Prezidentimiz yangi Zamonaviy sanʼat markaziga tashrif buyurdi

04 Sen 2026

Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahridagi yangi Zamonaviy sanʼat markaziga tashrif buyurib, bu yerda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

Zamonaviy sanʼat markazi – Oʻzbekiston Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasining yetakchi loyihalaridan biri. Uning barpo etilishi davlatimiz rahbarining tashabbusi, mamlakatimizda madaniyatni rivojlantirish, ijodiy muhitni qoʻllab-quvvatlash va xalqaro madaniy hamkorlikni kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan izchil ishlar samarasidir.

Davlatimiz rahbari xalqimizning boy madaniy merosi va shonli tarixi butun dunyoda haqli ravishda katta qiziqish uygʻotishini qayd etdi. Soʻnggi yillarda yurtimizda ushbu bebaho boylikni tiklash, asrab-avaylash va keng targʻib qilish boʻyicha tizimli ishlar yoʻlga qoʻyildi.

Shu bilan birga, Prezidentimiz zamonaviy sanʼatni ham izchil rivojlantirish muhimligini taʼkidladi. Zamonaviy sanʼat bugungi avlodning dunyoqarashi, ijodiy izlanishlari va bunyodkorlik salohiyatini namoyon etib, jahon hamjamiyati bilan madaniy muloqotni kengaytirish, Yangi Oʻzbekistonning madaniy qiyofasini yanada mustahkamlash uchun muhim imkoniyatlar yaratadi.

Shu nuqtayi nazardan, yangi Zamonaviy sanʼat markazi ijodkorlar, kuratorlar, tadqiqotchilar va yoshlar uchun ochiq maydonga, mamlakatimiz va xorijdagi zamonaviy sanʼat ustalarini oʻziga jalb etadigan maskanga aylanishi lozim. Bu yerda Oʻzbekistonning bugungi madaniy salohiyatini xalqaro maydonda namoyon etadigan yangi gʻoyalar, professional aloqalar va loyihalar shakllanishi muhim.

Ushbu markaz Oʻzbekistonda zamonaviy sanʼatga ixtisoslashgan birinchi davlat muassasasidir. Shu bilan birga, u Markaziy Osiyoda koʻrgazma, taʼlim, tadqiqot va maʼrifiy faoliyatni birlashtirgan bunday koʻlamdagi ilk madaniy majmua hisoblanadi.

Yangi markaz 1912-yilda meʼmor Vilgelm Geynselman loyihasi asosida barpo etilgan tarixiy binoda joylashgan. Dastlab bu yerda tramvay deposi boʻlgan, keyinchalik binodan dizel elektr stansiyasi sifatida foydalanilgan.

Binoni restavratsiya qilish boʻyicha meʼmoriy konsepsiya Fransiyaning “Studio KO” byurosi tomonidan ishlab chiqilgan. Yangilash jarayonida obyektning tarixiy qiyofasi va sanoat meʼmorchiligiga xos xususiyatlari saqlab qolindi. Ayni paytda bino zamonaviy madaniy maskan talablariga moslashtirildi.

Prezidentimiz koʻrgazma va taʼlim maydonlari, jamoat hududlarini koʻzdan kechirdi. Majmuada uchrashuvlar va ommaviy dasturlar uchun maydonlar, konsept-doʻkon hamda restoran tashkil etilgan. Keng jamoatchilik uchun ochiq ixtisoslashtirilgan kutubxona va tadqiqot arxivida sanʼat, vizual madaniyat va tanqidiy nazariyaga oid adabiyotlar hamda materiallar jamlangan.

Markazda koʻrgazmalar, leksiyalar, ochiq suhbat va muhokamalar, film namoyishlari, konsertlar, performanslar, ijodiy ustaxonalar va art-rezidensiya dasturlari tashkil etiladi. Ushbu dasturlar mahalliy ijodkorlar, kuratorlar, tadqiqotchilar va yosh mutaxassislarni qoʻllab-quvvatlash, yangi kasbiy amaliyotlarni joriy etish hamda keng jamoatchilikning zamonaviy sanʼatdan bahramand boʻlishi uchun imkoniyatlarni kengaytirishga qaratilgan.

Markazning doimiy faoliyat yuritadigan ijodiy va kasbiy muhitga aylanishi alohida ahamiyatga ega. Bu yerda yosh ijodkorlar oʻz loyihalarini taqdim etadi, tadqiqotchilar manbalar va arxiv materiallari bilan ishlaydi, keng jamoatchilik esa taʼlim dasturlari, madaniy-maʼrifiy tadbirlar va ijodiy hamjamiyat bilan bevosita muloqot orqali zamonaviy sanʼat bilan yaqindan tanishadi.

Bunday infratuzilma mamlakatimizda yoshlarning intellektual va ijodiy salohiyatini roʻyobga chiqarish, kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish, gumanitar taʼlim sifatini oshirish hamda xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan madaniyat sohasidagi davlat siyosati vazifalariga toʻla mos keladi.

Majmua oʻz faoliyatini Hikmah (“Hikmat”) nomli ilk xalqaro koʻrgazma bilan boshlaydi. Koʻrgazma bilim, maʼnaviy meros va madaniy xotira mavzulariga, shuningdek, tarixiy anʼanalar bilan zamonaviy sanʼat oʻrtasidagi bogʻliqlikka bagʻishlangan.

Koʻrgazma ekspozitsiyasidan taniqli rassomlarning 11 ta asari, jumladan, loyiha uchun maxsus yaratilgan ishlar oʻrin oladi. Oʻzbekistonda ilk bor Nyu-Yorkdagi Solomon R. Guggenxaym muzeyi toʻplamidagi installyatsiya namoyish etilishi alohida eʼtiborga molik.

Markaz xorijdagi yetakchi madaniy muassasalar bilan hamkorlikni rivojlantirmoqda. AQShdagi Guggenxaym muzeyi va Osiyo sanʼati milliy muzeyi, Buyuk Britaniyaning “Tate” va “Delfina Foundation” tashkilotlari, Fransiyaning Pompidu markazi hamda Koreya Sanʼat kengashi shular jumlasidan.

Davlatimiz rahbariga markazning kelgusidagi koʻrgazma, taʼlim va tadqiqot dasturlari haqida maʼlumot berildi. Yangi maskan professional muhitni rivojlantirish, oʻzbekistonlik ijodkorlarini xalqaro maydonda keng tanitish va yurtimizning xorijiy davlatlar bilan madaniy aloqalarini mustahkamlashga xizmat qilishi taʼkidlandi.

Prezidentimiz markazni ijodkor yoshlar, professional hamjamiyat va keng jamoatchilik uchun ochiq, jonli ijodiy makonga aylantirish zarurligini taʼkidladi. Xalqaro aloqalarni kengaytirish, yurtimizga zamonaviy sanʼatning taniqli namoyandalarini jalb etish hamda mahalliy ijodkorlarning yangi loyihalarini qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratildi.

Loyiha madaniy diplomatiyani mustahkamlash, poytaxtning zamonaviy qiyofasini shakllantirish hamda Yangi Oʻzbekistonni boy merosga ega, shu bilan birga, zamonaviy gʻoyalar, ijodiy izlanishlar va xalqaro muloqotga ochiq mamlakat sifatida yanada keng namoyon etishga xizmat qiladi.

Markazning rasmiy ochilishi 6-sentabrga rejalashtirilgan.

Related