YANGI O‘ZBEKISTONDA INSON QADRI VA DINIY BAG‘RIKENGLIK

15 Noy 2026

Bugun O‘zbekistonda davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlar inson qadrini ulug‘lash, uning huquq va manfaatlarini ta’minlash, xalqimizning ma’naviy dunyosini boyitish hamda milliy va diniy qadriyatlarini asrab-avaylashga xizmat qilmoqda.

Mamlakatimizning yangilanish va taraqqiyot yo‘lida iqtisodiy va ijtimoiy o‘zgarishlar ilm-ma’rifat, vijdon erkinligi va diniy bag‘rikenglikni mustahkamlash bilan uzviy bog‘liq holda olib borilmoqda. Bu jarayonlar jamiyatda o‘zaro ishonch va hamjihatlikni yuksaltirish, fuqarolarning bunyodkorlik salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun muhim zamin yaratmoqda.

Erkin va farovon hayot, tinchlik va osoyishtalik, inson huquq va erkinliklari, vijdon erkinligi hamda diniy bag‘rikenglik Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining muhim asoslaridir. O‘z tariximiz, ona tilimiz va asriy qadriyatlarimizga ehtirom bilan munosabatda bo‘lish ana shu jarayonning ajralmas qismidir.

 

Inson qadri ulug‘langan yurt

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlarning bosh maqsadi insonning huquq va manfaatlarini ta’minlash, munosib hayot kechirishi uchun zarur sharoitlar yaratishga qaratilgan.

“Inson qadri uchun!” degan ezgu g‘oya davlat siyosatining markaziga chiqarildi. Fuqarolarning murojaatlari va kundalik hayotdagi ehtiyojlariga e’tibor kuchayib, muammolarni joyida hal etishga alohida ahamiyat berilmoqda.

Mamlakatimizda iqtisodiy va ijtimoiy islohotlar natijasida aholi turmush darajasi yaxshilanmoqda, zamonaviy uy-joylar qurilmoqda, ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlashning manzilli mexanizmlari joriy etilmoqda.

Bu jarayonlar diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlar bilan ham uzviy bog‘liq. Chunki inson qadrini ulug‘lash, uning e’tiqodiga hurmat bilan munosabatda bo‘lish, vijdon erkinligini ta’minlash va turli qarashlarga bag‘rikenglik bilan yondashish barqaror va adolatli jamiyatning muhim shartlaridir.

 

Vijdon erkinligining huquqiy kafolatlari

Mustaqillikning dastlabki yillaridanoq “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinib, vijdon erkinligini ta’minlashning huquqiy asoslari yaratildi. Keyinchalik mazkur qonun yangi tahrirda qabul qilinishi bilan bu kafolatlar zamon talablari asosida yanada takomillashtirildi.

 

Bugun mamlakatimizda vijdon erkinligi konstitutsiyaviy huquq sifatida mustahkam kafolatlangan. Diniy sohada davlat siyosatining huquqiy va institutsional asoslari takomillashtirilib, fuqarolar diniy ehtiyojlarini qonuniy va erkin amalga oshirishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda.

 

Ilm va ma’rifat taraqqiyot poydevori

O‘zbekistonning buyuk tarixida ilm-fan va ma’rifat doimo yuksak o‘rin tutgan. Birinchi va Ikkinchi Renessans davrida bashariyat tafakkuri xazinasini boyitgan buyuk allomalarimizning diniy-ma’rifiy merosi ana shu ulkan sivilizatsiyaning ajralmas qismidir.

Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Bahouddin Naqshband kabi ajdodlarimizning ilmiy-ma’naviy merosi xalqimizning bebaho boyligidir. Ularning asarlarida ilm, aql, ma’rifat, ezgulik, insonparvarlik, bag‘rikenglik va ma’naviy kamolot g‘oyalari mujassam.

Prezidentimiz tashabbusi bilan Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari tashkil etilgani, Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazi faoliyati yo‘lga qo‘yilgani ana shu bebaho merosni chuqur o‘rganish va keng targ‘ib etishga xizmat qilmoqda.

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining ochilishi esa bu yo‘nalishdagi ishlar yangi bosqichga ko‘tarilganining yana bir yorqin ifodasi bo‘ldi.

Samarqand zaminida Imom Buxoriy majmuasining qaytadan bunyod etilgani ham xalqimizning buyuk muhaddis merosiga yuksak ehtiromini ifodalaydi.

