Raqamli kun tartibidan amaliy hamkorlikka
Turkiy davlatlar tashkilotining amaldagi a’zolari Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya va O‘zbekistondan iborat. Turkmaniston esa tashkilotda kuzatuvchi maqomida ishtirok etadi. Tashkilot har yili davlat rahbarlari sammitlarini o‘tkazib, erishilgan natijalarni ko‘rib chiqish va keyingi davr uchun hamkorlik yo‘nalishlarini belgilash mexanizmini shakllantirgan.
2026-yil 15-may kuni Turkiston shahrida o‘tkazilgan TDTning norasmiy sammiti ham ushbu jarayonda raqamli texnologiyalarning tobora ortib borayotgan ahamiyatini namoyon etdi. “Sun’iy intellekt va raqamli rivojlanish” mavzusidagi uchrashuvda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev sun’iy intellekt sohasida strategik hamkorlik tarmog‘ini shakllantirish, bulutli va kvant hisoblash texnologiyalarini rivojlantirish hamda yagona raqamli makon yaratish bo‘yicha tashabbuslarni ilgari surdi.
Davlat rahbari, shuningdek, mintaqadagi ma’lumotlar markazlarini yuqori tezlikdagi aloqa kanallari bilan bog‘lashga qaratilgan “Raqamli turkiy koridor konsepsiyasi”ni ishlab chiqish va Toshkent shahrida TDT a’zo davlatlari ishtirokida Texnologiyalar forumini o‘tkazishni taklif etdi. Mazkur tashabbuslar raqamli infratuzilmani alohida davlatlar doirasidagi loyihalardan mintaqaviy hamkorlik darajasiga olib chiqish masalasini kun tartibiga qo‘ydi.
Shu nuqtai nazardan, Anqaradagi sammit oldidan TDT makonidagi mavjud ikki tomonlama aloqalar raqamli kun tartibining amaliy asoslarini tashkil etmoqda. Bugungi hamkorlikning o‘ziga xos jihati shundaki, u faqat kelishuvlar va uchrashuvlar bilan cheklanmay, kompaniyalar, eksport, investitsiya, texnologik infratuzilma va mutaxassislar darajasida ham namoyon bo‘lmoqda.
IT eksporti va kapital harakati: hamkorlikning iqtisodiy o‘lchovi
O‘zbekistonning TDT davlatlari bilan raqamli iqtisodiyot yo‘nalishidagi aloqalarini IT Park Uzbekistan faoliyati misolida ham kuzatish mumkin.
Qozog‘iston bilan hamkorlik ayniqsa keng ko‘lamli ko‘rsatkichlar bilan ajralib turadi. 2026-yil 6 oylik yakunlariga ko‘ra, Qozog‘iston kapitali ishtirokidagi 79 ta korxona IT Park Uzbekistan rezidenti sifatida faoliyat yuritgan. Ushbu kompaniyalar tomonidan 6 oyda 3,1 mln AQSh dollari miqdorida eksport xizmatlari ko‘rsatilgan va 1 409 ta ish o‘rni yaratilgan. Shu davrda O‘zbekistondan Qozog‘istonga IT-xizmatlar eksport qiluvchi kompaniyalar soni 114 tani, eksport hajmi esa 8,2 mln dollarni tashkil etgan. Ularda 2 299 kishi faoliyat yuritgan.
Bu hamkorlik faqat ikki tomonlama eksport ko‘rsatkichlari bilan cheklanmaydi. 2024-yildan boshlab Central Asian Innovation Hubs hamkorligi doirasida Markaziy Osiyo startaplarini xalqaro bozorlarga olib chiqish mexanizmlari shakllana boshladi. Qozog‘istonning Astana Hub markazi va O‘zbekistonning IT Park Uzbekistan o‘rtasidagi aloqalar doirasida startaplar xalqaro akseleratsiya dasturlarida, investitsiya tadbirlarida va xorijiy bozorlarni egallashga qaratilgan loyihalarda ishtirok etmoqda.
Ozarbayjon bilan raqamli iqtisodiyotdagi hamkorlik ham izchil kengaymoqda. 2026-yil birinchi yarim yilligi bo‘yicha dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Ozarbayjon kapitali ishtirokidagi IT Park rezidentlari soni 16 taga yetgan. Ushbu kompaniyalar tomonidan 6 oyda 2,6 mln AQSh dollari miqdorida eksport xizmatlari ko‘rsatilgan va 137 ta ish o‘rni yaratilgan. O‘z navbatida, Ozarbayjon bozoriga xizmatlar eksport qiluvchi rezident kompaniyalar soni 19 tani tashkil etib, eksport hajmi 1 282,7 ming AQSh dollariga yetgan.
