O‘zbekiston global texnologik autsorsing bozorida o‘z o‘rnini egallamoqda

29 Sen 2026

Bugungi kunda O‘zbekiston global texnologik autsorsing bozorida o‘z o‘rnini bosqichma-bosqich egallab bormoqda. So‘nggi yillarda mamlakatdagi soha asosan ichki IT bozoriga yo‘naltirilgan tarmoqdan dasturiy ta’minot ishlab chiqish, BPO, KPO, kreativ industriyalar va professional xizmatlarni qamrab olgan eksportga yo‘naltirilgan modelga o‘tdi.

Bu o‘zgarishlarning ko‘lami bozor dinamikasida yaqqol namoyon bo‘lmoqda. IT xizmatlari autsorsingi hajmi 2019-yildagi 3,2 million dollardan 2025-yilda 716,4 million dollargacha oshdi. Shu davrda IT kompaniyalari soni 369 tadan 3 400 tagacha ko‘paydi, ko‘rsatilayotgan IT xizmatlari hajmi esa 2,8 milliard dollarga yetdi.

Biroq asosiy o‘zgarish faqat raqamlarning o‘sishida emas. O‘zbekistonning xalqaro xizmatlar ko‘rsatish zanjiridagi o‘rni ham o‘zgarib bormoqda: mamlakat alohida texnologik vazifalarni bajarishdan kengroq ko‘lamdagi korporativ funksiyalarni joylashtirishga o‘tmoqda.

YOSH AHOLI ASOSIY USTUNLIKLARDAN BIRIGA AYLANMOQDA

Autsorsing sohasi jamoalarni tez shakllantirish va ularning faoliyatini kengaytirish imkoniyatiga bevosita bog‘liq. Shu jihatdan demografik salohiyat O‘zbekistonning asosiy ustunliklaridan biri bo‘lib qolmoqda.

Mamlakat aholisi qariyb 38 million kishini tashkil etadi, ularning taxminan 60 foizi 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlardir. Mehnatga layoqatli aholi soni 21 million kishi deb baholanmoqda.

Bunday demografik tuzilma inson kapitaliga asoslangan tarmoqlar uchun katta kadrlar zaxirasini yaratadi. Biroq autsorsing sohasi uchun faqat yosh aholining o‘zi yetarli emas. Texnik bilim va til ko‘nikmalariga ega mutaxassislarning uzluksiz oqimi ham zarur.

Bugungi kunda O‘zbekistonda 220 dan ortiq universitet faoliyat yuritmoqda, shundan 145 tasi IT yo‘nalishlari bo‘yicha ta’lim beradi. Har yili IT yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasalarida qariyb 25 ming mutaxassis tayyorlanadi. Shu bilan birga, xorijiy tillarni o‘rganishga bo‘lgan e’tibor ham ortib bormoqda: har yili 350 mingdan ortiq kishi chet tillarini o‘rganadi. Mamlakatda taxminan 500 ming nafar IT mutaxassisi mavjud bo‘lib, ular full-stack va backend dasturchilardan tortib, data engineering, DevOps hamda UI/UX yo‘nalishlari mutaxassislarigacha bo‘lgan keng doirani qamrab oladi.

Xalqaro autsorsing uchun aynan texnik va til ko‘nikmalarining uyg‘unligi muhim ahamiyat kasb etmoqda. Soha rivojlanishining dastlabki bosqichida mehnat xarajatlari asosiy raqobat omili bo‘lishi mumkin. Biroq keyingi o‘sish turli yo‘nalishlardagi mutaxassislardan iborat jamoalarni shakllantirish va turli mintaqalardagi mijozlar bilan ishlash imkoniyatini talab qiladi.

Shu tariqa, O‘zbekistonning raqobatbardosh ustunligi mutaxassislarning nisbatan arzonligidan malakali jamoalarni tez va keng miqyosda shakllantirish imkoniyatiga tomon siljimoqda.

DASTURIY TA’MINOT ISHLAB CHIQISHDAN KOMPLEKS AUTSORSINGGA

Bozordagi yana bir muhim o‘zgarish uning tuzilmasida kuzatilmoqda.