Bu dargohlar faqat ziyorat maskanlari emas. Ular ilm-ma’rifat, tarixiy xotira, milliy o‘zlik va ezgulik g‘oyalarini uyg‘unlashtiruvchi ma’naviy markazlar sifatida ham katta ahamiyatga ega.

 

Bilimli va ma’rifatli yoshlar kelajak bunyodkorlari

O‘zbekistonning yangi taraqqiyot bosqichida ta’lim, ilm-fan va ma’rifat hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda. Bilimli, mustaqil fikrlaydigan, yuksak ma’naviyatli avlodni tarbiyalash milliy yuksalishning muhim sharti sifatida qaralmoqda.

Shu bois bilim va malakani taraqqiyotimizning asosiy kapitaliga aylantirish ustuvor vazifa etib belgilangan. Bolalarni maktabga tayyorlash, ta’lim sifatini oshirish, yoshlarni zamonaviy kasblarga o‘qitish, oliy ta’lim va ilmiy izlanishlar uchun imkoniyatlarni kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Mazkur jarayonda yoshlarimizga milliy va diniy qadriyatlarning insonparvarlik mohiyatini to‘g‘ri anglatish, ularni ilm va ma’rifatga, vatanparvarlik va ezgulikka yo‘naltirish, turli buzg‘unchi g‘oyalardan asrash bugungi davrning muhim vazifalaridan biridir.

Ayniqsa, sun’iy intellekt, zamonaviy texnologiyalar va kreativ iqtisodiyot kabi sohalar jadal rivojlanayotgan bir paytda yosh avlodning raqamli dunyoda munosib o‘rin egallashi bilan birga ma’naviy ildizlariga, qadriyatlariga hamohang tarzda faoliyat yuritishi juda muhim. Zero, bilim, ma’naviyat va qadriyat uyg‘unligi barkamol insonning eng muhim belgisidir.

 

Bag‘rikenglik xalqimizning bebaho boyligi

O‘zbekiston azaldan turli millat va din vakillari tinch-totuv va hamjihat yashab kelgan zamindir. Bugun yurtimizda 130 dan ortiq millat va elat, 16 ta diniy konfessiya vakillari bir oila farzandlaridek ahil va inoq yashamoqda.

Notinchlik va qarama-qarshiliklar kuchayib borayotgan bugungi murakkab dunyoda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik xalqimizning bebaho boyligidir.

Diniy konfessiyalar vakillarining o‘z diniy an’ana va marosimlarini amalga oshirishi uchun zarur sharoitlar yaratilgani, konfessiyalararo muloqot va hamkorlik rivojlanib borayotgani yurtimizda qaror topgan bag‘rikenglik muhitining amaliy ifodasidir.

Yana bir muhim jihat shundaki, mamlakatimizda “Bag‘rikenglik haftaligi” tadbirlarini keng miqyosda o‘tkazish yaxshi an’anaga aylandi. Haftalik doirasida yurtimiz hududlarida tashkil etilayotgan ma’rifiy uchrashuvlar, ochiq muloqotlar, ilmiy-amaliy anjumanlar va madaniy tadbirlar turli millat va din vakillarini ezgu maqsadlar atrofida birlashtirmoqda. Ularda diniy konfessiyalar, jamoat tashkilotlari, ilm-fan va ta’lim sohasi vakillari hamda yoshlarning faol ishtiroki bag‘rikenglikning jamiyatimiz hayotidagi amaliy ifodasini namoyon etmoqda.

Bu tadbirlarning ahamiyati, avvalo, insonlar o‘rtasidagi o‘zaro hurmat va ishonchni mustahkamlash, turli din va madaniyatlarning insonparvarlik mohiyatini chuqurroq anglashga xizmat qilishida ko‘rinadi. Ayniqsa, yosh avlodni turli e’tiqod va qarashlarga hurmat ruhida tarbiyalash, muloqot madaniyatini rivojlantirish hamda tinch-totuv yashash mas’uliyatini anglatishda haftalik muhim ma’rifiy maydon bo‘lmoqda.

2023-yilda “Diniy bag‘rikenglik” ko‘krak nishoni ta’sis etilgani – bu qadriyatni rag‘batlantirishga e’tiborning yorqin namunasi. O‘tgan davr mobaynida jami
500 nafardan ortiq kishi ushbu mukofot bilan taqdirlandi. Ular orasida jamiyatimizda diniy bag‘rikenglik, millatlararo totuvlik, tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash yo‘lida samarali faoliyat yuritayotgan turli soha vakillari borligini alohida ta’kidlash lozim!

