Ayni kunlarda mamlakatimizda muhim siyosiy jarayonlar kechmoqda. Yaqinda bo‘lib o‘tgan saylovlar natijasi bo‘yicha yangi parlament shakllandi. Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasining O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodini ko‘rib chiqishga bag‘ishlangan majlisi o‘tkazildi.
Yig‘ilishni Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilov olib bordi.
O‘zbekiston Respublikasining davlat madhiyasi ijro etildi.
Yangilangan Konstitutsiyamizning 94-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodini ko‘rib chiqish va ma’qullash Oliy Majlis Qonunchilik palatasining mutlaq vakolatlariga kiradi. 118-moddaga ko‘ra, Bosh vazir nomzodi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan taqdim etiladi.
Shu munosabat bilan majlisda Prezident Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi.
– Mamlakatimiz o‘z oldiga qo‘ygan strategik va joriy vazifalarni amalga oshirishda, barcha bo‘g‘indagi ijro organlari, avvalo, hukumat va uning rahbari zimmasidagi mas’uliyat hozirgi murakkab zamonda har qachongidan ham ortib bormoqda. Xalqimiz bugun yangi hukumatdan aniq natijalarni kutmoqda, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlatimiz rahbari, avvalo, o‘tgan besh yildagi dasturlar ijrosiga to‘xtalib o‘tdi. Bu davrda mamlakatimiz iqtisodiyoti 2 karra o‘sib, 100 milliard dollarlik tarixiy marradan oshdi. Aholi jon boshiga daromad 3 ming dollarga yetishi kutilmoqda.
Eksport qariyb 2 barobar o‘sib, ilk bor 25 milliard dollardan, oltin-valyuta zaxiralari esa 40 milliard dollardan oshdi. O‘zlashtirilgan xorijiy investitsiyalar hajmi 6 karra ko‘payib, buning hisobiga 1,5 millionta yuqori daromadli ish o‘rinlari yaratildi.
So‘nggi uch yilda umumiy quvvati 2,4 gigavatt bo‘lgan 9 ta yirik quyosh va shamol stansiyalari ishga tushirildi. Muqobil energiya ulushi o‘tgan yilga nisbatan 2 barobar ko‘paydi.
Maktabgacha ta’limda qamrov 74 foizdan, oliy ta’limda esa 39 foizdan oshdi. Barcha hududlarda “Inson markazlari” ochilib, ijtimoiy xodimlar tomonidan bevosita mahallalarda aholiga 100 dan ortiq ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida mamlakatimiz yalpi ichki mahsuloti hajmini 160 milliard dollarga yetkazish maqsad qilib qo‘yilgan edi. Barcha imkoniyatlar ishga solingani tufayli bu ko‘rsatkich joriy yilning o‘zida 110 milliard dollarga yetishi kutilmoqda.
Shunday sur’at jadal davom ettirilsa, 2030-yilga borib, mamlakatimiz iqtisodiyoti hajmini 200 milliard dollarga yetkazish salohiyati borligi ta’kidlandi. Bu aholining turmush darajasi va sifatini keskin yaxshilashga asos bo‘ladi.
Xususan, aholi jon boshiga daromadlarni 5 ming dollardan oshirish, kambag‘allik darajasini 5 foizga tushirib, ehtiyojmand aholi uchun mustahkam ijtimoiy sug‘urta tizimini joriy etish, tibbiyotga ajratilayotgan mablag‘larni 2 barobar ko‘paytirib, tibbiy sug‘urta tizimiga o‘tish va kafolatlangan tibbiy xizmatlar bilan to‘liq qamrovni ta’minlash, yiliga 150 ming kvartirali yangi zamonaviy uy-joylarni barpo etish imkoniyati yaratiladi.
Davlatimiz rahbari bu boradagi eng muhim yo‘nalishlarga e’tibor qaratdi.
Birinchidan, makroiqtisodiy muvozanatni saqlab, kelgusi besh yilda iqtisodiy o‘sish sur’atini 6-7 foiz atrofida ta’minlash zarur. Bunda inflyatsiya darajasi 5-6 foiz, byudjet taqchilligi 3 foiz doirasida bo‘lishiga erishish, yillik kreditlash hajmini 30 milliard dollarga olib chiqish asosiy vazifa bo‘ladi.
Ikkinchidan, 2025-yilda 1 million aholini kambag‘allikdan chiqarish Vazirlar Mahkamasi iqtisodiy kompleksining asosiy vazifasi etib belgilanadi. Hukumat 2030-yilgacha ishsizlikni xalqaro e’tirof etilgan daraja – 5-6 foizdan oshirmaslik bo‘yicha dolzarb vazifalarni ham samarali hal etishi lozim.
Uchinchidan, iqtisodiyot va aholi daromadlarini o‘stirishda yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan sanoat tarmoqlariga alohida ahamiyat qaratish kerak. Vazirlar Mahkamasining investitsiya kompleksi kelgusi yilda, iqtisodiyotimiz uchun muhim bo‘lgan 300 dan ziyod yirik loyihani ishga tushirishi zarur. Iqtisodiyotni energiya resurslari bilan ishonchli ta’minlash va energiya samaradorligini 2 karra oshirish ham muhim masala.