Qirg‘iziston bilan ham IT va raqamli xizmatlar sohasidagi aloqalar sezilarli sur’atlarda rivojlanmoqda. 2026-yil birinchi yarim yilligi yakunlariga ko‘ra, Qirg‘iziston kapitali ishtirokidagi 28 ta korxona IT Park rezidenti sifatida faoliyat yuritgan. Ular tomonidan 974 ming dollar miqdorida eksport xizmatlari ko‘rsatilgan va 255 ta ish o‘rni yaratilgan. Shu davrda O‘zbekistondan Qirg‘iziston Respublikasiga IT-xizmatlar eksport qiluvchi kompaniyalar soni 39 taga, eksport hajmi esa 3,3 mln dollarga yetgan. Ushbu kompaniyalarda 1939 xodim mehnat qilgan.
Mazkur ko‘rsatkichlar turkiy davlatlar bilan raqamli hamkorlikda iqtisodiy mazmun tobora kuchayib borayotganini ko‘rsatadi. IT xizmatlari eksporti, mahalliy bozorlar bilan ishlash, xorijiy kapital ishtirokidagi kompaniyalar va yangi ish o‘rinlari bir-birini to‘ldiruvchi jarayonlar sifatida shakllanmoqda.
Startaplar va venchur kapital: umumiy texnologik makon uchun yangi mexanizmlar
Raqamli hamkorlikning yana bir muhim yo‘nalishi — startap ekotizimlarini o‘zaro bog‘lash va venchur kapital uchun umumiy imkoniyatlarni kengaytirishdir.
2023-yilda O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston texnologik ekotizimlari vakillari “Central Asia’s Emerging Digital Market” mavzusida muloqot o‘tkazgan edi. Unda Markaziy Osiyoni alohida milliy bozorlar yig‘indisi sifatida emas, balki global investorlar uchun yagona texnologik makon sifatida rivojlantirish g‘oyasi ilgari surildi. Keyingi yillarda ushbu yondashuv startaplar uchun mintaqaviy akseleratsiya va eksport mexanizmlarining paydo bo‘lishi bilan to‘ldirildi.
O‘zbekistonda Qozog‘istonning venchur fondlari faoliyatining kengayishi ham ushbu jarayonning amaliy ko‘rinishlaridan biridir. 2025-yilda “Big Sky Capital” fondi O‘zbekistonda faoliyat boshlagan, “White Hill Capital” esa IT Park Ventures fondi tomonidan xalqaro venchur fondlar qatorida tanlangan. Tomonlar teng ulush asosida qo‘shma investitsiya tuzilmasini shakllantirish bo‘yicha ish olib bormoqda.
2026-yil may oyida Turkiston shahrida bo‘lib o‘tgan TDT norasmiy sammitida O‘zbekiston Prezidenti yoshlarning istiqbolli startaplari, innovatsion ishlanmalari va sun’iy intellektga asoslangan yechimlarini moliyalashtirish uchun O‘zbekiston va Qozog‘iston tomonidan tashkil etilayotgan Qo‘shma venchur jamg‘armasiga Tashkilotga a’zo davlatlarni qo‘shilishga chaqirdi. Bu tashabbus milliy startap ekotizimlarini bir-biridan alohida rivojlantirishdan ko‘ra, ularni kapital, ekspertiza va bozorlar orqali o‘zaro bog‘lashga qaratilgan yondashuvni anglatadi.
Toshkentda “ICT Week Uzbekistan 2026” doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Turkiy davlatlar tashkilotining (TDT) birinchi Texnologiyalar forumi bo‘lib o‘tdi. TDTga a’zo davlatlar ishtirokida Toshkentda Texnologiyalar forumini o‘tkazish tashabbusi davlat rahbari tomonidan 2026-yil may oyida Turkistonda bo‘lib o‘tgan TDT norasmiy sammitida ilgari surilgan edi. Forum O‘zbekiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turkiyaning yetakchi texnologik parklari va innovatsiyalar agentliklari vakillarini birlashtirdi.