Ramazon va Qurbon hayiti kunlari rasmiy bayram sifatida nishonlanishi esa elimizning asriy diniy va milliy qadriyatlariga davlat darajasida yuksak ehtirom ko‘rsatilayotganini ko‘rsatadi.

Bu qutlug‘ ayyomlar mehr-oqibat, saxovat, kechirimlilik, hamjihatlik va insonparvarlik kabi fazilatlarni yanada yuksaltirishga xizmat qilmoqda.

 

Mehr-oqibat va insonparvarlik milliy qadriyatimiz

Inson qadrini ulug‘lash g‘oyasi jamiyatimizda mehr-oqibat va saxovat muhitini yanada kuchaytirmoqda. Ehtiyojmand aholi qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, muhtoj va bemor insonlarga yordam ko‘rsatish, nogironligi bo‘lgan shaxslar va ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga g‘amxo‘rlik qilish borasidagi ishlar tobora kengaymoqda.

Mamlakatimizning barcha hududlarida amalga oshirilayotgan xayriya va ko‘mak tadbirlari, mahallalarda oilalarning ehtiyojlarini o‘rganish va ularga manzilli yordam ko‘rsatish ishlari ijtimoiy hamjihatlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

O‘zbekistonda mahalla – fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish tizimi – nafaqat ijtimoiy hayotning muhim bo‘g‘ini, balki insonlar o‘rtasidagi mehr-oqibat, o‘zaro hurmat va hamjihatlikni mustahkamlaydigan ma’naviy maktab hamdir.

Mahallada turli millat vakillari, turli diniy qarashlarga ega insonlar bir oiladek yashaydi. Shu ma’noda, mahalla bag‘rikenglik va totuvlikning eng muhim hayotiy maktabidir.

 

Taraqqiyot kafolati

Inson qadri ulug‘langan, qonun ustuvor bo‘lgan va jamiyatda o‘zaro hurmat qaror topgan yurtda iqtisodiy taraqqiyot ham, ijtimoiy ishonch ham yuksaladi.

O‘zbekistonning ochiq, pragmatik va tinchlikparvar tashqi siyosati ana shu ezgu maqsadlarga xizmat qilmoqda.

Markaziy Osiyoda ahil qo‘shnichilik, strategik sheriklik va do‘stlik munosabatlarining yangi bosqichga ko‘tarilgani nafaqat mintaqaviy barqarorlik, balki xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va bag‘rikenglikni mustahkamlashga ham xizmat qilmoqda.

Jahonning turli mintaqalari bilan hamkorlik kengayishi, xalqaro nufuzi ortib borayotgani O‘zbekistonning tinchliksevar va konstruktiv davlat sifatidagi mavqeini yanada mustahkamlamoqda.

Biz uchun tinchlik shunchaki siyosiy tushuncha emas. Tinchlik insonning xotirjam hayoti, farzandlar kelajagi, oila farovonligi, ilm va ma’rifat ravnaqi, diniy e’tiqod erkinligi hamda jamiyat taraqqiyotining eng muhim shartidir.

O‘zbekistonning taraqqiyot tajribasi bir haqiqatni yaqqol ko‘rsatmoqda: xalq va davlat yagona maqsad yo‘lida birlashib, astoydil harakat qilsa, jamiyat hayotida barqaror va izchil o‘zgarishlarga erishish mumkin.

Yurtimizning tinchlik va do‘stlik diyori, bag‘rikeng o‘lka sifatidagi nufuzini yuksaltirish diniy-ma’rifiy soha uchun ham katta mas’uliyat yuklaydi.

Bag‘rikenglikni faqat qonunlar bilan emas, avvalo, insonlarning qalbi va ongida qaror toptirish zarur. Buning uchun ilm, ma’rifat, sog‘lom e’tiqod va o‘zaro hurmat muhitini yanada kuchaytirishimiz kerak.

Tinchlik va osoyishtalikni asrash, inson qadrini ulug‘lash, vijdon erkinligini ta’minlash, ilm-ma’rifatni yuksaltirish, yoshlarni ezgu maqsadlar sari yo‘naltirish, milliy va diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash, turli millat va konfessiya vakillari o‘rtasida o‘zaro hurmat va bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash yangi O‘zbekistonning yorug‘ kelajagini bunyod etish yo‘lidagi eng muhim vazifalarimizdir.

Sodiq TOSHBOYEV,

O‘zbekiston Respublikasi
Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi raisi

 

 

Related