshma jamgʻarma doirasida amalga oshirilmoqda. Yirik mintaqaviy infratuzilma loyihalari boʻyicha amaliy ishlar davom ettirilmoqda.
Boʻlajak oliy darajadagi sammit kun tartibini, avvalo, savdo-iqtisodiy sohada puxta tayyorlash muhimligi taʼkidlandi.