O‘zbekistonda texnologik autsorsing endi faqat dasturlash bilan cheklanmaydi. Shu bilan birga, mijozlarga xizmat ko‘rsatish, ma’lumotlarni qayta ishlash, ma’muriy va operatsion jarayonlarni qamrab oluvchi BPO yo‘nalishi ham jadal rivojlanmoqda.

Bugungi kunda ushbu segmentda 540 dan ortiq kompaniya va 14,5 mingdan ziyod mutaxassis faoliyat yuritmoqda. Taqqoslash uchun, 2020-yilda BPO kompaniyalarida atigi 136 nafar xodim ishlagan.

Bunday o‘sish bozorning yangi bosqichga o‘tayotganini ko‘rsatadi. Xalqaro kompaniyalar O‘zbekistonni endi nafaqat dasturchilar manbai, balki turli ichki funksiyalarni joylashtirish mumkin bo‘lgan platforma sifatida ham ko‘rib chiqishi mumkin.

Tarmoq bo‘yicha chuqur ekspertizani talab qiluvchi ixtisoslashgan autsorsing turi — KPO ham rivojlanmoqda. Jumladan, logistika yo‘nalishida 300 dan ortiq kompaniya faoliyat yuritmoqda.

Shu bilan birga, professional xizmatlar bozori ham kengaymoqda. U buxgalteriya, audit, rekruting, marketing, konsalting, shuningdek, xodimlarni tanlash va taqdim etish xizmatlarini qamrab oladi.

Bu bozor uchun tub o‘zgarishdir. Bir mamlakatda qancha ko‘p funksiyani joylashtirish mumkin bo‘lsa, xorijiy kompaniyaning o‘z faoliyatini shu mamlakatda bosqichma-bosqich kengaytirish ehtimoli shuncha yuqori bo‘ladi. Bunday jarayon kichik mijozlarni qo‘llab-quvvatlash jamoasini tashkil etishdan boshlanib, keyinchalik dasturiy ta’minot ishlab chiqish, tahlil, moliya va boshqa jarayonlarni ham qamrab olishi mumkin.

EKSPORT BOZOR YETUKLIGINING ASOSIY KO‘RSATKICHIGA AYLANMOQDA

Bugungi kunda ekotizim kompaniyalari eksportining 54 foizi Shimoliy Amerikaga, yana 17 foizi Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniyaga to‘g‘ri keladi. MDH va Osiyo-Tinch okeani mintaqasi davlatlari 22 foizni, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika esa qariyb 7 foizni tashkil etadi.

Eksport tarkibi ham bozorning tobora diversifikatsiyalanayotganini ko‘rsatmoqda. IT xizmatlari eksportning 45 foizini, BPO va KPO 35 foizini, kreativ industriyalar va GameDev 13 foizini, SaaS esa 7 foizini tashkil etadi.

Rivojlanishning keyingi bosqichi eksport qiluvchi kompaniyalar sonini ko‘paytirishdan ko‘ra, xizmatlarning o‘zini murakkablashtirish bilan bog‘liq bo‘lishi kerak. Bu nisbatan standart jarayonlardan tahlil, muhandislik yechimlari, mahsulotlarni boshqarish va boshqa yuqori qo‘shimcha qiymatga ega yo‘nalishlarga o‘tishni anglatadi.

XORIJIY BIZNES MAHALLIY EKOTIZIMNING BIR QISMIGA AYLANMOQDA

Shu bilan birga, xalqaro kompaniyalarning mamlakatdagi ishtiroki ham yangi bosqichga o‘tmoqda.

Bugungi kunda IT Park Uzbekistan ekotizimida 4 mingdan ortiq kompaniya faoliyat yuritmoqda. Shundan 1,1 mingdan ortig‘i xorijiy kapital ishtirokidagi kompaniyalardir. Ekotizimda 75 mamlakatdan kompaniyalar faoliyat yuritmoqda, yaratilgan ish o‘rinlari soni esa 56 mingdan oshgan.