Forum doirasida IT Park Uzbekistan, Ozarbayjon Innovatsiyalar va raqamli rivojlanish agentligi, Astana Hub, Qirg‘iz Respublikasi High Technology Park hamda Bilişim Vadisi o‘rtasida memorandum imzolandi.
Hujjat Turkiy davlatlar texnologik va innovatsion ekotizimlari o‘rtasidagi hamkorlikni tizimli ravishda rivojlantirishga qaratilgan. Memorandumga ko‘ra, OTS Technology Forum har yili TDTga a’zo davlatlardan birida navbatma-navbat o‘tkaziladi, texnoparklar va innovatsion tashkilotlar rahbarlari esa hamkorlik natijalari va yangi qo‘shma tashabbuslarni muhokama qilish uchun muntazam uchrashib boradi.
Qolaversa, Forum doirasida IT Park Ventures hamda Bilişim Vadisi O‘zbekiston va Turkiyaning startap va investitsiya ekotizimlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan hamkorlik memorandumini imzoladi.
Hamkorlikning asosiy yo‘nalishlaridan biri istiqbolli startaplar va investitsiya imkoniyatlari almashinuvi, shuningdek, potensial bitimlarni birgalikda ko‘rib chiqish, investorlarni jalb etish hamda texnologik kompaniyalarning xalqaro bozorlarga chiqishi va kengayishini qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini rivojlantirishdan iborat bo‘ladi.
Raqamli davlat va telekommunikatsiya: hamkorlikning infratuzilmaviy qatlami
Turkiy davlatlar bilan raqamli hamkorlik IT-biznes bilan cheklanmaydi. Elektron hukumat, telekommunikatsiya, ma’lumot almashinuvi va davlat axborot tizimlari ham tobora muhim yo‘nalishga aylanmoqda.
Ozarbayjon bilan elektron hukumat yo‘nalishida Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazi va “ASAN” agentligi o‘rtasida hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, Ozarbayjonning “DOST” agentligiga ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi uchun mo‘ljallangan onlayn navbat xizmatini joriy etishda amaliy yordam ko‘rsatilgan.
Qozog‘iston bilan ham transchegaraviy ma’lumot almashinuvi va raqamli davlat xizmatlari bo‘yicha aloqalar rivojlanmoqda. 2025-yilda turizm sohasida ma’lumot almashish bo‘yicha boshlangan pilot loyiha doirasida O‘zbekiston, Qozog‘iston va Koreya o‘rtasidagi transchegaraviy ma’lumot almashuvining huquqiy va texnik asoslari ishlab chiqilgan. Keyingi bosqichlarda ushbu mexanizmni boshqa ustuvor yo‘nalishlarga kengaytirish va davlatlararo ma’lumot almashinuvi uchun yagona platforma yaratish rejalashtirilgan.
Telekommunikatsiya yo‘nalishida ham ikki tomonlama mexanizmlar shakllangan. Qozog‘iston bilan xalqaro aloqa kanallari orqali trafik almashinuvi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa, Qirg‘iziston bilan xalqaro internet tarmog‘iga ulanish, kanal ijarasi va xalqaro trafik almashinuvi bo‘yicha xizmatlar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Prezidenti Turkiston sammitidagi nutqida “E-Permit” elektron ruxsatnomalar tizimining O‘zbekiston va TDTga a’zo davlatlar o‘rtasida to‘liq ishga tushirilganini qayd etib, bojxona va tranzit tartib-taomillarini raqamlashtirish, ma’lumot almashuvini kengaytirish va logistika zanjirlarining samaradorligini oshirish bo‘yicha amaliy vazifalarni ilgari surgan edi.
Shunday qilib, raqamli transformatsiya TDT doirasida alohida texnologik loyihalardan iborat yo‘nalish emas, balki savdo, logistika, bojxona, davlat xizmatlari va telekommunikatsiya jarayonlarini bog‘laydigan infratuzilmaviy qatlam sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Turkiya va Turkmaniston bilan aloqalar: hamkorlikning boshqa yo‘nalishlari
Turkiya bilan raqamli hamkorlikda malaka oshirish va kadrlar tayyorlash masalalari alohida o‘rin tutadi. TIKA orqali O‘zbekistonda turli yo‘nalishlarda malaka oshirish va qisqa muddatli o‘quv kurslari amalga oshirilmoqda. Raqamli texnologiyalar, davlat axborot tizimlari, raqamli sog‘liqni saqlash va kiberxavfsizlik yo‘nalishlarida hamkorlikni yanada chuqurlashtirish bo‘yicha takliflar mavjud.