To‘rtinchidan, kelgusi besh yilda iqtisodiyotning xususiy sektordagi ulushini 85 foizga yetkazish ham asosiy vazifalardan biridir. Bu borada 2 mingta korxonada davlat ulushini, 5 mingdan ziyod ko‘chmas mulk obyektini sotish, 16 ta yirik majmua aksiyalarini “IPO”ga chiqarish talab etiladi. Hukumat 30 milliard dollarlik xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirishni ta’minlashi kerak.
Beshinchidan, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash eng dolzarb vazifa bo‘lib qoladi. Hukumat bu sohadagi dasturlar ijrosini ta’minlab, qishloq xo‘jaligida ishlab chiqarishni 1,3 barobar oshirish, har gektar yerdan olinadigan o‘rtacha daromadni 5 ming dollarga yetkazishi zarur.
Ta’lim sifatini oshirish, sog‘liqni saqlash va sportni rivojlantirish, ijtimoiy xizmatlarni yaxshilash vazifalari ham ko‘rsatib o‘tildi.
Prezidentimiz bu maqsadlarga erishish uchun hukumat bilan parlament hamkorligi muhim ekanini ta’kidladi.
Avvalambor, ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini odamlarga yanada yaqinlashtirish lozim. Qonunlar ijrosi Oliy Majlis palatalarining tegishli qo‘mitasi va mas’ul ijro etuvchi organ bilan birgalikda o‘rganib borilishi kerak.
Hukumat, vazirlik va idoralar, hududlar rahbarlari deputatlar tomonidan joylarda aniqlangan muammolarni hal etishda quyi palata qo‘mitalari bilan tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishlari lozim. Shu bois turli sohalarda nazoratni ta’minlovchi davlat inspeksiyalarning hisobotlarini Qonunchilik palatasi qo‘mitalarida muhokama qilib borish bo‘yicha yangi tizimni joriy etish tashabbusi ilgari surildi.
Parlament nazorati – bu avvalo “xalq nazorati, xalq so‘rovi” ekani ta’kidlandi. Bu borada barcha rahbarlar mas’uliyat va javobgarlikni to‘liq his etishi lozimligi ko‘rsatib o‘tildi.
Davlatimiz rahbari xalqaro hamkorlik doirasini kengaytirish, yaqin qo‘shnilar bilan mintaqaviy hamkorlikni chuqurlashtirish masalalariga ham alohida to‘xtaldi. Shu maqsadda Tashqi siyosat konsepsiyasini yangi tahrirda qabul qilish zarurligini aytdi.
Markaziy Osiyo mamlakatlari hamda boshqa yetakchi hamkor davlatlar, nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, moliya institutlari bilan samarali va tizimli aloqalarni yanada rivojlantirish doimo e’tibor markazida bo‘lishi qayd etildi.
Hozirgi tahlikali davrda davlatimizning mustaqilligi va suverenitetini, xalqimizning tinch va erkin hayotini himoya qilish eng muhim vazifa ekani ta’kidlandi. Shu bois Qurolli Kuchlarimizning jangovar va ma’naviy salohiyatini oshirishga e’tibor yanada kuchaytiriladi. Yoshlarni zamonaviy bilim va kasb egalari etib tarbiyalashga katta imkoniyatlar safarbar etiladi.
– Bugun faqat mana shunday ilg‘or yoshlarga, mana shunday jonkuyar ziyolilarga, Vatan ravnaqi yo‘lida birlashgan xalqqa ega bo‘lgan davlatgina o‘z milliy manfaatlarini ta’minlashga erisha oladi, – dedi mamlakatimiz yetakchisi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri lavozimiga Abdulla Aripov nomzodini taqdim etdi.
A.Aripov Vazirlar Mahkamasining yaqin muddatga va uzoq istiqbolga mo‘ljallangan Harakat dasturini bayon qildi.
Mazkur nomzod va dastur muhokamasi yuzasidan siyosiy partiyalar fraksiya rahbarlari hamda deputatlar o‘z fikrlarini bildirdi.
Yashirin ovoz berish natijasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri lavozimiga Abdulla Aripov nomzodi ma’qullandi. Bu bo‘yicha Oliy Majlis Qonunchilik palatasining qarori qabul qilindi.
Majlis yakunida kelgusi yilgi ustuvor yo‘nalish ham muhokama qilindi.
Shavkat Mirziyoyev 2025-yilni yurtimizda “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” deb e’lon qilishni taklif etdi. Bu boradagi muhim vazifalar ko‘rsatib o‘tildi.
– Bugun xalqimiz bilan yurtimiz taraqqiyotidagi butunlay yangi davrga qadam qo‘ymoqdamiz. Ishonchim komil, bu – Yangi O‘zbekistonimiz jadal rivojlanadigan, yanada yuksak taraqqiyot cho‘qqilarini zabt etadigan davr bo‘ladi. Bu davr parlament va hukumat faoliyatida yangicha ishlash, xalqimizga sadoqat bilan xizmat qilish bo‘yicha ibratli an’analar shakllanadigan va tarixga muhrlanadigan davr bo‘ladi, – dedi Prezident so‘zining yakunida.