Autsorsing sohasi rivoji uchun bu ko‘rsatkich eksport hajmi kabi muhim ahamiyatga ega.

Xizmatlarni masofadan sotib oladigan xorijiy kompaniya bilan mamlakatda o‘z jamoasi yoki operatsion markazini tashkil etishga qaror qilgan kompaniya o‘rtasida muhim farq mavjud. Ikkinchi holatda kompaniyaning mahalliy bozor bilan uzoq muddatli aloqalari shakllanadi: u xodimlarni ishga oladi, mahalliy pudratchilar bilan hamkorlik qiladi va o‘z faoliyati ko‘lamini bosqichma-bosqich kengaytiradi.

Shu sababli xalqaro loyihalar uchun raqobat nafaqat xizmat ko‘rsatuvchi kompaniyalar, balki bozorga kirish uchun qulay sharoitlarni taklif eta oladigan mamlakatlar o‘rtasida ham kuchayadi.

O‘zbekistonda bu yo‘nalishda soft landing mexanizmlari va Zero Risk dasturi allaqachon yo‘lga qo‘yilgan. Ular kompaniyalarning ofis, jihozlar, xodimlarni ishga olish va dastlabki operatsion faoliyatini yo‘lga qo‘yish bilan bog‘liq masalalarni qamrab oladi.

XIZMAT KO‘RSATISH NARXLARI “USTUNLIK” BO‘LIB QOLMOQDA, AMMO BU ASOSIY OMILI EMAS

Operatsion xarajatlar autsorsing uchun hudud tanlashda muhim omillardan biri bo‘lib qolmoqda. Taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda professional xizmatlar sohasida xarajatlarni tejash imkoniyati Sharqiy Yevropa bilan taqqoslaganda o‘rtacha 40 foizgacha yetishi mumkin.

Biroq uzoq muddatli strategiyani faqat xarajatlar farqiga asoslashning o‘zi yetarli emas.

Bozor rivojlanishi bilan intellektual mulkni himoya qilish, shaxsiy ma’lumotlar bilan ishlash, tijorat huquqi, xalqaro to‘lovlar, xorijiy mutaxassislarni jalb qilish imkoniyati va biznes muhitining barqarorligi ham tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Shu nuqtai nazardan, Enterprise Uzbekistan tashkil etilishi alohida sohani rag‘batlantirishdan xalqaro texnologik biznes uchun to‘laqonli infratuzilma yaratishga o‘tish jarayonini davom ettirmoqda. Maxsus huquqiy rejim tijorat va fuqarolik nizolari, intellektual mulk, shaxsiy ma’lumotlar, bank va davlat xizmatlari, soliq va bojxona masalalari, shuningdek, regulyator sandboxlarini qamrab oladi.

O‘zbekiston global autsorsing bozoriga chiqish uchun zarur bo‘lgan bir qator shart-sharoitlarni allaqachon shakllantirgan: katta va yosh kadrlar bazasi, rivojlanayotgan IT sektori, kengayib borayotgan BPO va KPO yo‘nalishlari, asosiy xorijiy bozorlarga eksport hamda xorijiy kompaniyalar mamlakatga kirib kelishi uchun zarur infratuzilma.

Biroq keyingi rivojlanish endi faqat kompaniyalar yoki mutaxassislar soni bilan o‘lchanmaydi.

Keyingi bosqichning asosiy ko‘rsatkichlari eksport shartnomalarining o‘rtacha hajmi, bajarilayotgan funksiyalarning murakkabligi, mamlakatda tashkil etilayotgan yirik xalqaro jamoalar soni va yuqori qo‘shimcha qiymatga ega xizmatlar ulushi bo‘ladi.

Aynan tezkor miqdoriy o‘sishdan eksport qilinayotgan xizmatlarni murakkablashtirishga o‘tish hozirgi dinamikani O‘zbekistonning global texnologik autsorsing bozoridagi barqaror mavqeiga aylantirishi mumkin.

 

 

 

Related