Bunday yondashuv raqamli iqtisodiyot uchun muhim bo‘lgan inson kapitali masalasini alohida kun tartibiga olib chiqadi. Texnologik ekotizimning barqaror rivojlanishi nafaqat infratuzilma va investitsiyalarga, balki malakali mutaxassislar tayyorlash, xalqaro tajriba almashish va yangi kompetensiyalarni shakllantirishga ham bog‘liq.
Turkmaniston esa TDTda kuzatuvchi davlat sifatida ishtirok etadi. O‘zbekiston bilan raqamli iqtisodiyot va telekommunikatsiya yo‘nalishlarida hamkorlik ham mavjud. 2026-yil I chorak yakunlariga ko‘ra, Turkmaniston kapitali ishtirokidagi 3 ta IT Park rezidenti faoliyat yuritgan. Shu bilan birga, “O‘zbektelekom” va Turkmanistondagi “Turkmantexnokurilishyk” o‘rtasida xalqaro telekommunikatsiya xizmatlari bo‘yicha shartnoma amal qiladi.
Anqara kun tartibi oldidan shakllangan amaliy poydevor
Bugungi manzara shuni ko‘rsatadiki, Turkiy davlatlar o‘rtasidagi raqamli hamkorlik alohida loyihalar yig‘indisidan asta-sekin tizimli ekotizimga aylanmoqda. Bu jarayonda bir tomondan IT xizmatlari eksporti, xorijiy kapital va startaplar o‘rtasidagi aloqalar kuchayib borayotgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan ma’lumot almashinuvi, elektron hukumat, logistika, telekommunikatsiya va kiberxavfsizlik kabi infratuzilmaviy yo‘nalishlar rivojlanmoqda.
2026-yil may oyidagi norasmiy sammitda O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar ham ushbu jarayonning keyingi bosqichini belgilab berdi. Sun’iy intellekt bo‘yicha strategik hamkorlik tarmog‘i, “Raqamli turkiy koridor konsepsiyasi”, Toshkentda Texnologiyalar forumini o‘tkazish, qo‘shma venchur moliyalashtirish mexanizmlarini kengaytirish, transchegaraviy ma’lumot almashinuvi va kiberxavfsizlik sohasidagi hamkorlik bo‘yicha takliflar raqamli kun tartibiga kengroq, mintaqaviy mazmun bermoqda.
Shu nuqtai nazardan, Anqarada o‘tkaziladigan Turkiy davlatlar tashkilotining 13-sammiti uchun mavjud ikki tomonlama tajriba muhim amaliy asos bo‘lib xizmat qiladi. Bugun O‘zbekistonning TDT davlatlari bilan raqamli aloqalari kompaniyalar va eksport geografiyasidan tortib, startap investitsiyalari, davlat xizmatlari, ma’lumot almashinuvi va raqamli infratuzilmagacha bo‘lgan keng doirani qamrab olmoqda.
Kelgusidagi asosiy vazifa esa ushbu aloqalarni bir-biridan alohida yo‘nalishlar sifatida emas, balki o‘zaro bog‘langan texnologik va iqtisodiy makon sifatida rivojlantirishdan iborat. Bunday modelda IT kompaniyalari uchun yangi bozorlar, startaplar uchun kapital va akseleratsiya imkoniyatlari, mutaxassislar uchun xalqaro tajriba, davlatlar uchun esa raqamli infratuzilma va ma’lumot almashinuvi bo‘yicha yangi mexanizmlar shakllanishi mumkin.
Anqara sammiti arafasidagi eng muhim jihat ham shunda: TDT doirasidagi raqamli hamkorlik endilikda faqat texnologiyalar haqida emas. U savdo va investitsiyadan tortib, inson kapitali, logistika, davlat boshqaruvi va mintaqaviy bog‘liqlikkacha bo‘lgan jarayonlarning raqamli o‘lchovini shakllantirmoqda. O‘zbekistonning so‘nggi yillarda to‘plagan ikki tomonlama tajribasi esa ushbu kun tartibining amaliy mazmunini belgilab berayotgan muhim omillardan biridir.