Ozarbayjon Prezidenti Oʻzbekiston yetakchisini tavallud kuni bilan samimiy tabrikladi

24 Iyul 2026

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning telefon orqali muloqoti boʻlib oʻtdi.

Ozarbayjon yetakchisi davlatimiz rahbarini tavallud kuni bilan samimiy tabriklab, unga mustahkam sogʻliq, baxt-saodat va masʼuliyatli davlatchilik faoliyatida yangi muvaffaqiyatlar, Oʻzbekistonning koʻp millatli xalqiga esa tinchlik, farovonlik va ravnaq tiladi.

Oʻzbekiston – Ozarbayjon strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalari koʻrib chiqildi.

Turli darajalardagi muloqotlar davom etmoqda. Oʻtgan hafta Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan qoʻshma Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashi yigʻilishlarining samarali yakunlari mamnuniyat bilan qayd etildi.

Boʻlajak oliy darajadagi sammitga puxta tayyorgarlik koʻrish, uning iqtisodiy kun tartibini aniq loyihalar va dasturlar bilan boyitish muhimligi taʼkidlandi.

Related