Surxondaryoda tadbirkorlik uchun keng imkoniyatlar ochiladi

22 Noy 2024

Prezident Shavkat Mirziyoyev 22-noyabr kuni Surxondaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, investitsiya va tadbirkorlik muhitini yanada yaxshilash chora-tadbirlari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.

Hududlarni rivojlantirishga qaratilgan tizimli ishlar natijasida bu vohada ham keng imkoniyatlar ochilmoqda. Kelgusi yilda Surxondaryoga 2 milliard dollar investitsiya jalb etish, 425 ming aholini band qilish va eksportni 320 million dollarga yetkazish reja qilingan.

Masalan, “Ayritom” xalqaro savdo zonasida bir oyda o‘rtacha 5 million dollarlik mahsulot sotilayapti. Uning hududi 150 gektarga kengaytirilsa, yana 250 million dollarlik loyihalarga joy bo‘ladi.

Xitoylik investorlar Bobotog‘ hududidagi mis va kumush konlariga 2,7 milliard dollar investitsiya kiritib, 2 ming ish o‘rni yaratishni taklif qilayapti. Buning natijasida yiliga 600 million dollarlik tayyor mahsulot eksport qilish imkoniyati yaratiladi.

Sherobodning Vandob va Chorbog‘ hududlari esa volfram, ko‘mir, osh tuzi, kvars qumi kabi tabiiy resurslar zaxirasiga boy. Bu konlarga 320 million dollar investitsiya jalb qilib, 1,5 ming ish o‘rni yaratish mo‘ljallangan. Bandixon tumanidagi 50 gektar maydonda Termiz erkin iqtisodiy zonasining filialini ochish rejalashtirilgan.

Qishloq xo‘jaligida ham ishga solinmagan imkoniyatlar ko‘p. Masalan, Boysun va Uzun tumanlari tabiati kavrak yetishtirish uchun qulay. 18 ming gektar yaylov va o‘rmon yerlari shu maqsadda aholiga berilsa, 4 ming odamning bandligi ta’minlanadi. Uzun, Sho‘rchi va Qumqo‘rg‘ondagi xuddi shunday yaylovlarda qo‘ychilik va qoramolchilik majmuasi tashkil etish mumkin.

Muzrabotdagi 17 ta kollektorda yig‘iladigan suv qariyb 4 ming gektarda sholi yetishtirish imkonini beradi. Bu orqali yiliga 8,5 ming tonna guruch olinadi, 400 nafar odam doimiy, yana 4,5 ming nafari mavsumiy ish bilan band bo‘ladi.

Qiziriq tumanida 300 gektarda issiqxona, Oltinsoyda 1 ming gektarda uzumzor tashkil etib, bozorbop mahsulotlar yetishtirish ham yaxshi iqtisodiy samara beradi.

Sangardak, Omonxona, Boysun hududida turizm sharoitlarini yaxshilab, kamida 1 million sayyohni jalb qilish bo‘yicha dastur ishlab chiqiladi.

Yig‘ilishda Surxondaryo viloyati hokimi shu kabi imkoniyatlarni ishga solish bo‘yicha rejalarni taqdimot qildi.

Davlatimiz rahbari tadbirkorlik tashabbuslarini amalga oshirish, konlar negizida tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish, savdo va xizmatlarni rivojlantirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Dehqonchilik uchun ajratilayotgan har bir maydon aholi bandligi va oziq-ovqat xavfsizligiga xizmat qilishi kerakligi ta’kidlandi.

Related